Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

«Ayti» mutaxassisi: 2000 «ko‘ki»ni uydan chiqmay topish mumkin

IT-Woman loyihasining bu galgi qahramoni hali yosh bo‘lishiga qaramasdan ishsiz va moddiy mablag‘ga muhtoj ko‘plab ayollarni o‘zining IT loyihalari bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Ummatoy Yo‘ldosheva.

Ummatoy Yo‘ldosheva 1997-yil Navoiy shahrida tug‘ilgan.

2017-2021-yillar davomida Inha Universitetida «Dastur Injinering» bo‘yicha tahsil olgan.

2019-yilda Polshada bo‘lib o‘tgan «Perspecktiwy Women in Tech» sammitida qatnashish uchun grantga sazovor bo‘ldi.

2020-yilda O‘rta Osiyo liderlar maktabida ta’lim olgach, bu sohada yanada rivojlanish uchun Gruziyada malaka oshirish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

2020-yilda Mobil Dasturchi sifatida ish boshlagan va shu bilan birgalikda «Coozin» nomli loyihani ham boshqargan.

2021-yilda o‘z jamoasi bilan birgalikda «ALULASTRA» kompaniyasiga asos soldi. Hozirda AKFA Universitetida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritish barobarida GradUz loyihasini ham boshqarmoqda.

— Ummatoy, IT olamiga kirib kelishingiz o‘zi qanday bo‘lgan?

— Bolaligimdan matematika faniga qiziqqanman va tanlaydigan soham ham matematika bilan bevosita bog‘liq bo‘lishini istaganim bois litseyda ham aynan shu yo‘nalishda o‘qiy boshladim. Universitetga kirish vaqtida esa yoshlar orasida eng ommalashgan va bugungi kunda juda dolzarb bo‘lgan IT sohasini tanlashga qaror qilganman hamda qarorim xato bo‘lmaganligiga bugun ko‘p karra amin bo‘lyapman.

Ko‘pchilik IT — bu o‘g‘il bolalarning kasbi deyishadi, ammo, aksincha, bu soha ko‘proq qizlarga to‘g‘ri keladi. Chunki IT sohasining juda ko‘p tarmoqlari mavjud bo‘lib, IT mutaxassisi faqat kompyuterda kod yozadi, degani emas. Siz turli startaplar qilishingiz, jamoa tuzib, uni boshqarishingiz mumkin.

— Qiz bolasan, yaxshisi, shifokor yoki o‘qituvchi bo‘laqo, nima qilasan bu sohada, degan gaplarni ham eshitganmisiz?

— Ha, eshitganman. Ammo ota-onam, oila a’zolarim meni doim qo‘llab-quvvatlashgan. Albatta soha tanlayotganda ota-onalarning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi yoshlar uchun juda muhim. Fursatdan foydalanib, ularga o‘z minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman.

— IT sohasi qizlar uchun emas deb hisoblaydigan ota-onalarga nima degan bo‘lardingiz?

— Aziz ota-onalar, agar farzandlaringiz kelajakda yuqori mablag‘li ishda ishlashlarini, qizlaringizni uyda o‘tirib, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanib turib ham yaxshi pul topishini istasangiz va bir vaqtning o‘zida bir emas, bir nechta ishda charchamasdan ishlashlarini istasangiz, ularni IT sohasini tanlashlariga to‘sqinlik qilmang. IT sohasini bilgan odam zamon bilan hamnafas bo‘ladi va boshqa sohalarga ham osonlikcha kirib keta oladi. Bu yoshlar uchun juda muhim omillardan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

— Ilk loyihangiz keraksiz, ishlatilmaydigan va foydalanishga yaroqsiz buyumlardan daromad topishga qaratilgan ekan. Ayting-chi, bu loyihangizni qanchalik samarali amalga oshira oldingiz, u hozir ham bormi?

— Bu loyihamni talabalik yillarida kursdoshlarim bilan birga tashkil qilganmiz. Biz unda yosh startaperlar bo‘lganmiz, shunday bo‘lishiga qaramasdan loyihamiz dunyo miqyosida yuqori baholangan. Ammo moddiy muammolar sabab boshqa loyihalarga o‘tib ketganmiz.

— Kam ta’minlangan oila farzandlariga moddiy ko‘mak berish orqali fond yig‘gan holda yordam berishni ham yo‘lga qo‘ya oldingizmi?

— Bu loyihamiz hozir ham jarayonda, uning ustida bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Bu loyihani yuqori cho‘qqiga olib chiqish uchun, avvalo, xalqning ishonchini qozona olish kerak. Chunki hozirda yolg‘on axborotlar ko‘payib ketgan.

— Mana shunday loyihalarni jamoaviy tarzda amalga oshirish uchun necha kishi bo‘lib harakat qilasizlar?

— Jamoani shakllantirishda asosiy loyihaga qarab o‘zining talablari bo‘ladi. Misol uchun, loyiha IT bo‘yicha bo‘lsa, unga dasturchilar jalb qilinadi. Agar uning marketingini yo‘lga qo‘yishni istasak, marketologlar va SMM mutaxassislarini jamoamizga qo‘shamiz. Loyihani boshqarishda esa loyiha menejeri kerak bo‘ladi. Shunga qarab, jamoa 5-6 ta kishi bilan shakllanib boraveradi.

— 2020-yilda «Coozin» — ayollarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyiha ustida ish boshlagan ekansiz. Bu loyiha ayollarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan boshqa loyihalardan nimasi bilan farq qilardi?

— Boshqa loyihalarimda asosan IT sohasini o‘rgatishga e’tibor qaratganman. Ammo bu soha matematika va robototexnikaga bevosita aloqador bo‘lganligi bois, uni ayollarga masofadan o‘rgatish biroz qiyin kechdi. Shunda har bir uy bekasining yaxshi pazanda ekanligini inobatga olgan holda, ushbu loyihamga qo‘l urdim. Bunda ayollar o‘zlarining pazandalik mahoratlari orqali pul topishlari mumkin.

— Hozir o‘zi ko‘plab ayollar, qizlar shundoq ham uyda mustaqil ravishda fudblogerlik bilan shug‘ullanib bizneslarini instagram va telegram kanallari orqali targ‘ib qilishmoqda. Nima deb o‘ylaysiz alohida loyiha qilish qanchalik shart ekan?

— Bizning asosiy maqsadimiz ana shu fudblogerlarni bir platformaga jamlash bo‘lgan va ular loyiha yordamida bir-birlaridan bilmaganlarini o‘rganib ishlashmoqda va hozirda ham ayollar ushbu loyiha orqali kunlik daromadlarini topishmoqda.

— Ushbu loyiha doirasida qancha ayollarni ish bilan ta’minlay oldingiz?

— Bu loyiham orqali umumiy hisobda o‘rtacha 65 nafar ayollar ish bilan ta’minlandilar.

— Erkaklar, jumladan, o‘qishga kira olmay hayotda o‘z yo‘lini topa olmay qiynalayotgan yosh yigitlar uchun ham loyihalar yaratish haqida o‘ylab ko‘rmaganmisiz yoki o‘zingiz qiz bola bo‘lganingizga faqat ayollar muammolariga e’tibor qaratasizmi?

— Hozirda biz amalga oshirayotgan «GrandUz» loyihasi aynan talabalar uchun mo‘lajallangan platforma bo‘lib, ushbu yagona talabalar interaktiv portali orqali talabalar bemalol ish topish va joylashishdagi muammolarga yechim topishlari mumkin. Barchamizga ma’lumki, talabalarning aksariyati o‘qishni tamomlagach, ish topishga qiynaladilar. Bizning yangi loyihamiz esa nafaqat ana shunday talabalarga, balki o‘ziga munosib ish izlayotgan erkaklar uchun ham ayni muddao bo‘ladi.

— Hozirda qanday ishlar bilan bandsiz?

— Hozirda yuqorida aytgan loyihamdan tashqari ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash fondi ustida ishlamoqdaman va o‘z bilimlarimni boshqalarga ham o‘rtoqlashish maqsadida «AKFA» universitetida talabalarga dars beryapman.

— Bir necha yildan keyin kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan fayllarni, ma’lumotlarni qayerda saqlagan ma’qul (telegram, fleshka, kompyuter, elektron pochta va hk.)?

— Odatda fleshka, telegram va hokazolardan ko‘ra elektron pochta orqali google driveda saqlash anchayin ishonchliroq.

— Shu kunga qadar ushbu sohada qanday yutuqlarga erishdingiz...

— Faoliyatimni 2017-yilda boshlagan bo‘lsam, ilk grantimni 2019-yilda olganman. 2020-yilda pandemiya tufayli Xitoy davlatiga bora olmaganman, 2021-yilda esa Gruziya va Olmaotadagi konferensiyalarda qatnashib, malaka oshirib keldim.

— Baxt va omad formulangiz bormi? Sizningcha, inson o‘zini baxtiyor his qilishi uchun nima kerak?

— Menimcha, baxt va omadning asosiy formulasi — bu havas qilish. Chunki havasda gap ko‘p. Ba’zilar nega u erisha oladi, men emas deyishadi. Bunday xasad qilish noto‘g‘ri, eplagan qandini ursin!

— IT sohasini tanlamoqchi bo‘lgan qizlarga tavsiyalaringiz…

— IT sohasiga qadam qo‘yar ekansiz, avvalo, ingliz tilini o‘rganing. Chunki IT terminlarning aksariyati ingliz tilida. Qolaversa, ingliz tilini bilsangiz, shinamgina uyingizda, bir finjon qahva ichib, dunyoning istalgan yeridagi ishingizni masofadan turib boshqara olishingiz mumkin!

E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring