Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqamlashtirish bo‘yicha maxsus taqdimot: Unda madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi (video)

Bugun Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi o‘laroq, barcha soha vakillarini, xususan, ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalarini yurtimizda raqamlashtirish sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, kelgusi yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirda madaniyat va san’at sohasi vakillarining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirok etishdi. 

Tadbir davomida “O‘zbekiston — Markaziy Osiyo AyTi xabi” videotaqdimoti, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida raqamlashtirish yo‘nalishidagi maqsadlar, raqamli hukumat ekotizimi hamda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi, “My.gov.uz” Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, raqamli ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi istiqbolli loyihalar, AyTi xizmatlar eksporti va eksportyor kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan sharoitlar kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bugungi kunda mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilayotganini, joriy yilning o‘zida ta’lim, bank, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100 ta dasturiy loyiha ishlab chiqilganligini, 500 dan ziyod yangi AyTi kompaniyalari tashkil etilib, sohaga 475 million dollar xorijiy investitsiya kirib kelganini, joriy yilning 20-dekabr kuni tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar — korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar”, deya ta’kidlanligini aytib o‘tdi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov raqamlashtirish ko‘nikmalarini egallash va uni sohalarga tatbiq qilish nafaqat har bir vazirlik va idora, balki har bir fuqaro uchun ham muhim ekanligini alohida ta’kidladi.

Taqdimot marosimida ishtirokchilar raqamlashtirish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish barobarida, ushbu yo‘nalishda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham javob olishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring