Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

“Androidchi Yusuf” : Har qanday startapning asosiy maqsadi muammoni bartaraf etish bo‘lsa, u o‘zidan-o‘zi ommalashib boraveradi (+video)

So‘nggi yillarda frilanserlik faoliyati har qachongidan ham ommalashib, deyarli har uchinchi odam shu tarzda ishlashni ma’qul ko‘rmoqda. Ko‘pchilik o‘ziga-o‘zi xo‘jayin bo‘lib, erkin faoliyat yuritish uchun ham frilanserlikni tanlayapti. Bugun ushbu faoliyat turi haqida Android-dasturchi, frilanser Yusuf Abdullayev bilan suhbatlashamiz.

– Sizningcha, IT sohasida ishni nimadan boshlagan ma’qul?

IT sohasining qaysi yo‘nalishida ta’lim olishingizdan qat’i nazar, o‘z bilimlaringizni amaliyotda sinab ko‘rishingiz shart. Buning uchun boshlanishiga tekinga ishlashga ham to‘g‘ri keladi, ammo bu o‘z portfoliongizni yaratishingiz uchun juda muhim. Shaxsan o‘zim ham ishimni ana shunday boshlaganman. Ushbu sohada faoliyatning birinchi, ikkinchi yillarida e’tiborni maoshga emas, bilim olishga, tajriba orttirishga qaratgan ma’qul.

–  Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Androidchi Yusuf” taxallusi ostida shaxsiy kanalingizni yuritasiz. Shu kunga qadar nechta Android dastur yaratdingiz? Nega faqat Android uchun? iOS uchun ham dasturlaringiz mavjudmi?

Ha, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Androidchi Yusuf” sifatida o‘z shaxsiy brendimni yuritaman. Ilgari dasturchiligimni aytsam, doim qanday dastur yaratishimni ham tushuntirishimga to‘g‘ri kelardi. Shu bois ham hech qanday savollarga o‘rin qoldirmaslik maqsadida shu nomni tanlaganman. Albatta, faqat Android uchun emas, iOS uchun ham dasturlar yaratganman. Ammo uni asosiy yo‘nalishim sifatida ayta olmayman. Boisi, menga Android dasturlar yozish birmuncha qulayroq. Hozirga qadar 20 dan ziyod loyihalar ustida ishlab, foydalanuvchilar e’tiboriga havola etganman. Ular ichida eng ommalashgani sifatida Milliy bankning rasmiy ilovasi, shuningdek, Noon Academy onlayn ta’lim platformasini ayta olaman. Aynan shu Noon Academy onlayn ta’lim platformasining iOS versiyasini ham ishlab chiqqanman.

IT sohasida ishlashning va aynan frilanserlik bilan shug‘ullanishning afzalliklari haqida aytib o‘tsangiz.

Aynan O‘zbekistonda IT va frilanserlik bilan shug‘ullanishning afzalliklari haqida aytadigan bo‘lsam, eng birinchi navbatda, o‘z-o‘zingizni ish bilan ta’minlab, hech qanday soliq to‘lamasdan faoliyat olib borishingiz mumkin. Shuningdek, qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, dunyoning istalgan mamlakatidagi o‘zingizni qiziqtirgan loyihalarda bemalol ishlashingiz mumkin. Umuman olganda, frilanserlarning ishi nihoyatda qiziqarli, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

–  Frilanserlikka endigina kirib kelganlar asosan qanday muammolarga duch kelishadi? Bunday muammolarga duch kelmaslik va uni bartaraf etish uchun nima qilish kerak?

Frilanserlikka ilk bor kirib kelganlarning asosiy muammosi bu – buyurtma topish. Buning asosiy sabablaridan biri esa, tabiiyki, sizni hech kim tanimasligidir. Bunday holatda ham yuqorida aytib o‘tganimdek, turli kompaniyalarga o‘z xizmatlarini bepul taklif qilish va undan tashqari turli konferensiyalarda, tadbirlarda ishtirok etish orqali tanishlar orttirish ham yaxshi samara beradi.

– Mana, hozirgi kunda yurtimizda IT sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, qolaversa, yoshlarimiz orasida ham dasturchi bo‘lish istagidagilar soni tobora ortib bormoqda. Nima deb o‘ylaysiz, qachon bizning yurtdoshlarimiz IT sohasida qilgan yangiliklarni ham Telegram, Instagram yoki Twitter (X) dagi yangilanishlarini kutgandek kutib olishadi? Shu darajaga yetish uchun siz kabi soha mutaxassislaridan, xususan, frilanserlardan nimalar talab qilinadi?

O‘zbekistondan global miqyosdagi loyihalar chiqishi uchun, eng avvalo, mamlakatning o‘zi uchun loyihalar ishlab chiqish kerak. Chunki hech bir katta loyiha dastlab butun dunyoda foydalanish uchun ishlab chiqarilmagan. Ular shunchaki bir muammoni topib, uni hal qilishga qaratilgan. Shundan keyingina loyihalar kengayib, butun dunyo miqyosida keng foydalana boshlangan. Har qanday startapning asosiy maqsadi mashhurlikka erishish emas, muammoni bartaraf etish bo‘lsa, u o‘zidan-o‘zi ommalashib boraveradi.

Frilanserlik va IT tushunchalari ko‘p hollarda yonma-yon kelganligi bois aksariyat kishilar “men dasturlashni bilmayman, sohaga qiziqmayman”, deb o‘zlarini tortishadi, vaholanki, istalgan soha vakillari o‘z ishlarini frilanserlikka aylantirishlari mumkin. Hech ikkilanmay o‘z ish tarzlarini frilanserlikka aylantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari haqida bilishni istasangiz, ko‘rsatuvning to‘liq shaklini YouTube platformamiz orqali tomosha qiling va ict.xabar.uz sahifasiga obuna bo‘lishni unutmang!

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring