Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Ayti faqat yoshlarga deb kim aytdi?!

Ayti faqat yoshlarga deb kim aytdi?!

Foto: "Xabar.uz"

Axborot texnologiyalari sohasiga qiziqish bildirayotganlar orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin bu ayti faqat yoshlarga, degan stereotipni hosil qilmasligi kerak. Ancha tolerant hisoblanmish ushbu olam yosh va jins tanlamagan holda eshiklarini keng ochadi.

Dasturlash - mushkul ish, u uchun talab etiladigan kuch va asab katta yoshlilarda topilmaydi, deya xulosa chiqarishga shoshilmang. Bu sohaga nisbatan kechroq kirishganiga qaramay muvaffaqiyatga erishganlarga misollar bir talay.

Gap faqat sohaga kech kirishishda emas, talabalikdan buni o‘rganib, shu bo‘yicha faoliyat yuritayotganlar ham qirqdan oshgach, ularga ishonchsizlik bilan qaraydiganlar bor. "Bilim va tajribasi eskirdi", degan taxmin ularni shunday xulosaga chorlaydi. Aslida izlanmagan, bilimlarini boyitmagan har qanday kasb vakili ham kun kelib keraksiz kadrga aylanib qolishi hech gap emas. Agar o‘z ustida ishlashda bardavom bo‘lsa, necha yoshda bo‘lishiga qaramay, o‘rnini va yo‘lini topa oladi.

Qonunlarga vaqti vaqti bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib turiladi, lekin huquqshunoslar eskirib qolmaydi-ku. Yoxud tibbiyotga zamonaviy mezonlar kirib kelayotganiga qaramay shifokorlar dolzarbligini yo‘qotmasligini olaylik. Axborot texnologiyalari mutaxassisi ham muntazam ravishda bilim va malakasini oshirib borar ekan, necha yoshdaligidan qat’iy nazar zamon talabidagi kadr bo‘lib qolaveradi.

Dasturchilar aqliy mehnat kishilari bo‘lganlari uchun bilim va tajriba orttirib borish juda muhim sanaladi. Madomiki, bunga amal qilar ekanlar, yoshga doir qolip fikrlarni parchalay oladilar.

Ayrimlarda aynan 30-40 yoshdan keyin ilmga, kashfiyotlarga rag‘bat uyg‘onadi. Bu davrda ular ba’zi harajatlar va tashvishlardan ancha bo‘shangan, yosh oila, kichkina bolalar ta’minoti haqida ko‘pam bosh qotiravermaydilar. Hayot tajribasi avvalgiga nisbatan xotirjamlikka undaydi va bemalol ishlashga yo‘l beradi. Yoshligida dasturchilikka faol kirishgan odam katta yoshda IT-loyihalarga menejerlik qilishi mumkin. Toshga o‘yilgan naqsh misol bilimning muddati o‘tmaydi.

Kompyuter ixtirochilari Ekkert va Moklini eslaylik. Ulardan biri 25, ikkinchisi 35 yoshda edi. Demak, yoshlar va o‘rta yoshlilar bilimi uyg‘unlashsa, yaxshi natijalarni kutish mumkin. Mashhur dasturchilardan biri Donald Knut aynan 35 yoshdan keyin jiddiy ishlanmalarga mualliflik qilgan. TeX sistemasini yaratganida u 40 yoshda edi. 43 yoshida Literate programming konsepsiyasini tuzgan. Anders Xeylsberg 62 yoshida TypeScript yaratishni boshladi. Martin Oderski 64 yoshda Scala tiliga asos solganiga nima deysiz?

Darhaqiqat, "Ayti - faqat yoshlarga" fikrini zaharli, deb hisoblash mumkin, u motivatsiyani o‘ldiradi. Yangilikdan cho‘chimagan, yoshini bahona qilmagan holda rivojlanish sari intilgan odam yutadi.

O‘zingizga mos bo‘lmagan kasbni tanlab qo‘yganingizni angladingizmi? Ota-onangiz tanlab bergan sohada o‘rningizni topolmadingizmi? Yoki sevgan kasbingizdan ko‘ngildagidek daromad ololmayapsizmi? "Hechdan ko‘ra kech" maqoli sizga taalluqli emas, chunki sizga hali kech ham emas, bu olamda kech degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Necha yoshda bo‘lishiga qaramay istagan kasbini tanlash va omadga erishish mumkinligi afsona emasligini isbotlashga tayyor bo‘lsangiz, aytiga marhamat!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring