Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Raqobatchi kompaniyalardan ko‘p narsalarni o‘rgansa bo‘ladi(VIDEO)

IT-motivatsiya ko‘rsatuvida bugun biznes jarayonlari autsorsingi bilan shug‘ullanuvchi RevoTech kompaniyasi bosh operatsion direktori Jasurbek Ro‘zmat bilan suhbatlashamiz.

– Yaqinda bo‘lib o‘tgan IT-Park yubileyida kompaniyangiz ham mukofotlandi. Biz ham sizni muborakbod etamiz. Taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz…

– Haqiqatan ham, bizning kompaniyamiz o‘tgan yil mobaynida biznes jarayonlarining xorijga eksport hajmi bo‘yicha eng katta eksportyorlardan biri sifatida taqdirlandi. To‘g‘risi, bu biz uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Chunki bu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan biz kabi yirik kompaniyalar ko‘p edi.

– Ayni damda bizni tomosha qilayotgan kuzatuvchilarimizga RevoTech kompaniyangiz va uning xizmatlari haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.

– RevoTech – biznes jarayonlari autsorsingi bilan shug‘ullanuvchi, AQShning Nyu-York shtatida joylashgan kompaniya. RevoTech ushbu sohada 9 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, har bir mijozga turli ofis jarayonlarida samarali autsorsing yechimlarini taqdim etib kelmoqda. 400 ga yaqin xodimdan iborat jamoamiz turli sohalardagi kompaniyalarga, jumladan, transport va logistika, chakana savdo, sog‘liqni saqlash, sug‘urta, telekommunikatsiya, ishlab chiqarish va boshqalarga autsorsing xizmatlarini taklif qiladi. Mijozlarimizga ovozli qo‘ng‘iroqlar autsorsingi, biznes jarayonlarning ovozsiz autsorsingi, ma’lumotlarni kiritish va hujjatlarni qayta ishlash bo‘yicha turli xil xizmatlarni taqdim etishdan faxrlanamiz. Bizning mahoratli jamoamiz, yuqori texnologik imkoniyatlar va innovatsion amaliyotlar mijozlarning individual talablariga mos alohida yondashuvni yaratishimizga imkon yaratadi.

– Boshqaruv aynan qaysi mamlakatda amalga oshiriladi?

– Asosiy ishlar AQShda olib borilganligi bilan, RevoTech asli o‘zbek kompaniyasi va bosh ofisimiz ham shu yerda.

– Mijozlaringiz orasida o‘zbek kompaniyalari ham bormi?

– Asosiy fokusimiz eksportga qaratilganligi uchun mijozlarimiz orasida o‘zbek kompaniyalari yo‘q.

– Xodimlarning necha foizi o‘zbekistonliklar?

– Xodimlarimizning deyarli barchasi o‘zbekistonliklar...

– Nyu-Yorkdagilar hammi?

– To‘g‘ri, u yerda turli mamlakatlardan xodimlarimiz bor. Ba’zida tajriba almashish maqsadida ularni ham bu yerga taklif qilib turamiz.

– Ularning hammasi IT mutaxassislarimi yoki boshqa soha vakillari ham bormi? Nega bu savolni berdim, boisi, saytingizda maqolalar ham joylab borilar ekan...

– Ha, maqolalar joylab turiladi. Ammo bizda ijodkorlar yo‘q. Maqolalarni doimiy xodimlarimizning o‘zi tarjima materiallar asosida tayyorlashadi.

– Ana shu maqolalardan biri ish haqini autsorsing qilishning 6 ta afzalliklari haqida ekan. Shu haqida ham shaxsiy fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz…

– Ish haqini autsorsing qilishning afzalliklari juda ko‘p. Chunki ish haqi hisob-kitobi to‘g‘risidagi qonunlar, ish haqidan ushlab qolish stavkalari, qoidalar va boshqa omillar tez-tez keskin o‘zgarib turadi. Bu o‘zgarishlar kompaniyadagi jamoangizning ish haqini hisob-kitob qilishni boshqarish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Ushbu o‘zgaruvchan tashqi omillarga rioya qilish esa ko‘p vaqt talab qiladi. Ish haqini hisoblashni tajribali hisob-kitob qilish boshqaruvi xizmatiga topshirish esa muvofiqlik siyosatini saqlab qolgan holda, kiritilgan o‘zgarishlar haqida xavotirlanmay, muammosiz ishlashga undaydi. Chunki mutaxassislar ish haqini hisoblash sohasida yuqori malakaga ega va bu sohadagi eng so‘nggi qonun-qoidalardan boxabardir. Shunday ekan, ushbu mutaxassislar ish haqini hisoblash tizimiga har qanday yangilanish yoki o‘zgartirishlar kerak bo‘lganda sizga ma’lum qiladi.

– Hamyonbop narxlarda sifatli xizmat ko‘rsatuvchi RevoTech kompaniyasi qaysi kompaniyalarni o‘ziga raqobatchi deb biladi?

– Hindiston va Filippinda joylashgan autsors kompaniyalarni raqobatchi, deb bilamiz.

– Asl mutaxassisligingiz nima? IT bo‘yicha qayerda tahsil olgansiz?

– Asl mutaxassisligim biznes menejment. Bu borada Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qiganman. IT bo‘yicha esa butun dunyoga mashhur IT markazi Silikon vodiysida tahsil olganman.

– IT sohasiga kirib kelayotgan yoshlarga tavsiyalaringiz…

– IT sohasiga kirib kelayotgan yoshlarga ilm olishni maslahat beraman. Chunki malakali kadr bo‘lib yetishish uchun o‘sha sohani mukammal bilish kerak!

Har bir daqiqasi pul turadigan IT mutaxassisi bilan bo‘lgan qizg‘in suhbatimizning to‘liq shaklini YouTube kanalimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin.

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring