O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritishga eng qulay mamlakatlardan biridir
Kuni kecha, 23-oktabr kuni Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasidagi “O‘zbekiston xalqaro biznesning yangi markazi sifatida: xorijiy kompaniyalar uchun imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro tadbir tashkil etilgan edi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Latviya Respublikasining sobiq Prezidenti Raymonds Veyonis, Serbiya Respublikasining sobiq Prezidenti Boris Tadich, Xalqaro elektraloqa ittifoqi sobiq bosh kotibi Hamadoun Ture, Irlandiyaning IDA (Industrial Development Authority) tashkiloti maslahatchisi Shon Makklin, “NEC” korporatsiyasi sobiq vitse-prezidenti hozirgi kunda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akihiro Sakurai ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Serbiya Respublikasining sobiq Prezidenti Boris Tadich so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ajoyib o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda va bu ishlar butun dunyo tomonidan Markaziy Osiyo tarixidagi muhim voqealar sifatida tan olingan.
O‘zbekiston hukumati tomonidan IT sohasiga berilayotgan e’tibor tufayli O‘zbekiston “Mintaqaviy IT-Hub”ga aylanmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritishga eng qulay mamlakatlardan biridir.
O‘zbekistonda Raqamli startaplarni rivojlantirish orqali hukumat, bugungi davr talablariga dosh berishga tayyor bo‘lgan tadbirkorlarning yangi avlodini keng qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu startapchilar nafaqat iqtisodiy ishtirokchilar, balki ijtimoiy qiymat yaratish va turmush darajasini oshirishda muhim hamkorlardir.
O‘zbekistonda Raqamli startaplarni rivojlantirish uchun kiritilgan xorijiy investitsiyalar miqdorida mahalliy mablag‘ ajratilishi muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan spikerlardan biri “NEC” korporatsiyasi sobiq vitse-prezidenti hozirgi kunda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akihiro Sakurai fikricha, Jahon mehnat bozori va iqtisodiyotining raqamlashuvini inobatga olgan holda, mamlakat zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. IT ta’lim dasturi 300 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratishni va har yili 15 000 dan ortiq mutaxassis tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Davlat dasturlari yoshlarning xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarini qoplashni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ularning milliy va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshiradi. Shuning yordamida o‘zbekistonlik mutaxassislar nufuzli loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lib, mamlakatning IT bo‘yicha xalqaro miqyosdagi rolini kuchaytiradi.
2023–2024-yillarda 826 000 dan ortiq fuqaro onlayn platformalar orqali ta’lim oldi. Bu raqamli ta’limga talab yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda.
Mazkur barcha chora-tadbirlar O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti uchun yetakchi kadrlar tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, ular nafaqat mamlakat ehtiyojini qondiradi, balki O‘zbekistonni raqamli texnologiyalar sohasida global zanjirlarga integratsiya qilishga yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter