“Oracle” O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov rahbarligidagi vazirlik delegatsiyasi “Oracle” korporatsiyasining ijrochi vitse-prezidenti Saymon De Monfor Voker va katta vitse-prezidenti Cherian Vargeze bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistondan turib “Oracle” kompaniyasining Markaziy Osiyo va MDHdagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari, shuningdek, bulutli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatning texnologiya korxonalari uchun asosiy afzalliklarini taqdim etdi.
Bularga qulay ishbilarmonlik muhiti, IT sohasini davlat tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlanishi, rivojlangan raqamli infratuzilma va malakali kadrlarning katta zaxirasi kiradi. O‘zbekistonda, ayniqsa, ma’lumotlar muhandisligi va bulutli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, IT mutaxassislarning xorijiy tillarni yuqori darajada bilishi mamlakatning xalqaro kompaniyalar uchun jozibadorligi va raqobatbardoshligini yanada oshirmoqda.
“Oracle” vakillari O‘zbekistonda, bulutli infratuzilma va ilovalar bilan bog‘liq sohalardagi bozor imkoniyatlarini o‘rganishga katta qiziqish bildirdilar.
“Oracle” bilan potensial hamkorlik O‘zbekistonning yetakchi IT hab sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishini rag‘batlantiradi.
Qolaversa, zamonaviy yechimlarni qo‘llash raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter