Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Masofaviy ta’limda motivatsiya kam(mi?)

Masofaviy ta’limda motivatsiya kam(mi?)

Foto: "Yandex.ru"

Xabarning audio talqini

Ta’lim olishning turlari talaygina: katta auditoriyada guruhdoshlari bilan birgalikda, pedagog bilan individual tarzda, onlayn dasturlar orqali...

Bular orasida masofaviy ta’lim alohida o‘rin tutadi. U an’anaviy ta’lim bilan faol raqobatga kirishib ulgurganiga qaramay ayrim muammolarni bo‘ynidan soqit qilolmayotgani ham ayni haqiqat.

Ma’lumki, masofaviy ta’limda o‘qituvchi va o‘quvchilar bitta joyda jamlanmay turib ilmiy jarayonga kirisha oladilar. Buni internet sifati va tezligi qo‘llab quvvatlasa bas.

Elektron ta’limning xalqaro bozori jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Zotan, onlayn o‘qish aholi uchun tejamkor, qulay va foydali yechimdir. Masofadan o‘qish faqat talabalar uchungina emas, balki o‘z malakasini oshirish niyatida bo‘lgan, ammo ilm dargohiga qatnay olmaydigan xodimlar uchun ham qo‘l keladi. Uydan chiqmay ta’lim olish imkoniyati bugungi kunda ko‘pchilikka yoqib tushayotgani sir emas.

Masofaviy ta’limning yana bir afzalligi ekologiyaga borib taqaladi. Offlayn mashg‘ulotlarda atrof-muhitning ifloslanishi, atmosferaning buzilishi xavfi yuqori. O‘qishga otlanish va qaytish taqozosidan yo‘llarning tirband bo‘lishining o‘zi havoga katta salbiy ta’sir o‘tkazib ulguradi. Talabalar bilan to‘la auditoriyalar ham toza havo tanqisligi olib kelishi kundek ravshan.

Afzalliklar haqida uzoq gapirish mumkin, lekin ushbu sohaga chuqurroq nazar solsangiz, muammolari ham yuzaga chiqib qoladi. Hozir keltirmoqchi bo‘lgan fikrlarimiz biror mamlakatga emas, butun dunyoga taalluqli.

Avvalo, onlayn shaklga moslashish birmuncha qiyinchilik tug‘diradi, bu o‘tish davrida insoniyat yillarni boy berishi mumkin. An’anaviy darslarda auditoriyadan tinglash va konspekt qilish talab etilsa, onlayn turida bundan tashqari axborot texnologiyalari savodxonligi va multimedik shaklda ishlay olish ko‘nikmasi zarur bo‘ladi. Bu aqliy qobiliyat sarfini oshirishi tabiiy.

Demak, pedagoglar oldidagi vazifalar ortyapti. O‘z fanini o‘rgatishdan tashqari kompyuter savodxonligini oshirish zarurati ham paydo bo‘lyapti. Afsuski, hozirgi bolalar gadjetlarga mukkasidan ketgan ekanligiga qaramay dasturlardan foydalanish hammasining ham qo‘lidan kelavermaydi. Endi shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘quvchilarni qo‘yib turganda, o‘qituvchilarning axborot texnologiyalarga oid bilimlari yetarlimi? Maslan, musiqa fani o‘qituvchisi musiqiy asbob bilan zo‘r tillashishi mumkin, ammo shu paytgacha kompyuterdagi murakkab dasturlarga ishi tushmagan bo‘lsa, qanday qilib masofaviy ta’lim bera oladi?

Texnik muammolar doim onlayn ta’lim rivojiga g‘ov bo‘lib kelgan. Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur, deganlaridek masofaviy o‘qitishni yo‘lga qo‘yishdan avval zarur texnik vositalar va tezkor internet bilan quvvatlanish shart. Ayniqsa, videodarslar uchun bu suv va havodek zarur.

Masofaviy ta’lim oluvchilar taym-menejment, ya’ni vaqtni oqilona taqsimlash qoidalarini yaxshi egallab olishlari lozimligi ham ular oldidagi dolzarb masalalardan biridir. Bilasizki, onlayn o‘qish nisbatan erkin, o‘qish jarayonini tashkil etishda sizning sharoitingiz va xohishlaringiz inobatga olinadi. Talabaning kunduzi vaqti bo‘lmasa, kechasi o‘qishi mumkin. Ammo “Qolgan ishga qor yog‘ar” bo‘lib, bir qancha darslarni o‘tkazib yuborishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Tahlillarga ko‘ra, onlayn darslar an’anaviysi bilan solishtirganda kam motivatsion hisoblanadi. Boisi auditoriyada o‘z fikrini bildirish, doskaga chiqish, o‘qituvchisining ishonch-la boqib turgan ko‘zlari, tengdoshlarining baxsga kirishishiga guvoh bo‘lishning o‘zi tolibi ilmni ancha ruhlantiradi. Mehr ko‘zda, deb bejiz aytishmagan, axir.

Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun an’anaviy ta’limning afzalliklari tarozida og‘irroq tosh bosadi. Xarakteri shakllanuvning faol bosqichiga chiqqanda ularga jamoaviy muhit juda muhim. Darslar to‘liq onlaynlashsa, yosh bolalarning jamiyatga moslashuvchanligi yemirila boshlaydi. Ular uchun sinfdoshi bilan yoqalashish, qizlarning sochini tortish ham – yoshga doir ehtiyoj, uni qondirish uchun maktabga qatnash shart. Balki boshlang‘ich sinflar uchun asosiy darslarni offlayn, qo‘shimcha to‘garakalarni onlayn shaklda olib borish to‘g‘ri yechimdir.

Masofaviy ta’limning muammolari undan voz kechishga emas, balki sohani yanada rivojlantirib, yechimini kutayotgan masalalarni hal qilishga undashi darkor. Bunda mas’uliyatni faqat axborot texnologiyalari mas’ullari va mutaxassislariga tashlamasdan, barcha soha vakillarining hamkorlikdagi islohotlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring