Toyota taxtni Teslaga topshirdi
2023-yilda nafaqat Apple, Samsungni ortda qoldirib, birinchi marta eng yetakchi smartfonlar ishlab chiqaruvchisiga aylangani bilan esda qoldi. Avtomobillar olamida ham bundan kam ahamiyatga ega bo‘lmagan voqea sodir bo‘ldi. Eng ko‘p sotilgan avtomobil maqomini 10 yildan ziyod ushlab turgan Toyota Corolla 2023-yilda taxtni yangi qirolga bo‘shatishga majbur bo‘ldi.
Motor1 nashri JATO Dynamics va Car Industry Analysis tadqiqotlariga asoslanib yozishicha, 2023-yilning eng ko‘p sotilgan avtomodeli Tesla Model Y elektromobili bo‘ldi. To‘g‘ri, ma’lumotlar joriy yilning ikkinchi choragida yanayam oydinlashadi, biroq Toyotaning cho‘zilib ketgan yetakchiligi poyoniga yetganini dalillash uchun hozirdan asoslar istalgancha topiladi.
Tahlilchilar AQSh, Kanada, Yevropaning katta qismi, Xitoy, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Lotin Ameriksining asosiy bozorlari, Janubi-sharqiy Osiyoning aksariyat bozorlari, Rossiya, Turkiya, Isroil bo‘yicha to‘liq hamda Yaqin Sharq, Shimoliy va Janubiy Afrika, Yaponiya, Gonkong, Malayziya, Tailand, Filippin va boshqa nisbatan kichik mintaqalar bo‘yicha qisman baholashlar o‘tkazishdi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda 1,23 millionta yoki 2022-yilga nisbatan 64 foiz ko‘p Tesla Model Y elektromobillari sotilgan. Xuddi shu davrda Toyota Corolla savdolari 1,1 milliontani tashkil qilgan.
Ekspertlarning fikricha, elektromobillarning ikki yirik bozori — Yevropa va Xitoyda Tesla Model Y modellariga talab yuqori. Xitoy avtomobilsozlari uyushmasi ma’lumot berishicha, Xitoyda 2023-yilda 456 mingtadan ziyod Tesla elektr krossoverlari sotilgan, bu 2022-yilga nisbatan 45 foiz ko‘p.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter