O‘zbekiston Konstitutsiyasi – adolat qomusi (+video)
Konstitutsiya — jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi va huquqiy kafolati, mamlakatimiz mustaqilligining yorqin timsolidir.
Uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish maqsadida “O‘zbektelekom” AKda ham “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiori ostida “O‘zbekiston Konstitutsiyasi – adolat qomusi” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.
Davra suhbati avvalida “O‘zbektelekom” AK Faxriylar kengashi raisi G‘olibsher Ziyayev va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Baxtiyor Jo‘rayev so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ayniqsa, jamiyatda sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga bo‘lgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasi va mazkur jarayonda yangi tahrirdagi Konstitutsiya muhim o‘rin tutayotganligini ham alohida ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng, tadbir mehmoni – yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Ma’rufjon Tojiboyev “O‘zbekiston Konstitutsiyasi – adolat qomusi” mavzusidagi o‘z ma’ruzasi bilan ishtirokchilarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, ularning mazmun-mohiyati xususida ma’lumot berdi.
Qolaversa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligini e’tirof etish barobarida, ushbu ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga ham hissa qo‘shayotganligini aytib o‘tdi.
Davra suhbati so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Shuningdek, mazkur tadbir doirasida “O‘zbektelekom” AK Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan xodimlar o‘rtasida Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab “Mening Konstitutsiyam 31 yoshda” shiori ostida “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusida ommaviy diktant tashkil etildi.
Xodimlar o‘z ijodiy ishlarida mamlakatimizda yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va yangi moddalar ijrosini ta’minlash barobarida, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga bo‘lgan doimiy e’tibor, oila mustahkamligini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini keng bayon etishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter