O‘zbekistonga kiritgan sarmoyamiz bir yilda o‘zini oqladi — IT Parkning rossiyalik rezidenti
“Dekabrda Toshkentdagi ofisimizga 2 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda B2B (biznes uchun biznes)ning xususiyatlari haqida hikoya qilmoqchiman: nega bu yerda “yo‘q” degan so‘zni deyarli eshitmaysiz, nima uchun mijozlaringiz bir-birlari bilan tanishishga oshiqishadi”. Toshkentdagi «Perviy Bit» IT-integratori ofisi rahbari Vitaliy Gorodilov o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, O‘zbekistonda biznesni yo‘lga qo‘yishning o‘ziga xosliklariga to‘xtaldi.
Nega “Perviy Bit” Markaziy Osiyo bozoriga kirishga qaror qildi?
Bizning O‘zbekistondagi birinchi loyihamiz IPOga tayyorlanayotgan yirik kompaniyada moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish bilan bog‘liq edi. O‘zbekistonda o‘z ofisimiz yo‘q edi, qolaversa, ushbu mintaqada xizmatlarimizni reklama qilmasdik, shunga qaramasdan, Rossiyadagi saytimiz orqali O‘zbekiston raqamlaridan foydalanuvchilarning so‘rovlarini olishni boshladik. Barcha so‘rovlar buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish bilan bog‘liq edi.
Ehtimol, kompaniyamizga qiziqish O‘zbekiston hukumatining biznesdagi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashdagi faol harakatlari sababli yuzaga kelgandir. Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlagandi, unda MHXSga ham o‘tish ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjatga muvofiq, 2021-yilning 1-yanvaridan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida buxgalteriya hisobini yuritish aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar sifatida tasniflangan yuridik shaxslar uchun shart etib belgilandi.
Bundan tashqari, 2018-yildan boshlab O‘zbekistonda elektron hujjat aylanishi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu yerda (O‘zbekistonda — tahr.) barcha hujjatlar, jumladan, soliq hisobotlari, pensiyalar va boshqalar elektron shaklda rasmiylashtirilyapti.
Bugungi kunda elektron hujjat aylanishi borasida Rossiya O‘zbekistondan ortda qolmoqda, — Vitaliy Gorodilov.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan barcha tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hisob-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirishlari, jo‘natishlari va saqlashlari shart. Bularning barchasi tartibga solinadigan buxgalteriya hisobini yuritishni talab qiladi.
Dastlab O‘zbekiston bozori uchun o‘zimizning “BIT.Finans” (“BIT.Moliya”) mahsulotimizni mahalliylashtirdik. “BIT.Finans” O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan, qonun talablariga muvofiq tartibga solinadigan buxgalteriya hisobini yurituvchi “1S: Buxgalteriya” dasturi bilan muvofiq keladi. Natijada boshqaruv hisobi va hisobotini avtomatlashtirish dasturi paydo bo‘ldi.
Qo‘limizdagi shu mahalliylashtirilgan mahsulotimiz bilan 2021-yilning dekabrida Toshkentdagi ofisimizni ochdik.
Mentalitetdagi o‘ziga xosliklar
Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatli biznes yuritishimiz uchun Rossiyadagi ish tajribamizning o‘zi kamlik qilardi. Yangi sharoitlarni o‘rganish va unga moslashishga to‘g‘ri keldi.
Masalan, o‘zbekistonlik mijozlar hech qachon ochiqchasiga rad javobini berishmaydi. Agar taklifingiz ularni qoniqtirmasa ham “ha, ha, men uchun qiziq” deyishadi va har safar telefon qo‘ng‘irog‘iga javob qaytarishadi...
Xizmatlaringiz targ‘ibotida boshqalarning siz haqingizdagi fikrlari juda muhim. To‘g‘ri, Rossiyada ham bunga e’tibor qaratiladi, ammo bu yerdagichalik (O‘zbekistonni nazarda tutmoqda — tahr.) emas. Masalan, shartnoma imzolamoqchi bo‘lgan mijozingiz, sizni yaxshiroq bilib olish uchun, siz oldin ishlagan mijozni topib, sizning ishlaringiz tafsilotlari bilan obdan tanishishi mumkin.
Ayrim mijozlar loyihali boshqaruv haqida tasavvurga ega emas, mahalliy buyurtmachilar oddiygina biznes-jarayonlarni ba’zida tushunmasligi mumkin. Lekin bu yerning odamlari ancha ochiq, muloqotdan qochishmaydi.
Masalan, Rossiyada loyihadan oldingi majburiy bosqich hisoblangan biznes tadqiqoti bu yerda urf emas. Mahalliy mijozlar narxlar kelishib olinishini va keyin darhol ishga kirishilishini istashadi. Bunga moslashishimiz va yangicha ishlashni o‘rganishimiz uchun vaqt kerak bo‘ldi. Nima bilan shug‘ullanayotganimizni avvalo o‘zimiz tushunib olishimiz uchun ham, ba’zida tekinga bo‘lsa-da, O‘zbekistonda ekspress-tadqiqotlar o‘tkazyapmiz.
Yaxshi holat: maqomidan qat’i nazar, odamlarning ochiqligi. Rossiyada biron-bir kompaniyaning ijrochi yoki bosh direktoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lana olmaysiz, O‘zbekistonda men bir kuni Moliya vazirligi departamentlaridan birining rahbariga bevosita bog‘landim va uning xodimi vebinarimizda qatnashishiga kelishib oldik. Bu yerda juda ko‘p narsalar qaror qabul qiluvchi shaxslar bilan yuzma-yuz muloqotlarga qurilgan — barchasiga qo‘ng‘iroq qilishingiz va xat yo‘llashingiz mumkin.
IT Park — soliqdan tejashning yengil usuli
O‘zbekistonga sarflagan xarajatlarimiz Toshkentdagi ofisimiz ochilganiga bir yil to‘lganida to‘liq o‘zini qoplab ketdi. Bunda O‘zbekistonda IT Park rezidentlari uchun joriy etilgan soliq imtiyozlari muhim rol o‘ynadi.
JShDS (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i) — IT Park rezidentlari uchun 7,5 foiz (odatiy 12 foiz o‘rniga). Qolaversa, rezidentlar korporativ soliq (5–12 foiz), ijtimoiy soliq (12 foiz) va qo‘shilgan qiymat solig‘idan to‘liq ozod etilgan. Rezidentlik uchun a’zolik badali aylanmaning 1 foizini tashkil etadi.
Hozir IT Park rezidentlari uchun ofislar, kovorkinglar va hatto xonadonlardan iborat maxsus biznes-markaz ochilgan.
IT Park yuristlar va buxgalteriya hisobi bo‘yicha mutaxassislarning imtiyozli konsultatsiyalarini taklif etadi. Ular yuridik shaxsni ro‘yxatga olish, mahalliy bankda hisob ochishda ko‘maklashishlari mumkin. Shuningdek, tajriba almashish va netvorking bo‘yicha platforma mavjud.
IT Park a’zosi bo‘lish uchun nima qilish kerak? Atigi ikkita sharti bor:
- IT-kompaniya bo‘lishingiz yoki onlayn xizmatlar ko‘rsatishingiz
- Biznes-rejangiz
Biznes-reja kompaniya to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni o‘z ichiga oladi: monetizatsiya, sotuvlar, xizmatlar, xodimlar soni, shuningdek, kompaniya shug‘ullanmoqchi bo‘lgan faoliyat turlari bo‘yicha rejalar. Bizda bular — hisob yuritish tizimlarini sotish, shuningdek BI va RPA-yechimlar (Qlik, PIX BI, PIX RPA).
Faoliyat turingizni o‘zgartirsangiz rezidentlikdan mahrum bo‘lishingiz mumkin: masalan, dasturlarni joriy etish bilan shug‘ullanaman deb ko‘rsatib, keyin birdaniga “temir” (texnika) sotishga o‘tib ketish yaramaydi.
IT Park rezidenti bo‘lish uchun arizani onlayn, loyihaning rasmiy sayti orqali topshirish mumkin.
O‘zbekistonda IT sohasi rivojlanib boryapti va rezident bo‘lish istagidagilar soni yildan-yilga oshmoqda, shunga qarab talablar yanada qat’iylashmoqda. Har qanday holatda ham, u yerga (O‘zbekistonga — tahr.) borish albatta o‘z samarasini beradigan va uddalash mumkin bo‘lgan vazifa.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter