Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Axboriy urush uyushtirayotgan onlayn folbinlar

Axboriy urush uyushtirayotgan onlayn folbinlar

Folbinlar mijozlari haqida nima deyish mumkin? Sodda, ishonuvchan, diniy bilimlari past, oson va puch usulga moyil... Xullas, shunday insonlar hamon oramizda mavjud va yetarli darajada ko‘p. Taassufki, axborot texnologiyalarining rivoj topgani folbinlar uchun ham bayram bo‘libdi, ular bu imkoniyatdan oqilona foydalanishni allaqachon eplabdilar. Folbinlar nomi ostida telegramda bir qancha kanal va ularning ko‘pdan ko‘p obunachilari borligiga nima deysiz?

“Folga ishonma folsiz yurma” shiorini “brend”ga aylantrib “faoliyat” yuritayotgan shu “soha” vakillaridan biri o‘ziga ta’rif beribdi: “Folbin bilan ilmu amal qilguvchi mutlaqo boshqa boshqa bo‘ladi. Kanalimizda folbin deb yozilganining sababi odamlar tushunishi uchun...”. Bu oqlovidan keyin balki bu tabibga o‘xshab shifo maqsadida ishlar, degan xayolga bordim, ammo kanalni kuzatish davomida ishi gumrohlikdan boshqa narsa emasligiga aniq ishonch hosil qildim.

Folbin har bir xatti-harakatini foto va video tasvirlarga tushirib, “isbot” qoldirgan. Qabriston rasmiga izohda o‘qiysiz: “Bugun ham bir mijozimiz iltimosiga ko‘ra qabriston tomon yo‘l olamiz. Qora amal qilishdan qo‘rqmanglar”. Xullas, uzundan uzoq tushuntirishida iddao qilishicha, bu gunoh emas emish. Demak, ularning “tariqat”lariga ko‘ra yomonlikka yarasha qasdlashish yoqlanadi. Axir bu jamiyatda nosog‘lom muhitni shakllantirish-ku. Nega yovuzlikka yovuzlik bilan javob qaytarish kerak? Diniy ta’limotlarda ham, o‘zbekona qadriyatlarda ham sabr, kechirimlilik, murosa bilan qalb pokligiga erishishga oid targ‘ibotlar havoga uchdimi?

Folbin tomonidan xizmat haqi click, paynet yoki naqd pul ko‘rinishida ekanligi ma’lum qilinibdi. Demak, masofaviy ko‘rib, onlayn hal qilaveradi. Xizmat haqi qildirayotgan amaliga qarab ekan. “Shunchaki fol ko‘rishlar uchun esa ko‘ngildan chiqqani, haqimizga duo qilsa ham bo‘ladi” deyilibdi. Menimcha, shu bandi ko‘plab internet foydalanuvchilarini jalb qiladi. “Mendan nima ketdi, tekin ekan-ku” deb murojaat qiladi, ilk fol ochishda esa unga kimdir dushmanlik qilayotgani, eri xiyonat ko‘chasiga kirgani, dard yopirilib kelayotgani xabarini eshitsa, o‘z-o‘zidan mijozga aylanib, keyingi bosqichga o‘tganini bilmay qoladi. Endi falon pul evaziga bu balolarni qaytarishga tayyor. Folbin ham oddiy odam, ojiz banda ekanligi, taqdirga yozilganini ko‘rish va o‘zgartirish qo‘lidan kelmasligi haqida o‘ylab o‘tirmaydi.

Ustiga ustak, kanalda diniy ma’lumotlar, sura va duolar berib borilayotir. Bu esa o‘quvchini chalg‘itib, folbinlikni sha’ran mumkindek ko‘rsatib qo‘yyapti. Folbinlar ikki gapining birida “Alloh”, “Rasululloh” deb Islomni niqob qilishdan charchashmayapti. Yana ko‘plab yozishmalarida maqsadlari oilani asrash, farzandlarni tirik yetim qilmaslik ekanini pisanda qilganlar. Nahot muqaddas oila aql-farosat, sabr, murosa, mehr-muhabbat bilan emas, ins-jinslar “yordam”i bilan saqlab qolinadi?

Kanaldagi videolardan birida tungi qabristonda olov yoqilayotgani suratga tushirilgan va “Xizmat uchun haq xizmatga yarasha ekanini tushungandirsiz deb o‘ylayman” izohi yozilgan. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Shahar bedarvozami? Nega yarim kechasi qabristonga kirib, olov yoqib va yana bir nimalar qilib o‘tirishga ruhsat berilyapti? Qabristonlar ham bir ob’yekt sifatida qo‘riqlanmaydimi? Bu yerlarga xohlagan vaqti kirib, xohlagan ishini qilish huquqini folbinlar qayerdan oldi?

Muqaddas Islom dinimizda folbinlik, sehrgarlik kabi ishlar katta gunohlar sirasiga kiritilib, qattiq qoralangan. Bu ishni qiluvchilar taqdirni o‘zgartirish qobiliyatiga ega emasliklari qayta-qayta ta’kidlangan. Nafaqat Islom dini, balki boshqa dunyo dinlarida ham Alloh – yagona iloh, har bir narsa faqat Uning izmi bilangina bo‘lishi shaksiz tan olinadi. Ammo jamiyatda hamon yo‘qdan bor qilish, taqdirni o‘zgartirishga da’vogar odamlar bor ekan, bu diniy ma’rifat ulashish sust ketayotganini anglatadi.

Folbinlarning ijtimoiy tarmoqlarda faolligi, bemalol kanal ochib, onlayn ish yuritayotgani masalasi ham tegishli choraga muhtoj masaladir. Toki ular axborot, foto, audio, video mahsulotlar bilan odamlar ongini egallash, na qonuniy va na diniy me’yorlarga mos keluvchi ishlarini davom ettirishdan tiyilsinlar.

Uyida tikuv sexi ochgan tadbirkor soliq to‘laydi, kitob yozgan yozuvchi va hatto maqola yozgan jurnalist soliq majburiyatlariga ega. Bu kabi “amal” bilan “dam soluvchi” folbinlar esa tadbirkor yoki qalamkashdan bir necha barobar ko‘p pul topayotganiga qaramay hammasini nohalol nafsiga uradi. Albatta, ular qonuniy tashkilot tuzsin, daromadidan soliq to‘lasin, degan taklifimiz yo‘q. Aksincha, ularning bu “biznes”i tag-tugi bilan yo‘q bo‘lsin, bunday ishlar qattiq nazoratga olinib, amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasin. Chunki ko‘plab yurtdoshlarimirzning halol mehnat bilan topgan pullari ularning jig‘ildoniga ketmoqda, qanchadan qancha insonlarning vaqti, zehni, mehnati shu safsatalarga sarf bo‘lmoqda, uvol bo‘lmoqda. Ha, oramizda sanoqsiz kishilar borki, kasal bo‘lsa, shifokorga bormaydi – folbinga yuguradi. Ishi yurishmasa, yangi imkoniyatlar izlamaydi – folbin qidiradi. Boshiga musibat tushsa, hayotini qayta isloh qilmaydi – folbinga suyanadi. Orzulari ro‘yobi uchun aql ishlatib harakat qilmaydi – folbinga ishonadi. Bu ahvolda qayerga qarab ketamiz?

Vaziyat shu darajaga yetib kelganiga sabab faqat folbinlar va ularga qarshi kurashmagan tegishli tashkilotlarning aybi emas. Ularning doimiy mijoziga aylangan odamlarning o‘zi ularni ko‘kka ko‘tarib, oxir oqibat o‘ljasiga aylanib o‘tiribdi. Mablag‘larini qo‘sh qo‘llab topshirib, og‘iz ochib o‘tirmaganida, nog‘orasiga o‘ynamaganida, firibgarlik bunchalik gullab-yashnamasdi.

Axborot xuruji, mafkuraviy immunitet haqida ko‘p gapirilgan, aytingchi, yuqoridagi holat axboriy urush emasmi? U pullarni sovurishdan tashqari qancha ong, qancha qalbni mahv etib, zaharlashga ulgurdi? Bu haqida jiddiy bosh qotirish fursati allaqachon yetgan edi. Hech bo‘lmasa endi oqibatlar oldida taslim bo‘lmay, aql bilan ish yuritaylik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring