Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Unicon.uz” faoliyatiga nazar: qog‘oz ishlaridan zamonaviy raqamli texnologiyalargacha (video)

O‘zbekiston axborot texnologiyalari tizimida “UNICON.UZ” MChJning mustahkam o‘rni bor. Korxonaning uzoq yillik faoliyati davomida vazifalarga jiddiy yondashuv, ilmiy-tadqiqot ishlarini puxta tayyorlash singari o‘z ish tamoyillari shakllangan.

Kadrlar malakasini oshirib borish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va undan oqilona foydalanish, hamkorlar bilan tizimli ishlash hamda ma’rifiy-madaniy ishlarni bir maromda yuritish an’anaga aylangan. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan videolavhada korxona mutaxassislari ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarayonlar, vazifa va maqsadlari haqida hikoya qilishadi.

O‘zbekiston axborot texnologiyalari tizimida olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga mas’ul tashkilot – “UNICON.UZ” dastavval 1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi aloqa vazirligining buyrug‘i asosida Fan-texnika marketing tadqiqotlari markazi sifatida tashkil etilgan.

Markaz ochilganidan buyon xalqaro hujjatlar bilan uyg‘unlashtirilgan tarmoqning normativ-huquqiy va qonun hujjatlari bazasini yaratish bo‘yicha ishlar, yangi telekommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish markazning asosiy vazifalari etib belgilandi.

1997-yilda Markaz sohaning standartlashtirish bo‘yicha tayanch tashkiloti va asos metrologiya xizmati sifatida O‘zstandart agentligida ro‘yxatga olingan.

2002-yilda “UNICON.UZ”da elektromagnit moslashuvini tahlil qilish xizmati tashkil etildi.

2005-yilda “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish maqsadida aloqa va axborotlashtirish sohasida Elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazi tashkil qilindi.

2006-yilda ma’lumotlarni shifrlash algoritmi bo‘yicha birinchi davlat standarti ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shuningdek, milliy kriptoprovayder ishlab chiqildi.

2021-yilda mustaqillik bayrami arafasida “UNICON.UZ” yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hozirgi vaqtda “UNICON.UZ” MChJda 284 nafar xodim mehnat qiladi. Ular orasida yuqori malakali xodimlar, shu jumladan, bir nafar akademik, bir nafar fan doktori, o‘n nafar fan nomzodi, shuningdek, 28 nafar mustaqil tadqiqotchilar faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, “UNICON.UZ” 2022-yilda o‘zining 30 yilligini keng nishonladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring