Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Nigora Akilova: IT sohasi qizlarga erkin ishlash imkonini beradi (VIDEO)

       Nigora opa, ilk savolimizni ayollarimiz uchun qiziqarli bo‘lgan mavzudan boshlasak. Ya’ni, beautfy.uz platformasining tashkil etilishi va uning hozirgi kundagi faoliyati haqida bizni tomosha qilayotgan go‘zallik shaylariga biroz ma’lumot berib o‘tsangiz...

         –       Beautify.uz O‘zbekistonda go‘zallik ustalari va foydalanuvchilarini birlashtirgan yagona platformadir. Loyiha go‘zallik sanoatini to‘liq raqamlashtirish uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, stilistlar o‘z ishlarining fotosuratlarini platformaga joylaydilar, bu orqali esa mijozlar ustaning profiliga o‘tib, uning tarjimai holi, ish tajribasi va manzili bilishlari mumkin.

                Aynan qaysi hududdagi mutaxassislarni qamrab olgan?

– Avvaliga loyihamizni faqat Toshkent shahri bo‘ylab amalga oshirishni maqsad qilgan edik, ammo talab va takliflarni inobatga olgan holda, Farg‘ona va Samarqand shahri bo‘ylab ham yo‘lga qo‘ydik.

Bu platformaga kirish stilistlarning o‘zlari tomonidan amalga oshirtiladimi yoki loyiha mutaxassislari tomonidan raqamlashtiriladimi?

– Go‘zallik ustalarining o‘zlari ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari haqida ma’lumotlarni va ish namunalarini joylashtirishlari mumkin. Bu, albatta, mutlaqo bepul amalga oshiriladi.

Startap loyihalarni rivojlantirish uchun ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Avvalo, yaxshi g‘oya va mukammal loyiha yaratib, uning ahamiyatini investorlarga yaxshi yetkazib bera olish zarur. Shundagina startap loyihani amalga oshirish osonroq bo‘ladi.

Tadbirkor sifatida siz qonunchilikdagi qaysi normalarning o‘zgarishini istagan bo‘lardingiz?

– Bilasizmi, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlarni mamlakat hududida saqlash to‘g‘risida qonunga katta o‘zgartirish kiritish kerak. Qolaversa, MChJlar to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqilishi kerak deb o‘ylayman. Chunki bu IT sohasidagi hech qanday biznes modellarga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zingizning endi ish boshlagan paytlaringizga qaytsak, nima uchun bu sohani tanlagansiz? Qaysi kompaniyada ish boshlagansiz? Ish boshlashdagi qiyinchiliklar haqida aytib o‘tsangiz…

– Men IT sohasiga Arzon Apteka loyihasida ishlayotgan kezlarim qiziqib qolganman. O‘shanda raqobatchilari ko‘p bo‘lmagan ayollarga xos bo‘lgan loyiha yaratishni maqsad qilganman. Albatta, hamma sohada bo‘lgani kabi bizda ham qiyinchiliklar bo‘lgan. Biz bu yo‘nalishda go‘yoki muzni yorib chiqyapmiz, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayollar uchun IT sohasining afzalliklari nimada, deb o‘ylaysiz?

– IT sohasi ayollar uchun nihoyatda katta imkoniyatlar va qulayliklar taqdim etadi. Bizning o‘zbek iboli-hayoli qizlarimizga ba’zida ko‘pchilik orasida ishlash noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Ammo IT sohasi ularga o‘z olamlarida erkin ishlab, oila davrasida faoliyat yuritish imkoniyatini beradi.

Bilamizki PR san’atkorlar, shou biznes vakillari orasida ham juda ko‘p kuzatiladi. Ayniqsa, qora PR. Endi PR qilaman, odamlarning og‘ziga tushaman, deb hamkasblar bilan urushib, kurakda turmaydigan so‘zlar aytish qanchalik to‘g‘ri?

– Qora PR odatda nazardan chetda qolgan, reytinggi tushib ketgan san’atkorlar tomonidan o‘zini eslatib qo‘yish uchungina amalga oshiriladi. E’tibordan chetda qolgan bir vaqtda qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, qora PR ular uchun bir najotdek bo‘ladi.

Masalan, Ahad Qayum o‘zining xatti-harakatlari, gap-so‘zlari bilan hamisha PR qilib yuradi. Lekin hamma narsada ham me’yor bo‘lishi kerak. Bu bora-bora odamlarning san’at sohasidagi insonlarga nisbatan ishonchining tushib ketishiga sabab bo‘lmaydimi?

– Bilasizmi, avval boshdan ham Ahad Qayumning imiji shunday edi. Inson shaxsiy PR qiyofasini yaratayotganda o‘zining harakteridan u qadar uzoqlashmaydi. Ahad Qayumning ham xatti-harakatlari qora PR emas, bu uning xarakteri o‘zi shunday. Bu uning uchun oddiy hol. Agar u qilayotgan ishlar yoki gapirayotgan gaplarni boshqa bir haqiqiy ustoz rejissyorlar qilsa, ana unda bu qora PR bo‘ladi…

Taniqli PR mutaxassisi qaysi prezidentlarning imijini qo‘llab-quvvatlaydi? Muxlislarning mehrini qozonish uchun taniqli shaxslar qanday o‘zlarini qanday PR qilishlari kerak? Bularning barchasi haqida xabar.uzning YouTube kanali orqali ko‘rsatuvning to‘liq qismini ko‘rib, ma’lumot olishingiz mumkin.

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring