Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Texnonahanglar va geosiyosat qanday qilib suvosti internet infratuzilmasini shakllantirayotgani to‘g‘risida

Texnonahanglar va geosiyosat qanday qilib suvosti internet infratuzilmasini shakllantirayotgani to‘g‘risida

Foto: Vietnam.vn

The Economist nashri yirik texnologiya kompaniyalari va geosiyosat ta’siri ostida suvosti internet infratuzilmasi qanday shakllanayotganiga bag‘ishlangan maqola chiqardi. Maqolani o‘zbek tiliga o‘girib, saytimizda e’tiboringizga havola etyapmiz.   

Ma’lumotlarni uzatish kabellari iqtisodiy va strategik boyliklarga aylanmoqda

Shu oyning boshida Buyuk Britaniya, Finlyandiya va Estoniya harbiy-dengiz kuchlari Boltiq dengizida hamkorlikda o‘quv o‘tkazdi — ularning maqsadi jangovar tayyorgarlikni yanada toblash emas edi. Buning o‘rniga hamkorlar suvosti gaz quvurlari va kabellarni himoyalashni mashq qilishdi. Harbiy o‘quv hududda suvosti kabellariga shikast yetkazilgan oktyabr oyidan picha muddat o‘tib boshlangani e’tiborga molik. O‘shanda Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo bir savolni o‘rtaga tashlagandi: voqeada ayblangan Xitoy kemasi okean tubiga langarni “atayin tashlaganmi yo kema boshqaruvchilari no‘noqlik qilishganmi”.

Suvosti kabellari ilgari Butunjahon to‘ri (internet)ning shunchaki bir qismi sanalgan. Endi bo‘lsa Amazon, Google, Meta va Microsoft kabi “ma’lumotlar iqtisodiyoti” nahanglari, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi jahon raqamli infratuzilmasini bo‘laklab yuborish xavfiga zamin yaratayotgan ziddiyatli munosabatlarga ham qaramasdan, ma’lumotlari oqimi nazoratini kuchaytirishni talab qilishmoqda. Natijada suvosti kabellari bebaho iqtisodiy va strategik boyliklarga aylanmoqda.

Qit’alararo internet-trafikning qariyb 99 foizi suvosti kanallari orqali o‘tadi. TeleGeography kompaniyasi tadqiqotlariga ko‘ra, hozirda ishlab turgan va rejalashtirilgan suvosti kabellarining uzunligi 1,4 million kilometrdan oshadi. Har bir kabel 12-16 ta optik tolali bog‘lam (har biri taxminan bog‘-rog‘larni sug‘orishda ishlatiladigan shlang qalinligida)dan iborat bo‘lib, o‘rtacha 3 600 km chuqurlikdagi dengiz tubidan o‘tgan. Kabellarning deyarli yarmi so‘nggi 10 yilda yotqizilgan. Yangi kabellar bir soniyada 250 terabit ma’lumot o‘tkazishga qodir, 1,3 millionta videorolikning og‘irligi taxminan shuncha keladi. Ma’lumotlar bulutlarda (bulutli texnologiyalar) saqlanadi, ammo okean tubi bo‘ylab “oqadi”.

2019-yildan buyon internetning xalqaro o‘tkazuvchanlik qobiliyati uch karra yoki soniyasiga 3800 terabitgachadan ko‘proq oshdi, deb baholadi TeleGeography. Ulkan hajmdagi ma’lumotlarni iste’mol qiluvchi sun’iy intellektning oyoqqa turayotgani inobatga olinsa, bu tendensiya yanayam rivojlanadi. Kelgusi olti yil davomida yirik bulut provayderlarining data-markazlari quvvati salkam uch baravarga oshadi, deya prognoz qildi ma’lumotlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan Synergy Research Group kompaniyasi. Ma’lumotlar bilan ishlovchi bu markazlarni internetga ulash uchun 2020-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan oraliqda tegishli kabel sanoati 440 ming km yangi suvosti liniyalarini o‘tkazishi zarur bo‘ladi.

Yirik texnologiya kompaniyalari sharofati bilan suvosti kabellari sohasida katta qadamlar tashlandi. 2000-yillarning boshlariga qadar suvosti kabellaridan butun dunyo bo‘ylab asosan ovozli xabarlarni jo‘natishda foydalanilgan. Bu salohiyatning ulkan qismini BT va Orange (sobiq France Telecom) nazorat qilgan. 2010-yillarga kelib ma’lumotlar trafigi keskin oshib ketishi natijasida Amazon, Google, Meta va Microsoft kabi internet va bulutli hisoblash gigantlari ushbu liniyalarni ijaraga olishni boshladi.

Ma’lumotlarga talab o‘sishi barobarida texnologiya kompaniyalari o‘z kabellarini yotqizishga kirishib ketdi. 2012-yilda yuqoridagi to‘rt kompaniya xalqaro ma’lumotlar o‘tkazish kabellarining taxminan o‘nda bir qismidan foydalanardi. Hozir ushbu kvartetning ulushi salkam uchdan bir qismga yaqinlashib qoldi. “Katta texnologiyalarning” chuqur cho‘ntaklari loyihalar nihoyasiga yetkazilishini kafolatlaydi. Sohaning Submarine Telecoms Forum tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, barcha e’lon qilingan kabel tizimlari loyihalarining yarmiga yaqini chindan ham qurilmoqda, bevosita texnologiya kompaniyalarining kabel qurish rejalari esa deyarli doim amalga oshirilyapti.


Kelgusi to‘rt yilda yaratilishi rejalashtirilgan kabel tizimlariga sarflanadigan $12 mlrdning beshdan bir qismi yirik texnologiya kompaniyalariga to‘g‘ri kelmoqda. Amazon — bitta, Microsoft — to‘rtta kabel liniyasida hamsherik hisoblanadi. Meta esa bir kabel liniyasiga to‘liq o‘zi egalik qilishdan tashqari, boshqalarning 14 ta liniyasiga sarmoya tikkan. Bular orasida Googlega yetadigani yo‘q — internet giganti ishtirokidagi 26 ta kabel tizimining 12 tasi — to‘liq o‘ziniki. 2023-yilda Google yakuniga yetkazgan 360 mln dollarlik Firmina loyihasi doirasida 14 000 km uzunlikdagi suvosti kabellari Shimoliy Amerika sharqiy sohillaridan boshlanib, Braziliya va Argentinagacha yetib bordi.

Maxsus kabellar sababli texnologiya gigantlari begona kanallarning o‘tkazish qobiliyatidan foydalanishga ehtiyoj sezishmaydi yoki bo‘lmasa foydalanuvchilarning talablariga tez moslashishadi, istalgan muammolarga (mabodo marshrut kabeliga shikast yetgan bo‘lsa, ma’lumotlar kompaniyaning boshqa liniyasiga yo‘naltiriladi) tez chora ko‘risha oladi.

Alan Mauldin (TeleGeography vakili) ta’kidlashicha, operator-xo‘jayin maqomi ham texnogigantlarga o‘z ixtisoslashuviga muvofiq qarorlar chiqarishda qo‘l keladi. Aksariyat operatorlar dengizosti kabellarini quruqlikdagi mijozlarning ma’lumotlariga ishlov berish markazlari bilan birlashuvchi umumiy “aloqa bog‘lamlari”dan foydalanishga majbur. O‘z kabellariga ega kompaniyalar esa kabellarni bevosita o‘z data-markazlariga ulashadi va ma’lumotlarni yuqoriroq tezlikda uzatishadi.

Kabellarning o‘tkazuvchanligi va tezligi “aqlli” texnologiyalarning joriy etilishi hisobiga qo‘shimchasiga oshmoqda. 2019-yilda Google kabeldagi optik tolali “arqonlar” sonini 16 tadan 24 tagacha oshirish imkonini beruvchi innovatsiyasi (keng bo‘linishli multipleksirlash)ini joriy etdi. Bu yil esa kompaniya yanada ilgarilab, optik tola klasterlari yadrosini ikki hissa oshirdi. Natijada Tayvan va Filippinni Amerika bilan bog‘lovchi ushbu kabel tizimi o‘tkazuvchanligi oshib, unga xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamaydi.

Bularning barchasi ma’lumotlar uzatish kabellari biznesi qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bir paytlar telekommunikatsiya kompaniyalari kabellaridan ijara haqi to‘lab foydalangan texnologiya gigantlari bugun o‘z kabellarini aloqa operatorlariga ijaraga bermoqda. Jarayoning bunday o‘zgarishi telekommunikatsiya kompaniyalariga ham ma’qul, negaki, ular mijozlarning kabellar (internet) tezligini oshirish borasidagi doimiy bosimi ostida ishlashadi, biroq uzundan-uzun kabel liniyalarini yotqizish uchun yetarlicha sarmoya to‘plash telekom-kompaniyalarning azaliy muammosi bo‘lib kelgan. Kabellarni yotqizish uchun kerakli texnika va jihozlarni (bevosita kabellarni ham) ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun hozir — eng yaxshi davr.

Boshqa global sohalar kabi, ma’lumot uzatish kabellari ishlab chiqarish biznesi ham Amerika va Xitoy o‘rtasidagi texnologiyalar poygasiga aylanib ketdi. Misol uchun, Tinch okeani kabel tarmog‘i (Pacific Light Cable Network, plcn)ni olaylik. 13 ming kilometrli ushbu ma’lumotlar o‘tkazish tizimini yaratish haqida Google va Meta 2016-yilda e’lon qilgandi. Maqsad — Amerika g‘arbiy sohilini Gonkong bilan bog‘lash edi. Rejaga ko‘ra, Amerikada qurilishi boshlangan kabel 2020-yilda Filippin va Tayvanga yetib kelishi kerak edi. Biroq o‘tgan yili Xitoy hukumatining amerikaliklarning ma’lumotlariga kirishi osonlashishidan xavotirlangan AQSh hukumati Gonkonggacha bo‘lgan so‘nggi bo‘lakni qurishga ruxsat bermadi. Gonkongni ulkan tarmoqqa bog‘lashi lozim bo‘lgan yuzlab kilometr kabellar okean tubida yotibdi.

Amerika Xitoyga boshqa yo‘l bilan ham xalaqit berishga urinyapti. Ummon chuqurliklarida kabel yotqizish — o‘ta mashaqqatli ish. Bu ko‘nikmaga ega pudratchilar esa sanoqli. Okeanlar tubida yotqizilayotgan kabellar xarajatlarining 80 foizi uch kompaniya — Alcatel Submarine Networks (Fransiya), Nec (Yaponiya) va SubCom (AQSh)ga to‘g‘ri keladi. Huawei sharofati bilan paydo bo‘lgan HMN Tech (Xitoy)ning ulushi esa 9 foiz atrofida. Biroq G‘arb va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat fonida Amerikaga mo‘ljallangan yangi kabellar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning ko‘pi HMN Techni chetlab o‘tyapti. Xitoylik kompaniyadan ta’minotchi sifatida foydalanishdan ularni aynitishayotganini telekommunikatsiya kompaniyalari rahbarlarining o‘zlari ham tasdiqlashmoqda. 2022-yilda bir guruh operatorlarga (ular orasida Bharti Airtel (Hindiston, SingTel (Singapur) ham bor) tegishli, Janubi-Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi 19 ming kilometrli SEA-ME-WE 6 liniyasini qurish bo‘yicha foydali shartnoma SubCom (AQSh) kompaniyasiga nasib etdi, holbuki, ayrim xabarlarga ko‘ra, xitoyliklar (HMN) arzonroqqa qurib berishmoqchi bo‘lgan.

Xitoy ham indamay turadiganlardan emas. Keniya va Fransiyani Pokiston orqali bog‘lovchi 21 500 kilometrli Peace suvosti kabeli Xitoyning global ta’sirini kuchaytirishi kutilayotgan “Raqamli ipak yo‘li” dasturi doirasida to‘liq xitoyliklar tomonidan qurildi. Reuters agentligi xabar berishicha, bu yil Xitoyning uch aloqa operatori (China Telecom, China Unicom va China Mobile Limited) Xitoyni Singapur, Pokiston va Misr orqali Fransiya bilan bog‘lovchi kabel tarmog‘iga 500 mln dollar sarmoya kiritmoqda. Loyihani HMN Tech kompaniyasi amalga oshiradi, yangi liniya amerikaliklar tenderini yutib olgan SEA-ME-WE 6 liniyasiga juda jiddiy raqobat tug‘diradi (ikkalasining marshruti deyarli bir xil).

Xitoy-Amerika raqobatining keskinlashuviga qaramay, 2019–2023-yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasida ma’lumotlar o‘tkazish qobiliyati 20 foizga o‘sgan. Har ikki mamlakatning jumladan kabellardan ham foydalanuvchi mobil aloqa operatorlari bir-birining hududidagi tarmoqlarga ulanish imkoniyatlarini kengaytirishda davom etmoqda. Birok kerakli lizensiyani qo‘lga kiritish tobora murakkablashmoqda.

Shu yilning mart oyida Amerika federal aloqa komissiyasi litsenziya egalari haqida katta ma’lumotlar taqdim etish shartligi belgilangan taklifni e’lon qildi. Ushbu bayonotda, shuningdek, Amerikada China Telecom jismoniy infratuzilmasining mavjudligi “milliy xavfsizlik va huquq-tartibotga xatar tug‘dirishi” aytilgan. Oqibatda bit va baytlar yanada chalkash va uzun, demakki, yanada qimmat yo‘llarni bosib o‘tishga mahkum. Tinch okeanidagi ziddiyat keskinlashib boraversa, kunlarning birida suvosti marshrutlaridan asar ham qolmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring