Internetdagi ochiq darvoza (hajviya)
Gulruxsor yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Do‘konga chiqib, non olayotgandi, tanish ovozdan orqasiga o‘girilib qaradi. Tavba, odam o‘zgarsa ham uning ovozi o‘zgarmas ekan-yey! Axir bu kursdoshi Latofat-ku! Ikki dugona quchoqlashib ko‘rishishdi. Buni qarangki, ular qo‘shni ekan.
- Ko‘rishmaganimizgayam ming yil bo‘lib ketdi. Eski uyim shaharning bir chekkasida edi, hech kimning telefon raqamini ham bilmayman. Sen-chi? Qizlar bilan gaplashib turasanmi? Nima yangiliklar?
- Ho‘sh... Nargiz uchta bolali bo‘ldi, ikki qiz, bir o‘g‘il. Kattasi bu yil maktabga chiqdi. Dilor “Grin kard” yutib Amerikaga ketgan, lekin bundan afsusda. Shahnoz dekretda. O‘ziyam uch dekretni ketma ket uladi. Ra’no yaqinda dekretini tugatib, ishga tushdi. Oldin uyda o‘tirganidan nolirdi, xozir ishga ko‘milib, jinni bo‘lay deyapti. Hammadan ham Dilnavozga qiyin bo‘ldi. Sakkiz yildirki befarzand. Shunga ancha siqilib yuribdi.
- Ha, Xudo bersin iloyim! Anavi, Fotima-Zuhralar bor edi-ku, familiyasi nimaydi, esimdan chiqdi.
- Bozorovami? Zuhra o‘qishni bitirgan yilimiz erga tegib ketdi. Fotima shundan keyin ancha o‘ksib qoldi.
- Attang! Uning ham to‘yi bo‘lgandir?
- Qayerda deysan? O‘ziga mosi topilmayapti.
- Men oramizda faqat Dilnoza turmushga chiqmagan, deb o‘ylardim.
- Ikki yil oldin to‘yi bo‘ldi. O‘zidan ancha katta odamga turmushga chiqdi.
- Nigor bilan rosa qalin edik, esingdami? Afsus, hozir umuman aloqamiz yo‘q. U nima bilan band?
- Tort pishirib sotyapti.
- Voy, shunday a’lochi qiz o‘z sohasidan ish topolmasa-ya!
- Eri uydan chiqishiga ruhsat bermaydi. Shunga yarasha ta’minlab ham qo‘ymas ekan noinsof! Oxiri Nigor boyaqish pul topishning shu yo‘lini topdi.
- Sevara-chi? Ey, yo‘q, oldin Lolani ayt.
- Lola avval qanday bo‘lsa, xuddi shunaqa. O‘qishdayam hamma bilan urishardi, xozir eri bilan qir pichoq. Sevara bechoraning eri xiyonatkor chiqdi. Sabr qilib yashayapti, haytovur. Fazilat chidolmadi, ajrashishdi. Uni-buni qo‘y, oxirgi partada bir o‘zi o‘tiradigan barzangi Yulduz bor edi-ku, naq 40 kiloga ozibdi! Qoyilmisan?
- Men Yulduzga emas, senga qoyil qoldim! Hamma haqida ma’lumotga ega ekansan, kursdoshlarimiz hayotidan yuz foiz xabardorsan. Uy, ish, bola-chaqadan ortib har bittasi bilan bordi-keldi qilayotganingni qara!
- Hech qaysisi bilan bordi-keldim yo‘q. O‘qishni bitirganimizdan beri birinchi ko‘rgan odamim sen bo‘lding.
- Yo‘g‘-yey? Ha, to‘g‘ri, hozir uzoqni yaqin qiluvchi telefon bor. Qo‘ng‘iroqlashib turarkansizlar, yaxshi.
- Birortasi bilan ham telefonda gaplashmayman, Guli! Pulimni ketqizib zaril keptimi?!
- Ha-ya, hozir telefonda suhbatlashish modadan qolgan. Ikki devor naridagi qo‘shnilar ham internet orqali gaplashadi. Meniyam “Telegram”dagi kursdoshlar guruhiga qo‘shib qo‘y.
- Unaqa guruhimiz yo‘q.
- Yopiray! Nega bu qiz nimani so‘rasam, “yo‘q” deydi?! Aldama! Axir shuncha voqeadan qanday xabardor bo‘lding unda, a?
- O‘lay agar, o‘rtoq! Rostdanam guruhimiz yo‘q, mana ishonmasang, telefonimdan tekshir. Lekin, yaxshi taklif – bugunoq guruh ochib, hammani qo‘shib qo‘yaman. Kontaktimda barcha qizlar bor.
- Voy, erinmagan-yey! Guruh bo‘lmasa, qizlarimiz bilan bittama bitta “lichka”da yozishib, shuncha dardini bilib oldingmi?
- “Lichka”da yozishmaymiz, faqat bayramlarda tabrik-pabrik jo‘natib turamiz, xolos.
- Latofat, tushunmadim. Ko‘rishmasang, telefonda gaplashmasang, internetda yozishmasang, shunga gapni qayerdan topding? Hammaning shaxsiy hayoti haqida aniq-tiniq qilib aytib berding-ku!
- Profilidagi rasmga qara, omi! – dugonasining rosmana jahli chiqdi –Bo‘ldi, shundan hammasini o‘zing tushunib olaverasan. Masalan, Nargiz uchta bolasining rasmini profilga qo‘yib turadi. Yaqinda katta qizining forma kiygan, popka tutgan rasmi paydo bo‘ldi. Demak, u maktabga chiqibdi. Dilor oldin nuqul Amerikaning chiroyli shaharlari rasmini qo‘yib, tagiga “mening orzuyim” deb qo‘yardi. Keyin “Grin kard”da yutgani haqidagi hujjatni rasmga olib joylashtirdi. Kecha yangi rasm paydo bo‘ldi. Chig‘atoydagi mahallasi rasmini qo‘yib, yig‘layotgan smaylik yopishtiribdi. Shahnozning profilida karikatura turibdi. Uchta bolaning to‘paloni ichida qolgan ayol telefon go‘shagini ko‘tarib, “Besh yildan keyin qo‘ng‘iroq qiling”, deyapti. Bildimki, u anchadan beri dekretda. Ra’no ham oldin shunaqa rasmlar qo‘yardi, yaqindan kostyum-yubka kiyib, kompyuter oldida tushgan rasmlar ko‘rinib qoldi. Demak, ishga tushibdi. Dilnavoz nuqul yosh bolalar, chaqaloqlarning rasmini qo‘yadi va “Orzuga ayb yo‘q”, deb yozadi. Bechorada bola yo‘qligini shundan payqadim. Fotima profilidagi rasmlarda - kalta yubka, tor shimlarda. Erli ayol shunaqa rasm qo‘yolarmidi? Zuhrasi esa uychi kiyim, ro‘mol o‘ragan rasmlarini ulashadi. Dilnoza to‘yining rasmini qo‘ydi. Kuyov 40 dan oshgani shundoq yuzidan bilinib turibdi. Nigor o‘rtog‘ing oldin nuqul aforizmli rasmlar qo‘yardi. “Er – diktator, ishlatmaganingga yarasha, pul ber”, qabilidagi gaplar bilan. Yaqindan tortlarning rasmi tagiga telefon raqamini yozadigan bo‘ldi. Mijoz qidirayotgani aniq. Lola ham unga o‘xshagan “aforizmchi”. Eri bilan urishib qolsa, darrov kinoyali gaplarni yozib, xumordan chiqadi. Sevaraning profilida ikki yildan beri “Xiyonatingga yarasha jazoingni olasan. Xudodan top!”, degan yozuv turibdi. Demak, eri unga sadoqatli emas. Fazilat ham oldin shunaqa gaplar yozib turardi, yaqinda profilini almashtirdi: “Sen bo‘lmasang, boshqasi!”. Bundan oila ajrashganini payqash qiyin emasdir? Yulduz avvalgi va hozirgi rasmini yonma-yon qo‘yib, tagiga “do i posle: -40” deb yozib qo‘yibdi.
Gulruxsor hayratdan yoqa ushladi. Hamma narsani kuchli kuzatuvchanligi orqali uqib olgan uddaburon dugonasiga qoyil qolsinmi? Yoki shaxsiy hayotini profildagi rasmi orqali elga oshkor qilayotgan dugonalarining ustidan kulsinmi? Shu joyida dugonasini bir boplagisi keldi.
- Xo‘sh, topqir dugonajonim, aytchi, mening hayotimda nima gap? Kontaktingda ham, telegramda ham borman! Profilimga qiyo boqsinlar!
- Allaqachon qaraganman! Ichimizda eng ahvoli og‘iri sensan. Hayotingda muammolar shunalik ko‘pki, qay birini o‘ylashni bilmaysan. Dardingni hech kimga aytolmaysan, ich etingni yeyapsan, o‘z yog‘ingga o‘zing qovurilyapsan. Shuning uchun profilingga na bir gap, na bir rasm qo‘ygansan. Quruq! Bo‘shliq! Chunki hayoting ham shu kabi zerikarli, pichoqqa ilinarli voqea yo‘q. Ko‘ngling ham profiling kabi bo‘m-bo‘shlikdan iborat.
- Dugonajon! – Gulruxsorning ko‘zidan yosh chiqib ketdi – To‘g‘ri topding! Avliyosan!
Ayollar xayrlashishdi. Gulruxsor uyiga yetib borishga ham sabri chidamay, tez qo‘liga mobil telefonini oldi. Shuncha paytgacha ahamiyat bermagan ekan, qarab ko‘rsin-chi, Latofatning profilida nima bor ekan? Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, dugonasining profili ham o‘ziniki kabi bo‘m-bo‘sh edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter