Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“The Education World Forum 2024“ doirasida imzolangan hamkorlik memorandumlari

“The Education World Forum 2024“ doirasida imzolangan hamkorlik memorandumlari

Ayni kunlarda London shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Jahon ta’lim forumi – 2024"da O‘zbekiston delegatsiyasi safida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Delegatsiya vakillari Forum dasturidan o‘rin olgan tadbirlarda faol ishtirok etib, ta’limning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashdi.

Forum doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov sun’iy intellektning rivojlanishi istiqbollari va uning ta’limga ta’siri mavzusida nutq so‘zladi. 

Shu bilan birga, delegatsiya tomonidan turli davlatlarning ta’lim kompaniyalari va tashkilotlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Jumladan, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov "Cambridge University Press and Assessment" tashkilotining Yevropa, Markaziy Osiyo va Pokiston ta’lim bo‘yicha hamkorlik rahbari Stiv King bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi va Cambridge vakillari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, "Cambridge University Press and Assessment" tomonidan grant mablag‘i ajratilishi bo‘yicha dastlabki kelishuvga ham erishildi. 

Qolaversa, “Computing Technology Industry Association” (CompTIA) – vitse prezidentlari Emi Kardel va Jeyson Moss bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 

Quvonarlisi shundaki, CompTIA o‘zining turli xil ta’lim resurslari orqali O‘zbekistonlik IT mutaxassislari uchun turli darajadagi kurslar, seminar va treninglar tashkil etish masalalariga e’tibor qaratdi.

Uchrashuv yakunida esa CompTIA, IT ta’lim uyushmasi va Toshkentdagi AMITY universitetlari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik dasturi imzolandi.

Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, IT ta’lim uyushmasi va Toshkentdagi AMITY universitetlari CompTIAning rasmiy "Platinum" hamkori maqomini oldilar.

Bu hali hammasi emas, Wolverhampton universiteti vitse-prezidenti Ebraxim Aida bilan ham IT ta’lim sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bazasida Wolverhampton universitetining fakultetini ochish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Forumda Googlening ta’lim sohasidagi so‘nggi yangiliklari, shu jumladan, o‘qituvchilar va talabalar uchun maxsus ishlab chiqilgan vositalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv so‘ngida esa ta’lim tizimining o‘ziga xos ehtiyojlarini va innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini aniqlash uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi va Google for Education o‘rtasida raqamli savodxonlikni oshirish va o‘qitishning innovatsion usullarini qo‘llash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimiz ta’lim tizimida sun’iy intellektni rivojlantirish va o‘qitish bo‘yicha qo‘shma strategiyani yaratish choralarini ko‘rishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring