Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Ishxonani “birinchi uy” qilib olganlarni davolash kerak!

Ishxonani “birinchi uy” qilib olganlarni davolash kerak!

Foto: "Vedomosti.ru"

Mehnatsevarlik, kasbiga muhabbat, maoshini halollab olish, o‘z mas’uliyatidagi vazifalarni bajarish... Bularning bari yaxshi, albatta. Ishini sevib ishlash katta baxt, aslida. Ammo hayotda shunday odamlarni ham ko‘rasizki, ishiga bog‘lanish, mukkasidan ketishda chegaradan chiqadilar. Ularni mehnatkash emas, ishparvar, deb atash to‘g‘riroq. Va shunchaki ishparvar ham emas, psixolog mijoziga aylanib qoladilar. Chunki ish-maniya – ruhiy buzilish. Ishxonasini birinchi uyiga aylantirib olgan shaxsda kasbiy faoliyatga qaramlik kechayotgan bo‘ladi. Psixologiyada esa qaramlikning hech bir turi oqlanmaydi.

Odatda shaxsiy hayotida omadsizlikka uchragan odamlar o‘zini ishga bag‘ishlaydi. Ular o‘zini namoyon etish, qadr topishning yagona maydoni sifastida ishxonani ko‘radilar. Ish jamoasi davrasida oila a’zolaridan ko‘ra ko‘proq mehr va zavq topayotgandek bo‘ladi. Xullas, ular uchun ishxona – ruhiy xotirjamlik makoni.

“Ishing senga haykal qo‘yarmidi?”, “Bu ishlamasa kasal bo‘lib qoladi”. E’tirozomuz bunday fikrlar atrofdan tez-tez yog‘ilib turadimi? Ish-maniya bemori uchun ishlash – hayotdagi bosh maqsad (dardning yuqori cho‘qqisida yagona maqsadga aylanadi). Ular pul topish uchun emas, ruhiy bo‘shliqni to‘ldirish uchun ishlaydilar. Ishdagi funksional vazifalarini bajarib bo‘lishlariga qaramay, xonalarini qulflab uyga qaytishni xohlamaydilar. Ish joyiga qaramlik bois kechasi bilan ishlashga ham tayyorlar. Ishda o‘zlariga o‘zlari yumush topishga, o‘zlarini ko‘proq vazifalar bilan band qilishga tirishadilar. Muhim tashabbuslar bilan chiqish – alohida masala. Ish-man esa kichik yumush atrofida ham aylanaveradi, unga ko‘proq vaqt sarflashni xohlaydi, qo‘li bo‘sh qolishidan cho‘chiydi.

Bunday xodim tushlik vaqti hisobidan ham ishlashda davom etaveradi. Erta tongdan ishiga talpinadi, dam olish kunlari vaqtini ishxonada o‘tkazishni ma’qul ko‘radi, chunki ishga o‘zini bag‘ishlagan. U faqatgina ish jarayonida o‘zini kuchli, mustaqil, qobiliyatli his qiladi, ishdan tashqarida esa... yo‘q..!

Shaxsiy hayotidan ko‘ngli to‘lmagani, yaqinlaridan yetarlicha mehr qabul qilmagani bois ishxonadagi faolligi ortidan keladigan maqtovlar, ibrat qilib ko‘rsatishlar, mansabdagi o‘sishlar va rag‘batlantirishlar uni mast qiladi. Bu uni ishga yanada ko‘proq mukkasidan ketishga undaydi.

Ishga ortiqcha ruju qo‘yish – sog‘liq uchun xavfli. Chunki bunday odam uchun har qanday muhim masala ishdan keyinda turadi. Insonning imkoniyatlari esa chegaralangan. Xodim – robot emas. Vaqtida shifokorga ko‘rinmasdan, yetarlicha dam olmasdan qilingan mehnat sog‘liqni yemira boshlaydi.

Tinmay ishlaydigan xodim ish beruvchiga yoqadi. Vaholanki bu vaqtinchalik holat. Aslida shaxsiy hayoti tinch odamgina ishxonada mehnat unumdorligiga erishadi. Yaxshi dam – mehnatga hamdam. Hayotdagi hamma narsani yig‘ishtirib qo‘yib, faqat ishlash bilan band bo‘lgan inson yanada depressiyaga tushib, charchoqdan agressivlashib qoladi. Bu esa ish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, albatta. O‘zini zo‘riqtirishi oqibatida surunkali charchoq sindromiga, somatik kasalliklarga chalinib qoladi va mehnat qobiliyatini yo‘qota boshlaydi. Shu sabab har bir rahbar o‘z xodimlarining ish-maniyadan ogohlantirgani, me’yoriy mehnatni talab qilgani avvalo tashkilot foydasiga xizmat qiladi.

Kim ishiga, kasbiga o‘ta e’tiborli, xaddan ortiq ishlayotgan bo‘lsa, bilingki, u hayotiy tashvishlardan ish ortiga berkinyapti, muammolaridan ish orqali ko‘z yummoqchi. U aslida oilasidagi nosog‘lom muhitdan qochib, o‘zini ishga urgan bo‘lsa, ishga bog‘langani sari oilaviy munosabatlar yanada yomonlashib, yaqinlari begonalashib boraveradi. Xonadon hayotiga aralashmaslik, uy uchun vaqt ajratmaslik oila a’zolarida e’tiroz tug‘dirmay qolmaydi, albatta. Ammo, “ish jinnisi”ni davolashda aynan yaqin kishilarining ko‘magi muhim. Uni oila a’zolari qo‘llab-quvvatlasa, ishxonadan tashqarida ham hayot borligini, insonning shaxsiy olami ishdagidan ko‘ra rang-barang va jozibador ekanligini ko‘rsatib bersa, bemor tez orada shifo topadi.

Ishga mukkasidan ketganlar sirasiga faqat erkaklar kiradigandek ko‘rinadi. Ammo ish-manlar orasida ayollar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Asosan eridan e’tibor kutib ololmaganlar, uyida surunkali mojarolarga o‘ralashgan ayollar ish bilan ovunadi. Erkaklarning ishchanligiga tabiiydek qaralsa, ayollarning o‘zini ishga bahshida etishi oilada jiddiy e’tirozlar tug‘diradi. Er buning sababini o‘zidan qidirmay darrov “Ishdan bo‘shaysan” deb hukm o‘qiydi. Bu esa ayolning ruhiy holatini yanada og‘irlashtiradi. Ish-man xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol – ishdan bo‘shatish orqali dardiga davo izlanmaydi. Chunki uning xatosi ishlayotgani emas, balki ishga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotganidir. Psixoterapevtning muolajasi davri faoliyatini davom ettiraveradi, faqat me’yorga amal qiladi, xolos. Ishdan tashqarida ham o‘rni borligi, faqat ish joyida emas, oilada yaqinlari uchun ham kerakli inson ekanligini, hayotda mas’uliyatlari ko‘pligini unutmasa bas.

Ish-man tushunishi kerak bo‘lgan asosiy fikr: Kishi olgan bilimlarini hayotga tatbiq etish, tajriba orttirish, jamiyatga foyda keltirish, moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lish uchun ishlaydi. Ish – hayotning bir qismi xolos, aslo hayotning o‘zi emas. Ishxona – muammolardan qochish makoni ham emas. Har kim ruhiy xotirjamlikni oiladan izlashi, mehrni yaqinlariga ulashishdan charchamasligi kerak, shunda bunga yarasha javobni ham olajak. Shaxsiy hayotidan ko‘ngli to‘q odam kasbini ham samimiy seva oladi va ishdagi mas’uliyatlarini to‘laqonli bajarishga qodir bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring