Talabalardan "massovka" sifatida foydalanmang!
E’tirof etish joizki, jamiyatimizda o‘qituvchi va murabbiylar obro‘yini ko‘tarish borasida juda katta ishlar qilinyapti. Ularnig nufuzini ko‘tarishni konstitutsiya darajasida belgilash, ularning ta’lim-tarbiya jarayonlariga to‘sqinlik qilmaslik, boshqa ishlarga jalb qilish hollarida jinoiy javobgarlikka tortishgacha takliflar kiritilayapti. Bu asl pedagog-murabbiylarning maqsad-vazifalariga uyg‘un keladigan holatdir. Zero bilim olish, ta’lim jarayonlariga hech qanday omillar to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Lekin bu borada talabalarimizning ta’lim olish jarayonlari, ularning haq-huquqlari ham davlatimiz manfaatlari doirasida ekanligini unutmasligimiz kerak, deb o‘ylayman. Hayotimizda hanuzgacha universitet talabalaridan “massovka” sifatida foydalanish, ya’ni hattoki o‘tilayotgan darslardan talabalarni guruhlab olib chiqib ketib, turli tadbirlarga jalb qilish, chunonchi, tadbir o‘tayotgan zalni “to‘ldirish” kabi holatlar tez-tez uchrab turadi. Prezident ta’lim sifati xaqida gapirayotgan bir vaqtda, ming afsuski, universitetlar raxbariyatiga turli mahalliy hokimliklar va ba’zi davlat organlari tomonidan qattiq bosim o‘tkazilishi natijasida talabalarning bilim olish, o‘z ustida ishlash jarayonlariga xalaqit berib, “xo‘ja ko‘rsin” amalida ish tutib, ularni ommaviy ravishda turli tadbirlarga olib chiqish hollarining guvohi bo‘lib kelyapmiz.
Buning oqibatlari haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rayapmizmi? Bu bilan biz o‘zimizning talabalarimiz kelajagiga bolta urmayapmizmi? Pedagogika va psixologiyada, tolerant insonlar tafakkurida “Farzandlarning begonasi bo‘lmaydi”, degan maslak deymizmi, aqidami, dunyoqarash desak to‘g‘ri bo‘ladi, bor. Uning mazmun-mohiyati shundan iboratki, talabalarimizga o‘z farzanlarimizdek munosabat, muomala, e’tiborda bo‘lishimiz kerak. Qaysi birimiz universitetga o‘qishga, bilim xazinasini to‘ldirishga ketgan farzandimizni mutloq boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishini xohlaymiz? Tanaga kirgan tikan hammaning jonini bir xil og‘ritadi. O‘zimizga, farzandlarimizga ravo ko‘rmagan narsani birovning farzandiga ravo ko‘rish yaxshi emasligini hammamiz tushunamiz, lekin unga rioya qilmaymiz.
Biz talabalarimizni shaxs sifatida hurmat qilsak, ertangi kun mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratsak, ularni kelajak lideri sifatida tarbiyalasak, o‘ylaymanki, talabalar ham o‘ziga nisbatan munosabati o‘zgaradi, ishonchi ko‘payadi, kelajakka umidlari va aniq maqsadlari to‘g‘ri shakllanadi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatning ijobiy o‘zgarishiga olib kelishi shubhasizdir.
Muzafar Jalolov,
Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori v.b.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter