Digital twin (raqamli egizaklar) — korxona jarayonlarini optimallashtirish vositasi
Hozirda Raqamli egizak texnologiyasi yani “digital twin” korxonalar tomonidan transport, ishlab chiqarish, savdo va boshqa ko‘plab asosiy funksiyalarda qo‘llanilayotgan muhim texnologiya sifatida e’tirof etilmoqda.
Digital twin o‘zi qanday texnologiya, undan qay maqsadlarda foydalaniladi va kelajakda korxonalarga keltiradigan foydalari haqida batafsil ushbu maqolada to‘xtalib o‘tamiz.
Raqamli egizak (digital twin) – bu korxonaning mulklari, jarayonlari yoki umumiy tizimining raqamli modeli bo‘lib, u amaliy ishlar natijasida olingan barcha ma’lumotlarga tayangan holda yaratiladi. Yakunda, ushbu texnologiya orqali korxonaning mavjud resurslariga tegishli turli xil virtual modellashtirish va tahlillarni o‘tkazish mumkin, bu esa, eng asosiysi korxonaga real zarar yetkazmasdan amalga oshiriladi.
Ushbu texnologiya yordamida korxonaning zaif uskunalari va muammolarni oldindan aniqlash, ularni yuzaga kelishidan oldin bartaraf etish, shuningdek, mahsulotlarni logistik yo‘nalishini maksimal samaradorlik va xarajatlarni tejash maqsadida optimallashtirish usullarini ko‘rib chiqish mumkin. Bu texnologiya qaror qabul qiluvchilar uchun amaliy holatga yaqin ssenariylarni ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi.
Agar korxonalarning funksional qismlarini chuqurroq tahlil qilsak, birinchi o‘rinda logistikaning korxona boshqaruvida muhim o‘rni borligi va ko‘pincha korxona uchun katta xarajatlar hamda samarasizlik manbai bo‘lishi mumkinligini anglashimiz mumkin. Raqamli egizak texnologiyasi esa mazkur masalani hal qilishda muvaffaqiyatli yechim sifatida namoyon bo‘ladi. Xususan, u korxonalarga transport yo‘nalishlarini optimallashtirish va transport tarmog‘ining virtual modelini yaratish orqali xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. Ushbu jarayon transport yo‘llarini, ob-havo sharoitlarini, transport vositalarining sig‘imi va boshqa ko‘plab omillarni tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.
Keyingi navbatda raqamli egizak texnologiyasining ta’minot zanjiri tarmog‘i dizaynini optimallashtirishdagi ahamiyatini alohida qayd etish zarur. Bunday sharoitda raqamli egizak texnologiyasi yordamida korxonalar ta’minot zanjiri tarmog‘ining virtual modelini yaratish orqali turli tarmoq dizaynlarini simulyasiya qilish va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Misol tariqasida, bozordagi talabning o‘zgarishlari, ishlab chiqarish quvvati bo‘yicha ma’lumotlar hamda zaxira darajalarini tahlil qilish orqali raqamli egizak texnologiyasi korxonalarga eng unumli va tejamkor tarmoq dizaynini aniqlashda yordam ko‘rsatadi.
Raqamli egizak texnologiyasi ishlab chiqarish jarayonining virtual modelini yaratishda ham foydalaniladi. Ayniqsa, ishlab chiqarish yondashuvi, quvvati, xom ashyo ta’minoti va energiya manbalari haqida ma’lumotlarni tahlil qilish orqali raqamli egizak texnologiyasi korxonalarga operatsion muhitdagi o‘zgarishlarni oldindan aniqlash va rejalashtirishda katta yordam beradi.
Bu ilg‘or texnologiya asosida yaratilgan tizim, shubhasiz, ko‘plab mahalliy korxonalarga katta foyda keltirishi mumkin. Shu sababli, uni amaliyotga tatbiq etish ayni muddao, chunki haqiqiy xatolar va ularga yechim topish ko‘p xarajat va vaqt talab qiladi. Raqamli egizak texnologiyasi esa bu ikki muammoni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Ayni paytda, sanoat avtomatlashtirish sohasida dunyo bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan yirik va nufuzli kompaniyalar raqamli egizak texnologiyasi bo‘yicha muvaffaqiyatli xizmat ko‘rsatib, o‘zlarining sezilarli yutuqlarini namoyish etmoqda. Bu kompaniyalar orasida General Electric, Microsoft, Siemens va Rockwell Automation kabilarni sanash mumkin.
Sohibxon Salixov
Ta’minot zanjiri bo‘yicha ekspert
Wisconsin-Madison universiteti MBA sohibi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter