Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Konstitutsiya erkin axborot olish va tarqatishni kafolatlaydi

Konstitutsiya erkin axborot olish va tarqatishni kafolatlaydi

Foto: Yuz.uz

Konstitutsiya insonning asosiy huquqlarini o‘zida jamlab, erkinligimiz, qadr-qimmatimiz, porloq kelajagimiz uchun kurashadi. Unda barcha sohalar qamrab olingani kabi axborot olish erkinligi ham bir necha moddalarda aks etgan.

Jumladan, 29-moddasida «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir», deya ta’kidlangan. Shu bilan birga, fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkinligi tilga olingan.

Axborot texnologiyalari zamoni kelgach, fuqarolarda ushbu huquqlarini amalga oshirish imkoniyati kengaydi. Hozirda axborotni izlash, olish va tarqatish ancha qulaylashdi, bunga tezkorlik ila erishish uchun sharoit bisyor. Bugungi auditoriya axborotning faqat iste’molchisi emas, yaratuvchisi hamdir. Ijtimoiy tarmoqlar, kanallar, blogerlar faoliyati bunga misol bo‘la oladi. Hatto «Axborotlashtirish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga bloger kimligini ifodalovchi modda kiritildi.

Albatta, salmoq bilan birgalikda saviya va sifat uyg‘unligiga erishish zamonning dolzarb masalalari qatorida turibdi. Buni his etgan dasturchilarimiz internetda to‘g‘ri yozish, savodxonlik darajasini oshirishga xizmat qiluvchi loyihalar ustida ishlamoqdalar.

Amaldagi Konstitutsiyaning 30-moddasida O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi qayd etilgan. Shuningdek, 35-moddasiga asosan har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.

Darhaqiqat, demokratik jamiyatda barcha davlat organlari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak. Rahbarlarning jurnalistlarga nopisand munosabati, o‘zini OAVdan olib qochishi ochiqlik va oshkoralikka putur yetkazadi.

Shuning uchun ham «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasining Qonuni orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish (chop etish) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari, rasmiy veb-saytlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Bosh Qomusimizning 67-moddasida «Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi» deya teran izoh berilganki, bu har bir qalam ahlining emin-erkin ijod qilishga chorlaydi. Ushbu huquqini yaxshi bilgan jurnalist Konstitutsiyadan bexabar ayrim kishilarning «Bu mavzuda yozish mumkin emas», «O‘chir», «To‘g‘irla», «Indama» kabi asossiz buyruqlariga bo‘ysunmaydi.

Konstitutsiya – adolat tarozisi. U bir pallasida huquq, bir pallasida burchni teng ushlagan holda insonlar uchun tinch va xotirjam hayot eshiklarini ochadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring