Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston vakillari “M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

O‘zbekiston vakillari “M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

16-17-may kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida mobil telekommunikatsiya tarmoqlarining istiqbollariga qaratilgan “M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Ozarbayjon raqamli rivojlanish va transport vazirligi hamda GSM xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, mamlakatning yirik mobil aloqa operatori Azercell bosh homiyligida tashkil etilgan bo‘lib, unda mobil va raqamli maydonda ishtirok etuvchi hududiy va xalqaro ekspertlar, jahondagi yetakchi mobil aloqa operatorlari rahbarlari qatnashdi.

Kun tartibiga raqamli texnologiyalar barqarorligi, mijozlar bilan aloqalarni mustahkamlash, 5G va istiqboldagi infratuzilma, narsalar interneti, mashina yordamida o‘qitish va sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik va boshqa dolzarb masalalar kiritilgan bo‘lib, mazkur sohalarda vujudga kelayotgan muammolar va yutuqlar haqida fikrlar almashildi.

Konferensiyaning ochilishida so‘zga chiqqan “Azercell Telekom” MChJ prezidenti Zarina Zeynalova raqamli barqarorlikni ta’minlashda mobil aloqa operatorlari muhim o‘rin egallayotganiga urg‘u berdi.

Anjumanda 51 mamlakatdan 365 ta kompaniyaning 881 nafar vakili hamda 22 nafar xalqaro ekspert o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Nufuzli tadbirda O‘zbekiston vakillari GSM xalqaro assotsiatsiyasining vakillari bilan uchrashib, hozirda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish, sohadagi istiqbolli rejalar va innovatsion yondashuvlarni muhokama qilishdi. Uchrashuvda o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot uchun: GSM xalqaro assotsiatsiyasi 218 mamlakatning 800 dan ortiq mobil aloqa operatorlarini birlashtirgan tashkilot bo‘lib, GSM, 3G, 4G va 5G standartidagi 3 mlrd.dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi, bu esa jahondagi mobil aloqa foydalanuvchilarining 86 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston vakillari Ozarbayjon raqamli rivojlanish va transport vazirligi huzuridagi “AzInTelecom” MChJ boshqaruvi raisi Elxan Azizov bilan uchrashdilar. Uchrashuvda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish sohasida o‘zaro tajriba almashinilib, kelgusidagi hamkorlik rejalari kelishib olindi.

Mazkur uchrashuv doirasida O‘zbekistonda uyali aloqa darajasida firibgarlikka qarshi himoyani ta’minlash, mijozlarning shubhali harakatlarini aniqlash, frodga qarshi kurashish bo‘yicha tashqi tizimlarga buyruqlar yuborish, bank kartalari foydalanuvchilarining mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishga qarshi kurashish yo‘nalishida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni nazorat qilishi tizimi “Subscriber Control”, ya’ni abonent hodisalarini kuzatish platformasi, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarida xalqaro ovozli trafikni o‘tkazishda qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi holatlarini aniqlash va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish jarayonini avtomatlashtirish, firibgarlik sxemalarida foydalaniladigan abonent telefon raqamlarini aniqlash va ularni o‘chirish, tarmoq tranzaksiyalari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish, SIM-bokslar bilan bog‘liq firibgarlikning barcha holatlarini bartaraf etishga qaratilgan “Antifrod” tizimlarining joriy etilayotganligi to‘g‘risida taqdimot namoyish etildi.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar Ozarbayjon vakillarida qiziqish uyg‘otib, tizimlarning ishlash mexanizmi va texnologiyalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

“M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasi xalqaro tashkilotlar va ekspertlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni tashkil etuvchi maydon hisoblanib, raqamli barqarorlikni ta’minlash yo‘lida poydevor vazifasini bajaradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring