Qatralarda aks etgan ummon yoki audiokitob o‘qish ommalashganmi?

Inson umrini oqar daryoga qiyoslashadi. Bu umr atalmish ne’matning g‘animatligiga, omonatligiga, qaytmasligiga ishora. Mana shu qisqa, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘z ochib yumgunchalik vaqtda odam bolasi nimalar qilmaydi deysiz?!.
Darhaqiqat, inson bolasi uchun eng muhim narsa nima, degan savol har doim dolzarb bo‘lib kelgan. Aytish mumkinki, mana shu qisqa umri davomida insonga dunyoviy ne’matlar kabi ruhiy ozuqa ham katta ehtiyoj bo‘lib kelgan.
Buyuk ruhiy ozuqa manbai esa — bu kitobdir. Bir zamonlar tog‘u toshlarga, daraxt yaproqlariga, sopollarga, hayvon terisiga yozilgan so‘zlardan iborat “kitob”lar haqida biz tarixiy adabiyotlarda ko‘p o‘qiganmiz. Bugun juda ko‘p insonning uyida katta-kichik o‘z kutubxonasi bor. Ammo kitobi yo‘q yoki kitobatga qadr yo‘q xonadonlar ham, ming taassufki, uchrab turadi.
Bordi-yu agar mendan odamlarni toifaga bo‘lishni so‘rashsa, ularni iqtisodiy va ijtimoiy maqomidan kelib chiqib emas, balki kitob o‘qigan yoki o‘qimaganiga qarab ikki toifaga bo‘lish to‘g‘ri bo‘lar edi, deb hisoblayman.
Bebaho ijodkorlarimiz qalamiga mansub namunalarda gazeta, jurnal va kitoblarni o‘qib o‘rganasiz, qayerdadir bahslashasiz va o‘z hayot yo‘lingizni topib olasiz. Bu yorug‘ yo‘lda bemalol mo‘ljallagan manzilni ko‘rish, tasavvur qilishingiz mumkin. Farzandlar kamoli, kelajagini o‘ylagan har bir oilada, mahallada, jamiyatda kitobga, kitobxonlikka e’tibor albatta yuksak bo‘ladi.
Kitobga ishtiyoq eng avvalo, oiladagi muhitga bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga bo‘lgan e’tibor farzandlar tarbiyasida juda ham qo‘l keladi. Yoshligida kitob o‘qib katta bo‘lgan bolaning dunyoqarashi va fikrlash qobiliyati kitob o‘qimagan o‘smirnikiga qaraganda sezilarli darajada keng bo‘ladi. Kitob – aql oynasi, fikrlash bulog‘i, tafakkur manbaidir.
Atoqli adibimiz Shukur Xolmirzayev bir paytlar matbuot orqali “Adabiyot o‘ladimi?” deya bong urgan edi. Bu – kitobxonlik, kitob ham o‘ladimi shaklida qalblarda aks-sado bergan, keyin butun ziyoli qatlamlar bu hayriqqa qo‘shilib, kitobxonlik madaniyatini munosib targ‘ib qila olishgan edi. Kitob — zavol topmaydigan o‘lmas boylik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilning 12-yanvar kuni qabul qilingan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan alohida farmoyishi ham o‘z vaqtida e’lon qilingani bilan ahamiyatlidir.
Xalqimizda: “Kitob ko‘rmagan kalla — giyoh unmagan dala” degan naql bor. Kitob o‘z o‘quvchisiniu hali ko‘rmagan dunyolarga olib borib, hali eshitmagan so‘zlarini quloqlari ostida shivirlaydi, barralla aytadi.
XXI asr — axborot texnologiyalari asri. Davrning shiddati-shashti, ruhiyat shakllari ham o‘zgargan. Dunyoning narigi chekkasida nima bo‘layotganini, bu manzillarida turib bemalol onlayn ravishda kuzatib borish imkonlari paydo bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, axborot olish va uning salohiyatidan unumli foydalanib, bilim o‘zlashtirib, tafakkurni inson o‘zi xohlagan kabi o‘stirish imkoni juda keng. Ana shu bemisl tezkor jarayonlarda hammada ham bemalol kutubxonaga borish, do‘kondan kitob sotib olib, bemalol mutolaa qilish uchun vaqt topishi qiyinroq kechadi...
Mana shunday paytlarda audio kitoblar qulay ko‘makchiga aylanayapti. Audio, ya’ni ovozli kitoblar – asar matnining ovozli ko‘rinishi. Uy-ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan, tamaddi chog‘ida, ishxonada kompyuter qarshisida ko‘zingiz tolganda, tiqilinch ko‘chalar uzra avtomobilda yurganda, sport bilan shug‘ullanayotganda, kutish joylarida, uyqu oldidan, qo‘yingchi, bo‘sh vaqt topildi deguncha ularni eshitib, maroq olish mumkin.
Bolaligimda oilaviy safarga otlansak, yo‘lda zerikmaslik uchun o‘zim bilan kitob olib ketardim. Dadam transportda kitob o‘qish ko‘z uchun nihoyatda zararli ekanini ta’kidlab, tanbeh berar va ruxsat etmasdilar. Qani, o‘sha toblarda hozirgi audio kitoblar bo‘lganda, deya afsus qilaman. Ovozli kitoblar nafaqat kishini zeriktirmaydi, balki vaqtingizni ham tejaydi. Eng muhimi, o‘qish, o‘rganishdek ne’matdan bebahra qolmaysiz.
Darvoqe, internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan ko‘plab asarlarning turli tillardagi ovozli nusxalarini topish mumkin. Yoshlarimiz, ayniqsa, mazmuni sayoz qo‘shiqlar o‘rniga chinakam ruhiy quvvat beradigan ovozli kitoblarni o‘qishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman.
Aslida bu yangilik ham emas. O‘tgan asrning 80-yillaridayoq G‘arbning ilg‘or mamlakatlarida audio asarlarni “chop etish” ishlari boshlangan edi. Ko‘zi ojiz insonlar, ko‘zi quvvatdan qolgan yoshi keksalar uchun o‘zlarini qiziqtirgan kitoblarni mutolaa qilish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan bu loyihalar keyinchalik yaxshi ommalashib ketdi.
Qolaversa, milliy teleradiokompaniyamiz tizimida inssenirovka janri yaxshi ommalashgan edi. Ya’ni adabiy asarlar – roman, qissa, doston, hikoyaning sahna, televideniye, radio uchun qayta ishlangan shakllarini maroq bilan eshitar edik.
O‘zbekistonda inssenirovkaning ilk namunalari o‘tgan asr boshlarida yaratildi va ikkinchi yarmida rivojlandi. Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, O‘tkir Hoshimovning asarlari asosida yozilgan inssenirovkalar televideniye va radio-to‘lqinlari orqali berilishi hammaga juda manzur bo‘layotganini ota-onam zavq bilan aytib berishar edi.
Taloto‘p davrda hali o‘qish va yozishni bilmaydigan bolajonlarimiz uchun turli xildagi ertaklarni har doim ham o‘qib berishga vaqtimiz bo‘lmas, mana shunday kezlarda “so‘zlaydigan kitoblar” jonga oro beradi.
Ba’zi ovozli asarlar muallif tomonidan to‘liq o‘qib chiqiladi, tabiiyki, undan boshqa hech kim so‘zlarga aynan kerakli ohangni bera olmaydi. Chunki muallif qaysi so‘z qaysi ma’noda qo‘llanilganini biladi. Bu esa asarni yanada yaxshiroq tushunishimizda yaqindan ko‘mak beradi.
Asar mazmuniga hamohang tarzda turli (yomg‘ir shiviri, suvning shildirashi yoki yoqimli musiqa kabi) tovushlar yangrab turadigan audiolar ham borki, ularni eshitish orqali asardagi voqealar ko‘z oldimizda tugal gavdalanadi.
O‘zbekistonda kitoblarni ovozlashtirish, ya’ni audio kitoblar chiqarish jarayonlari boshlanganiga ancha bo‘ldi. Tabiiyki, bu ish bilan shug‘ullanuvchi studiyalar birinchi galda ma’rifat tarqatishni niyat qilishadi.
Ammo bu o‘rinda mualliflar huquqlari buzilib qolmaydimi, qalam haqi so‘rab murojaat qilgan muallifga ertaga qanday javob beriladi, qulay va foydali bo‘lgan audio kitoblarni ommalashtirish uchun qanday yordam ko‘rsatish mumkin kabi savollar ochiq qolmoqda. Qolaversa, aksariyat audiokanallardagi ovozlarda shira yo‘q, g‘aliz va bir yoqlama o‘qilgani bilan ham tinglovchiga manzur emas.
Ularni yanada qiziqarliroq qilib ko‘paytirish, axborot resurs markazlari fondini bu kabi noan’anaviy asarlar bilan to‘ldirish, maktab kutubxonalariga taqdim etish va ulardan bolalar o‘z qo‘l telefonlariga yozib olib foydalanishi mumkin.
Bu yo‘nalishda tizimli ishlash uchun albatta, Milliy teleradiokompaniya, oliy ta’lim va maktab ta’limi mutasaddilari, Yoshlar ishlari agentligi, Milliy kutubxona, til bo‘yicha maslahatchilar tizimi, yangi tashkil etilgan va ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirayotgan san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlariin himoya qilish palatasi bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Madina Zufarova,
RENAISSANCE universitetining
Filologiya va tillarni o‘qitish
fakulteti talabasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter