Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Oqibat elektronlashib ketmoqdami yoki dangasalashib?

Oqibat elektronlashib ketmoqdami yoki dangasalashib?

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizni kuzatar ekansiz, siz bilan virtual muloqotdagi ayrim insonlardan kelayotgan tabriknomalarning haddan ziyodligini ko‘rasiz. “Birinchi qor”, “birinchi yomg‘ir”, “birinchi tuman”, “birinchi shamol” xullas, ularga qo‘yib bersangiz yilning 365 kunida tabriklash uchun sabab topadilar. “Dushanba tongi muborak” qabilida haftaning har bir kuniga tabrik bor. Juma kuni bu yanada avjiga minadi. Bir-birini Juma bilan tabriklayotganlar buning mohiyatini tushunarmikin o‘zi?

Albatta, o‘zaro shirin muomalada bo‘lish juda yaxshi, lekin ijtimoiy tarmoq faollarining bu xatti-harakatlarida bir misqol ham samimiylik yo‘q. Jimjimador tabriknomada bir og‘iz dil so‘zi mavjud emas, boisi ular tayyor tabriknomani qo‘lma-qo‘l qilish bilan bandlar. Agar har bir insonga o‘ziga xos tabrik, tilak yozilganida boshqa gap edi, ammo tarmoq foydalanuvchilari tomonidan andozaviy suratlar tarqatiladi, xolos.

Nazarimda, bu aslo oqibat, bir-biridan xabar olish emas, balki boshqa birovning vaqtiga, diqqatiga nisbatan hurmatsizlikdir. Shu yo‘l orqali qarindoshlari yoinki do‘stlari bilan doimiy aloqa niqobini kiyish esa o‘zini va o‘zgalarni aldashdan boshqa narsa emas.

Nafaqat tuturuqsiz tabriklar, balki bo‘lar-bo‘lmas video, foto, postlarni guruhlar va foydalanuvchilar bo‘ylab tarqatish aslida o‘sha odamning ruhiy holatidan xabar beradi. Bu ishga ruju qo‘yganlarning ichki olamida kemtiklar, shaxsiy hayotida hal qilinmagan muammolar bor, deya xulosalanish mumkin. Binobarin, ular qalbidagi bo‘shliqni shu orqali to‘ldirishga harakat qiladilar. Jamiyatda o‘rnini topolmagan inson shu jo‘n yumush orqali insonlar diqqatini jalb etish, ichki “men”lari ehtiyojini qondirishga intiladi.

Agar shunday tanishlarimiz bo‘lsa, ularga ruhiy dalda berishimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz, insonlar bilan samimiy munosabatlarga o‘rgatishimiz lozim. Bu odat o‘zida borligini aniqlaganlar esa ichki irodani ishga solishlari, o‘zlariga nisbatan ishonchni mustahkamlab, hayotga nekbin nigoh bilan qarashga o‘tishlari shart.

Umuman olganda, ijtimoiy odoblar borasida o‘rganishimiz kerak bo‘lgan qirralar talaygina. Bular arzimas ko‘ringani bilan kayfiyatimizga, ish unumdorligimizga ta’sir qilyaptimi, demak mushohada yuritishga munosib. Masalan, o‘zingiz ixtiyor etmagan va lozim topmagan holda guruhlarga a’zo bo‘lib qolishingizni olaylik. Hozir internetda biznes qiluvchi tadbirkorlar shunday oson usulga o‘tib oldi: “Guruhga odam qo‘sh”. Buning evaziga sovg‘a va’da qiladiganlar ham ancha ommalashdi. G‘oyibdan sovg‘aga uchganlar kontaktida bor odamlarni guruhga qo‘shishga tushib ketadi. Bu o‘z manfaati yo‘lida boshqalardan foydalanish-ku axir. Nega siz qaysidir tanishingiz sovg‘a olishi uchun biror bir guruhga a’zo bo‘lishingiz, unga diqqatingizni qaratib, vaqtingizni sarflashingiz kerak? Ularni sovg‘a sohibi deyish to‘g‘rimi yoki vaqt va diqqat o‘g‘rilarimi? Sahifangizda paydo bo‘lib qolgan guruh bilan tanishasiz va yoqmasa o‘chirib tashlaysiz, bu asnoda internet trafigingiz qanchadir miqdorda sarflanadi. Demak, moliyaviy dahl qilish ham bor.

To‘g‘ri, u foydali guruh bo‘lishi va sizga yoqishi ham mumkin. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham tasodifiy a’zolik – huquqingizning buzilishi bo‘lib qolaveradi. Kontaktingizdagi yaqiningiz avval siz bilan gaplashib, bu guruh haqida ma’lumot bersa, so‘ng sizni u yerga kiritish uchun ruhsat so‘rasa, rozi bo‘lganingizdan so‘nggina, sizni safga qo‘shsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo, afsuski, bu madaniyatga juda ozchilik rioya qiladi. Ular uchun maxsus funksiya – guruh havolasini jo‘natish bor. Mana, bu boshqa gap. Shaxsiy sahifangizga havolali manzil keladi, kirib ko‘rasiz, yoqsa – a’zo bo‘lasiz, yoqmasa – yo‘q. Lekin juda ko‘pchilik birinchi usuldan foydalanadi. Ya’ni, sizni guruhlarga zo‘rma zo‘raki tiqishtirishadi. Maqsad – admin va’da qilgan sovg‘ani olish.

Nega guruh ma’murlari ham bizneslarini rivojlantirishda bunday nohalol yo‘ldan foydalanishmoqda? Bu mijozlarni ko‘paytirishning oson va arzon usuli-da, a? Arzimas sovg‘ani olgan odam o‘zicha xursand, aslida bundan faqat adminlarning tegirmoniga suv quyiladi. Ayrim guruh egalarining nafsi shu darajada hakalak otganki, mantiqqa umuman rioya qilmaydilar, ularga guruhlarining a’zolari ko‘p bo‘lsa bas. Taassuflanarli tomoni, diniy ma’lumotlar berib boruvchi ba’zi guruhlar ham “Guruhimiz a’zolarini ko‘paytiring, duo qilaman”, “Odam qo‘shing, savob bo‘ladi”, “Yuzta odam qo‘shgan ota-onasini hajga olib borsin” kabi undovlar bilan chiqishga o‘tib olishgan. Ularga ishonuvchan sodda odamlar ko‘p, “Odam qo‘shaqolay, savob bo‘larkan, ota-onamni hajga olib borar ekanman”, deb telefonlarini shiqillatishga tushishadi. Qani, o‘sha donishmand adminlar guruhga odam qo‘shish savobligi haqida biror oyat yoki hadisdan iqtibos keltirishsinchi!

Kanal yoki guruh haqiqatdan ham kerakli, ma’rifat tarqatuvchi bo‘lsa, reklama va zo‘raki a’zolarga muhtojlik yo‘q. U odamlarni tabiiy ravishda jalb qiladi, internet foydalanuvchilari o‘z o‘zidan uni topib, safga qo‘shiladi va chin dildan, o‘zi istagan holda kuzatib boradi hamda naf ko‘radi.

Muxtasar aytganda, insonlar tushunishlarini istardikki, ijtimoiy tarmoqdagi “smaylik” va “stiker”lar oqibatni ifodalamaydi, ularni samimiylik bilan almashtiring.

Durdona Alimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring