O‘zini sevgan ayol seviladi

Inson borki, mehrga tashna. Ayniqsa, ayol kishi muhabbat og‘ushida yashashni xohlaydi. Nozik jins vakillari aynan e’tiborsizlik, sevilmaslikdan ko‘plab kasalliklarni orttirib olishadi. Bachadon bilan bog‘liq kasalliklarning psixosomatikasi ham kutish og‘riqlari, mehr tanqisligiga borib taqaladi.
Sevimli bo‘lishning siri nimada? Avvalo – ayolning o‘ziga nisbatan muhabbati. O‘zini sevolgan ayol atrofdan ham muhabbat qabul qilishga qodir va moyildir. Chunki hayot bumerang qonuni asosida qurilgan. O‘xshash narsalar tortiladi. Boshqacha aytganda: Har kim ekkanini o‘radi.
O‘zini sevish bir zumda hal bo‘ladigan masala emas. “Men o‘zimni sevaman”, degan bilan ish bitmaydi. Buni maqsad qilgan ayol, avvalo, o‘zini anglashi, baholashi, hurmatlashi va parvarishlashi lozim. Bu bosqichlarga amal qilmay sevish noto‘g‘ri sevishdir. O‘zini anglab, takomillashtiradigan nuqtalarni topish va ular ustida ishlash chin ma’nodagi sevgiga yo‘l beradi.
O‘zingizni sevmoqchimisiz? Unda baxtingizni o‘zgalarda ko‘rmang, sizni to‘ldiruvchi yo‘q, o‘z baxtli hayotingizga o‘zingiz mas’ulsiz. Kimningdir hozirgidan boshqacha bo‘lishi sizni baxtli qilib qo‘ymaydi, ularni o‘zgartirolmaysiz ham. O‘zgartirishingiz mumkin bo‘lgan yagona inson – o‘zingiz!
Boshqalar bilan solishtirish ham o‘ziga nisbatan muhabbatni yemiruvchi omillardan biridir. Hayot – imtihon, har kimga har xil savol berilgan, insonlar esa buni anglamagan holda birovning javobini ko‘chirishga urinadilar. Hayotni trafaret deb bilmang va taqdiringizga rozi bo‘ling. Bu o‘zingizni sevishingizda katta yordam beradi.
Sizga solishtirish yoqsa, o‘zingizni o‘zingiz bilan solishtiring. Hozir avvalgidan ko‘ra takomillashgandirsiz, balki. Bir yil oldin tarozida og‘irroq kelgani va bugungi kunda ideal vaznga egaligi, besh oy burun ruhiy tushkunlikda ekani, ayni damda kayfiyati a’loligi ayol uchun to‘g‘ri solishtiruvdir.
O‘ziga nisbatan muhabbatning turlari bir qancha: tanasini sevish, ruhiyatini sevish, ongini sevish. Tanasini sevgan ayol sog‘lom turmush kechiradi, to‘g‘ri ovqatlanadi, vaqtida tibbiy ko‘riklardan o‘tadi, o‘zida mavjud kasalliklarni davolashga e’tiborli bo‘ladi. Ruhiyatini sevish o‘z ustida ishlash, ijobiy fikrlarni ko‘paytirish, odamlarni kechira olish kabilarda namoyon bo‘ladi. Ongini sevish bekorchi ma’lumot va g‘iybatlardan yiroq bo‘lish, sifatsiz seriallarga mukkasidan ketmaslik, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikdan o‘zini tiyishdir. Muhabbatning bu uch turiga qalbidan joy ajratolgan ayol hayoti go‘zal bo‘lishiga ishonch yuqori.
Kimki o‘zini sevsa, fazilatlarini tan oladi va bu uchun o‘zini rag‘batlantira oladi. Rag‘batlantirish moddiy yoki ma’naviy ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. O‘zingizga atab biror sovg‘a tayyorlashingiz, hech bo‘lmasa o‘zingizni maqtab qo‘yishingiz rag‘bat vazifasini bajaradi va g‘alabalar bardavomligini ta’minlaydi.
Kutish – og‘riq. Hech qachon atrofdan, yaqinlaringizdan nimanidir kutmang. O‘zini sevuvchi ayol orzalariga o‘z kuchi bilan erishadi, ro‘yobini boshqalar gardaniga tashlab qo‘ymaydi.
O‘zini sevgan ayol muhabbat atiriga cho‘milgandek, go‘yo. U o‘zidan shunday ifor taratadiki, barcha samimiy tuyg‘ular u tomon yog‘ilib kelaveradi. Muhabbatli ayol baxt, omad, baraka, daromadga ochiq bo‘ladi.
Bilasizmi, o‘ziga nisbatan muhabbat tanqisligi erkaklardan ko‘ra ayollarda ko‘proq kuzatilar ekan. Kuchli jins vakillari romantikaga o‘ch emasdek ko‘ringanlari bilan o‘zlarini qadrlashni ayollarga qaraganda yaxshiroq uddalar ekanlar.
Depressiyadagi ayolga psixologning tavsiyasi bir: “O‘zingni sev!”. O‘zini oliy mavjudot sifatida anglagan, jamiyat va oiladagi o‘rnidan qoniqqan, ayollik, onalik, opalik, singillik, qizlik mavqeidan sevina olgan ayol o‘zini sevadi va bu orqali nafaqat a’lo kayfiyat, balki jiddiy kasalliklar profilaktikasini ta’minlagan bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter