Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Pul topish uchun ishlashning o‘zi kamlik qiladi

Pul topish uchun ishlashning o‘zi kamlik qiladi

Foto: "Psychologies.ru"

Boylik, to‘kin va totuv hayot deyarli barcha intiladigan yo‘ldir. Lekin hamma jannatga kirishni xohlagan holda o‘lishni istamaganidek ba’zan insonlar ko‘p pul topishga harakat qilishlariga qaramay "Pul - qo‘lning kiri", "Pul birinchi o‘rinda emas", "Gap pulda emas" qabilida fikrlaydilar. Bunday munosabatlar bilan ong ostilarini pulsizlikka tayyorlaydilar. Yoki, kam pulga.

Inson ong ostini pullarni tortib oluvchi ohanraboga aylantirishi ham mumkin. Chunki ko‘p pul uchun cho‘ntak va karmoningizdan oldinroq ong osti tayyor bo‘lishi kerak. Bu uchun esa pulning tabiatini bilish, u bilan til topisha olish lozimdir.

Pul - harakatdagi jism. U dunyo bo‘ylab tinim bilmay aylanadi, har kuni muomalada. Shu jihatdan uning o‘zi ham harakatda bo‘lishni xohlaydi, chunki bunga o‘rgangan. Agar siz biror narsaga erishish maqsadida pulni faqat yig‘sangiz, u o‘z tabiatiga qarshi chiqadi va dangasa bo‘lib qoladi. Pulni kirim va chiqim bilan harakatlantirib turishingiz kerak. Masalan, maoshingizning 90 foizini yig‘sangiz, 10 foizini bo‘lsa ham ishlating. Pul yig‘ayotgan odam yemay-ichmay yurishi shart, degan qoida o‘zini oqlamaydi. Pul erkinlik istaydi, unga erkin sharoitni yaratib bering.

Kishilarda bepul aksiyalar va chegirmalarga qiziqish yuqori. Bepul va arzon ta’riflariga uchgani sari ong ostini kambag‘allikka tayyorlab qo‘yadi. Siz tekin va kamchiqim hayotni tanladingizmi, ong ostingiz sizni shu darajada oziqlantiradi. Bepullik va arzonlikka mos fikrlarni tug‘dirib beradi. Kimda kim o‘rinli xarajatlarga va sifatiga arzirli narxlarga ochiq bo‘lsa, butun vujudi bilan ular uchun zarur mablag‘ni topishga tayyor turadi va uddalaydi.

Boy bo‘lishning yana bir siri - o‘z pullarini sevish va ular bilan mashg‘ul bo‘lish. Birovning cho‘ntagidagi pulni hisob-kitob qilgan odamning ong osti o‘zi uchun ishlolmaydi va pul oqimini jalb etolmaydi. "Buni qanchaga olding?", "Namuncha qimmat? Pul topib aql topmabsan", "Ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang-chi", "Shu pulni boshqa narsaga ishlatsang bo‘lmasmidi?", "Oyliging qancha?". Mana bu kabi savollar o‘z egasining zarariga xizmat qiladi. E’tiborsiz qolgan pullaringiz sizni rashk qilib, tark etishidan ogoh turing. Hattoki o‘z juftingiz, farzandlaringizning daromadlari va xarajatlari sizni qiziqtirmasin. Yaxshisi siz o‘zingizning pullaringizni hisob-kitob qiling: Qancha topyapsiz? Qanchasini sarflayapsiz? To‘g‘ri sarflayapsizmi? Ajratgan mablag‘laringiz o‘zini oqlayaptimi? Yanada ko‘proq topish uchun qanday rejalaringiz bor? Shu savollar atrofida aylansangiz, boshqalarning pulini hisoblashga vaqtingiz ham qolmaydi.

Ayrimlar "pul guli", qurbaqa kabilarni pul chaqiruvchi omil deb ishonadilar. Yo‘q, pulni chaqiradigan ham, qochiradigan ham - fikrlar. Pul haqida ijobiy fikrlasangiz, u siz tomon qadam tashlaydi. Bordi-yu pul, boylik, moddiyatga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lsangiz, pul yetishmovchiligiga tayyor turing. Ijobiy fikr pulning kerakliligi va pokligiga ishonish, uni ishlatib dunyoga foyda keltirish mumkinligi, ehson qilib savob olish imkoniyatini qo‘lga kiritishni tushunishda ko‘rinadi. Salbiy fikrlar esa "Menga maosh muhim emas", "Boylar baxtsiz bo‘ladi", "Kambag‘allik aybmi?", "Pulning ketidan quvma" kabi iboralarda namoyon bo‘ladi.

Doimiy ravishda pulsizlikdan qiynalasiz va "Eshakdek ishlasam ham pulim yo‘q", deb noliysizmi? Bu yerda adolatsizlik mavjud emas, o‘zingiz o‘qigan hukmlar amal qilyapti, xolos. Ha, eshak qancha ishlasa ham maosh olmasligi aniq, siz esa o‘zingizga shu rolni ravo ko‘rdingiz, aslida sizga tegishli bo‘lgan oliy mavjudot hisoblanmish inson va mehnatiga yarasha haq oladigan kerakli kadr ekanligingizni anglolmadingiz. Yana qachonlardir "Pul - qo‘lning kiri" deb o‘qigan hukmingiz asoratida qo‘ldan kir bir zumda yuvilib yo‘q bo‘lganidek pullar sizni tezda tark etyapti.

"Hozirgi pullar bebaraka". Mana, sizni kambag‘allashtiradigan yana bir qolip. Shunday paytlar bo‘lganmi, eslab ko‘ring: cho‘ntagingizdagi so‘nggi chaqani tushirib qo‘ydingiz, arzon narsani bilmay qimmatga sotib olibsiz, o‘zi puldan qiynalib turganingizda pulingizni o‘g‘irlashdi, firibgarga chuv tushdingiz, karmoningiz taksida qolib ketdi va boshqa pul yo‘qotishlar... "Kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi", deya dunyo ko‘zingizga tor ko‘rinadi shunday paytlar. Yo‘q, bu voqealar saboq o‘laroq yuz beryapti, chunki sizda "pulim yetmasa-chi", degan xavotir bor edi. Bu ehtimol esa bor pulingizdan ham ayiradi. Pullarni minnatdorlik ila sarflash pul oqimiga ochiqlikni ta’minlaydi.

Yana ko‘pchilik "Yosh bolani pulga o‘rgatish kerak emas" stereotipi bilan yashaydi. Demak, bunday insonlarda ham pulga nisbatan salbiy tasavvur mavjud. Pulga tarbiyani buzuvchi omil, deb biladilar va undan xavfsiraydilar. Aslida bola ong ostini ham bo‘lajak milliarderlikka tayyorlash mumkin. Albatta, ustidan pul sochmaysiz yoki huda-behudaga qo‘liga tutqizib, pulni ko‘kka sovurishiga qo‘yib bermaysiz. Ammo muvaffaqiyatlari evaziga rag‘batlantirish maqsadida pul bilan siylash va yig‘ishga o‘rgatish foydali. Xatto "kopilka" yordamida giperaktivlik va enurez kuzatiladigan bolalarni davolash mumkin. Pulni tarqoq saqlash emas, bir idishchaga yig‘ish giperaktivlarga diqqatni jamlash, bir joyda o‘tirishni o‘rgatsa, enurezga chalinganlarda saqlash, tutish reflekslarini rivojlantiradi.

Demak, ko‘p pul topish uchun ko‘p ishlashning o‘zi kamlik qiladi. Yoqimsiz ta’riflar ila aytiladigan "eshakdek", "itdek" ishlash-ku, umuman shart emas. Insondek ishlab, insondek fikrlashni uddalasangiz bas, pulning o‘zi sizni topib keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring