Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Махфуза Руйиддинова

«Самое безопасное место для корабля — побережье. Но он создан не для этого».

Xitoy tajribasi — sun’iy intellekt, beshinchi avlod tarmoqlari, raqamli valyutalar

Xitoy tajribasi — sun’iy intellekt, beshinchi avlod tarmoqlari, raqamli valyutalar

Foto: "vesti.ru"

Sun’iy intellekt, beshinchi avlod tarmoqlari, raqamli valyutalar va boshqa kibertexnologiyalar allaqachon insonlar hayotining ajralmas qismiga aylangan. Sanoatni raqamlashtirish yangi davrda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili hisoblanadi. Shu sababli, hukumatlar raqamli strategiyalarni faol ravishda ishlab chiqmoqda, ilg‘or mutaxassislarni jalb qilish yoki ularni yetishtirish va ilg‘or ishlanmalarda yetakchi bo‘lishga intilish kuchli.

Raqamlashtirish zamon talabi ekan, qaysi xorijiy tajribaga tayanganimiz ma’qul? Bugungi «Xorijiy tajriba» sahifasida Xitoyning texnologiya sohasidagi o‘sish tendensiyalariga nazar solamiz.

Pekin muhim texnologiya sohalarida standart o‘rnatishni maqsad qilgan va ko‘p jihatdan  allaqachon bunga erishdi ham. Mamlakatda bir qator tashabbuslar mavjud bo‘lib, ulardan eng mashhuri «Made in China 2025». Undan tashqari, «Digital China», «Axborot texnologiyalari bosh rejasi», «Keng polosali Xitoy» va «Internet+» ham mavjud. Ushbu tashabbuslar doirasida erishilgan yutuqlar kelgusi o‘n yilliklarda Xitoy iqtisodiyotining drayveriga aylanishi kerak.

Xitoy 14chi besh yillik davrdagi rivojlanish rejalarini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning yirik ma’lumotlar sanoati 2025 yil oxirigacha uch trillion yuandan (taxminan 470 milliard dollar) oshib, yillik o‘sish sur’ati qariyb 25 foizni tashkil etadi.

Rejada ma’lumotlar «ishlab chiqarish omili» va «milliy strategik resurs» ekanligi ta’kidlangan. Kelgusi besh yil ichida ma’lumotlar uchun narxlash mexanizmi yaratiladi va katta ma’lumotlarga asoslangan yanada ilg‘or xizmatlar paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, katta ma’lumotlar texnologiyalari oddiy fuqarolar uchun tushunarli bo‘ladi. So‘nggi besh yil ichida sektor allaqachon jadal rivojlanishga ulgurdi.

2021 yil davomida Xitoy shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni, kompaniya va tashkilotlar tomonidan ma’lumotlarni saqlash, qayta ishlash va harakatini tartibga soluvchi ma’lumotlar xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunni ishga tushirdi, shuningdek, 2007 yildagi Monopoliyaga qarshi qonunga o‘zgartirishlar loyihasini qabul qildi.

Vazirlik, shuningdek, 2025 yilgacha mamlakat sanoatini rivojlantirish siyosatining asosini tashkil etishi kerak bo‘lgan raqamli va real iqtisodiyot integratsiyasini jadallashtirish rejalarini ham ma’lum qildi. Xitoyning «5G+ sanoat interneti» tashabbusi jadal rivojlanmoqda, yuzdan ortiq yirik sanoat internet platformalari allaqachon tashkil etilgan, 1800 dan ortiq 5G+ sanoat Internet loyihalari, jumladan, tog‘-kon sanoati, ko‘mir qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi 10 ta asosiy sohani qamrab olgan.

Xitoy hukumati iqlim bo‘yicha o‘z maqsadlariga imkon qadar tezroq erishish uchun – 14chi besh yillikda YaIM birligiga energiya sarfini va YaIM birligiga karbonat angidrid chiqindilarini mos ravishda 13,5 va 18 foizga kamaytirishga intilmoqda. Uzoq muddatli istiqbolda bu Xitoy sanoatining jahon miqyosida raqobatbardoshligini oshiradi.

Ushbu maqsadlarning barchasiga erishish uchun Xitoyga iqtidorli dasturchilar kerak. Hukumat o‘z kuch-g‘ayratini mamlakat taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlarni yetishtirishga qaratmoqda.

O‘tgan yilning sentyabr oyida Si Szinpin Xitoy ko‘p sonli yuqori iqtidorli kadrlarni tarbiyalashga qodirligini, ular keyinchalik dunyoning yetakchi olimlari bo‘lishini e’lon qilgan edi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda iqtidorli tadqiqotchilar yetishib chiqishi uchun shart-sharoit beradigan maxsus hududlar paydo bo‘ladi. Bunday zonalar Pekin, Shanxay va Guangdong-Gonkong-Makao mintaqalarida rejalashtirilgan.

Xitoyning bugungi raqamlashtirish borasidagi siyosati sizga nimani eslatayapti?

Ha topdingiz! Bugungi kunda O‘zbekistonda «Raqamli O‘zbekiston 2030» strategiyasi doirasida raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, IT mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha o‘tgan yillar davomida IT Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 2,5 trln. so‘mni, xizmatlar eksporti hajmi esa 46 mln so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, rezidentlar eksportining 83,2 foizi AQShga, qolgan qismi Buyuk Britaniya, Koreya, MDH va BAAga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, 2022 yil oxirigacha eksport hajmi 80 million AQSh dollarini tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, berilayotgan imtiyozlar tufayli IT Park rezidentlari qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib, mamlakatimizda IT mutaxassislar safini ko‘paytirmoqda. Ya’ni, 2021 yil yakuniga ko‘ra, rezidentlar tashkil etgan korxonalarda 9850 kishi ish bilan ta’minlangan.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyotga qo‘yilayotgan yana bir katta qadamlardan biri, chet eldagi yetakchi IT kompaniyalari hamda mutaxassislarni aynan O‘zbekistonga jalb etish va shu o‘rinda milliy kadrlar zahirasini ko‘paytirish va tajribasini oshirishga qaratilgan. Bu borada chet el fuqarolari uchun imtiyozli uylar va IT vizalar taklif etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston IT sohasi rivoji uchun yana qanday imkoniyat va sharoitlar taqdim etayotgani haqida «O‘zbekiston – “ayti” biznes uchun eng qulay mamlakat» sarlavhasi ostidagi maqolani o‘qing.

 

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети