Muammo va yechim: Botir Orifjonov yangicha ta’lim tizimi zarurligi haqida
Ta’lim qanday bo‘lgan, qanday bo‘ladi — qanday bo‘lishi kerak? Khan Academy Uzbekistan, Astrum IT Academy va boshqa bir qator yirik loyihalar asoschisi Botir Orifjonovning hozirgi va kelajakdagi ta’lim tizimi to‘g‘risidagi fikrlari bilan tanisharkansiz, bu boradagi tushunchalaringiz, hatto qarashlaringiz o‘zgarib ketishi mumkin.
Nega sinfxona dumaloq yoki boshqa shaklda emas? Nima uchun dars aynan 45 daqiqa davom etishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yaxshi xulq-atvor — itoatkorlik deganimi? Shu va boshqa ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar va suratlar bilan boyitilgan ushbu maqolani albatta o‘qishni tavsiya qilamiz!
Hammamizga ma’lumki, pandemiya ta’sirida ta’lim jarayonlarida onlayn platformalarning roli oshdi. Chunki mavjud vaziyat barcha ta’lim muassasalarini shu tizimda ishlashga majbur etdi. Istaysizmi-yo‘qmi, bu barchada o‘ziga xos tajribani vujudga keltirdi. Shu bois onlayn ta’lim olish platformalari juda tez sur’atlarda rivojlana boshladi va ko‘plab universitetlar (Coursera va boshqalar) uchun muhim vositaga aylandi.
Ammo bir vaqtning o‘zida onlayn ta’lim tizimidan norozilik kayfiyati ham kuchaya boshladi, chunki:
- Ko‘pchilik o‘quvchilar dars vaqti veb-kamerasini o‘chirib qo‘yadi, bu esa o‘qituvchilar bilan o‘quvchilar orasida yetarlicha muloqot qilmaslikka olib keldi. Bu ko‘proq video orqali translyasiya qilingan offlayn darsga o‘xshardi.
- O‘qituvchilar onlayn darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘rtacha 2 barobar ko‘proq vaqt sarflashadi. Ular materiallarni tayyorlashdan tashqari, onlayn dars uchun o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi kerak bo‘lib qoldi.
- Onlayn test juda past darajada edi, ko‘pchilik tashqi yordamdan foydalanganligi sababli baholash jarayoni qiyinlashdi. Ko‘pgina muassasalar kerakli natijaga erisha olmadilar. Masalan, ZOOM orqali insho yozdirish, ularni tekshirish muammoli holatga aylandi.
- Ota-onalar farzandlarining internetda o‘qiyotganidan norozi bo‘lishdi va bu ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmadi.
- Internet orqali o‘qiydiganlar muloqot yo‘qligidan shikoyat qilishdi.
Endi keling, tarixga qaytaylik. Shu vaqtgacha ta’lim 4 ta asosiy tushunchaga asoslangan edi:
- O‘qituvchi bo‘lishi shart.
- Ma’ruza-dars texnologiyasiga asoslangan.
- Test sinovi va baholash jarayoni.
- Ma’lum bir joy (bino) bo‘lishi kerak.
Endi 100 yil oldingi va bugungi kundagi an’anaviy sinfxonalarning suratiga e’tibor qarataylik.
Agar diqqat bilan qarasangiz, unchalik katta farq topolmaysiz. O‘qituvchi ham, o‘quvchilar ham o‘sha-o‘sha joyida. Sinflardagi derazalar doimo o‘quvchilarning chap tomonida joylashgan. Bunga asosiy sabab, soya o‘ng tomonga tushishi kerak. Chap qo‘l bilan yozadiganlar ham bo‘lishi mumkinligi hisobga olinmagan. Chunki har kim o‘ng qo‘li bilan ishlashi kerak edi.
Nima uchun sinfxona aynan shunday ko‘rinishga ega edi?
Darhaqiqat, nima uchun sinf dumaloq yoki boshqa shaklda emas? Buning asosiy sababi: hamma bir xil standartda bo‘lishini nazorat qilishning bundan ortiq qulay usulini topisha olmaganliklarida. Xo‘sh, nima uchun o‘quvchilar bir xil standartda bo‘lishlari kerak edi? 1760–1840-yillarda sanoat inqilobi sodir bo‘ldi va ishchi kuchiga juda katta ehtiyojni keltirib chiqardi. Bu ta’lim tizimini sanoat konveyeriga tayyorlash edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ya’ni:
- O‘qituvchi har doim haqdir — menejer.
- 45 daqiqalik dars — smena.
- Yaxshi xulq — itoatkorlik.
- Hammasi bir xil tezlikda ishlashi — konveyer
Bu inqilobga qadar mavjud darslar cheklangan miqdordagi muayyan kishilarga va parallel ravishda diniy e’tiqodni o‘rgatuvchi cherkovlarda tashkil etilgandi. Biroq, sanoat uchun katta miqdordagi ishchi kuchi kerak edi. Shuning uchun ham shu rejimdagi, ya’ni, sanoat uchun ishchi tayyorlaydigan standart maktablar o‘ylab topildi.
Bunday maktabda birinchi qoida — o‘qituvchi har doim haq. Bola yoshligidan o‘qituvchining gapiga quloq soladi, katta bo‘lib zavodda ishlasa, doim rahbari yoki ish boshqaruvchining gapidan chiqmaydi. Bu, agar menejer unga qandaydir tanbeh bersa, xodim uning fikriga e’tiroz bildirmasligi uchun o‘ylab topilgan.
Ikkinchi qoida — 45 daqiqa. Nima uchun dars aynan 45 daqiqa davom etishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Nega 35 daqiqa yoki 65 daqiqa emas, aynan 45 daqiqa? Va maktab o‘quvchilariga har doim maxsus qo‘ng‘iroqdan keyin chiqishga ruxsat beriladi. Chunki fabrikalar har 45 daqiqalik ishdan keyin ishchiga 15 daqiqa dam olish vaqti bergan. Negaki, inson 45 daqiqadan ko‘proq ishlasa, uning e’tibori chalg‘iy boshlaydi.
Uchinchi qoida — itoatkor bo‘lish, ya’ni yaxshi xulq-atvorga ega bo‘lish.
Ehtimol, siz ham sinfdagi itoatkor, yaxshi deb ataladigan o‘quvchilar “isyonchi”larga qaraganda ko‘proq rag‘batlantirilganini payqagandirsiz, garchi “isyonkor”larning bilimi yomonroq bo‘lmasa, hatto qolganlarnikidan yaxshiroq bo‘lsa ham.
To‘rtinchi qoida — bir tezlikda. Siz maktab o‘quvchisi bo‘lishingizdan ancha avval o‘ylab topilgan standartlarga bo‘ysundirilasiz. Standartga muvofiq belgilangan bilim va bu bilimni qismlarga bo‘lingan holda, ular belgilagan vaqt ichida olishingizga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, ta’lim jarayoni xuddi konveyerdagi kabi davom etishi kerak edi. Misol uchun, bola o‘qishni 1-sinfda boshlaydi va 11-sinfda tugatadi. Shu sababli, har bir kishi maktabni tugatgunga qadar kerakli bilimlarni oladi, degan tushuncha mavjud edi. Va bu aslida nimaga olib keladi? Keling, dars jarayonini ko‘rib chiqaylik.
Dars taxminan 5 daqiqa davom etadigan davomat bilan boshlanadi. Keyin 15-20 daqiqa davomida uy vazifasi tekshiriladi. Dars o‘zi 45 daqiqa ekan, yuqoridagi jarayonning o‘zi dars uchun ajratilgan vaqtning deyarli yarmini oladi. Hash-pash deguncha dars tugashiga 15 daqiqa qoladi. Yangi bilimlarni o‘rgatish uchun atigi 10-15 daqiqa. Mana shunday tig‘iz vaqt tufayli ma’ruza shaklida o‘qitish shakli joriy etilgan, bu jarayonda bilimning yagona manbai o‘qituvchi bo‘ladi. Bu o‘qituvchi nima desa, har doim sukut saqlagan holda haqiqat sifatida qabul qilinishiga olib keladi, ya’ni itoatkorlik.
Qiziqarli bir ilmiy tadqiqotga diqqatingizni qaratmoqchimiz. Bu tadqiqot muvaffaqiyatga erishgan mashhur odamlar orasida o‘tkazilgan bo‘lib, tadqiqotning maqsadi ular orasida umumiy bo‘lgan fazilatlar yoki ularni muvaffaqiyatga olib kelgan odatlarni aniqlash edi. Tadqiqot davomida tadqiqotchilar qiziqarli faktga duch kelishdi. Suhbatlashgan ko‘plab muvaffaqiyatli odamlardan olingan ma’lumotlarning tahlili, ularning aksariyati disleksiyaning ba’zi shakli bilan aziyat chekayotganini ko‘rsatdi. Ma’lumot uchun, disleksiya — bu nevrologik kelib chiqishi bo‘lgan o‘ziga xos o‘rganish cheklanganligi. Disleksiyaning shakllaridan biri bu o‘qigan narsani bir martada anglash yoki tushunish bilan bog‘liq muammodir.
Aslida esa, dunyo aholisining 25 foizi bu kasallikdan aziyat chekadi.
Ya’ni, bu kasallikdan aziyat chekadigan odamlar, biror narsani o‘qib bo‘lgach, yozilganlarning mohiyatini bir martadan tushunmaydilar. Buning uchun ular qayta-qayta o‘qishi yoki boshqa yo‘l bilan tushuntirilishi kerak bo‘ladi. Va shu bilan birga, bu odamning aqli zaifligini anglatmaydi. Chunki agar disleksiyaga chalingan inson bir marta mohiyatni tushunib olsa, u buni boshqalardan ham yaxshiroq eslab qoladi.
Bu shuni ko‘rsatadiki, hamma ham ma’lumotni bir xil qabul qilmaydi. Kimgadir buni ikki marta tushuntirish lozim yoki tushuntirish uchun butunlay boshqa usuldan foydalanish zarurdir.
Kelajakda ta’lim tizimini takomillashtirish borasida boshqacha yo‘ldan borishimiz kerak!
Birinchidan, ta’lim tizimiga sun’iy intellektni joriy etish, ma’ruza-dars texnologiyasini inkor etish lozim. Bu har bir kishiga zarur bilimlarni yakka tartibda olish imkoniyatini beradi. Bu bugungi kunda ta’lim tizimining o‘ziga xos mexanizmiga aylanib bormoqda.
Ikkinchidan, ma’ruza-dars kerak emas! Avvaliga bu hammani hayratda qoldiradi. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Dars, yangi mavzuni o‘quvchi-talabalar qayerdan o‘rganadi? Maktabdagi an’anaviy mashg‘ulotlarning barcha kamchiliklarini sanab o‘tdik:
- Ta’lim berish uchun vaqt juda kam;
- Har bir o‘quvchiga individual yondashuvga vaqt yo‘q;
- O‘quvchilar konveyer tizimidan chiqa olmaydi;
- O‘qituvchi hamisha haq va hokazo.
Aslida, agar an’anaviy maktablardagi yuqorida sanab o‘tilgan barcha eski standartlar olib tashlansa, o‘quvchi-talabalar oldida turgan to‘siqlar yo‘qoladi.
Uchinchi masalada, keling, baholash masalasini tahlil qilaylik. Baholash bu ma’lum vaqt ichida berilgan bilimlar qay darajada o‘rganganligini tekshirish jarayoni. Misol uchun, siz imtihonga tayyorgarlik ko‘rayotganingizda, imtihon kuni hamma narsani mukammal bilasiz, ammo imtihonlardan so‘ng, birmuncha vaqt o‘tgach, hech narsani eslay olmaysiz. Aslida esa baholash muayyan bir vaqtda amalga oshirilishi shart emas. Doimiy bo‘lishi va doimo sizning taraqqiyotingizni ko‘rsatishi kerak. Bu jarayon tahlil qilish va olingan bilim darajasini tushunish uchun ma’lumotlarni taqdim etadi.
To‘rtinchi masala. Maktabda 10 yil va universitetda 4 yil. Nima uchun shunday deb o‘ylaysiz? Nega 10 yil? Buning sababi yana sanoatga tayyorgarlikdir. Ya’ni, 18 yoshga to‘lgunga qadar har bir kishi ushbu shakllanishdan o‘tishi kerak. Va agar u yuqori cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lsa, unda hali universitetda yana 4 yil o‘qishi lozim.
An’anaviy muammo
Bola uyga kelgach, uy vazifasini bajarishga kirishadi. Bu har doim bola uchun stressli vaziyatda kechadi.
Kyeling, buning teskarisini tashabbus qilamiz. Bola barcha bilimlarni uyda yakka tartibda oladi, lekin topshiriqlar tahlilini murabbiylar bilan birgalikda ko‘rib chiqadi. Bu “Teskari aylantirilgan sinf”dan misol.
Biz yuqorida kelajakdagi ta’lim tizimining asoslari haqida gaplashdik, endi esa nimani qoldirish, nimani almashtirish kerakligini aniqlaymiz.
Birinchidan, biz o‘qituvchi ishtiroki bilan yuzaga kelayotgan cheklovlarni bilib oldik.
- Vaqt yetishmasligi.
- O‘qituvchining funksional vazifasi — yosh avlodni hayotga tayyorlash emas, balki ularda itoatkorlikni shakllantirish maqsadida maxsus "shakl" yaratish va hokazo.
Shu bois o‘quv jarayonida to‘liq sun’iy intellektdan foydalanish taklif etiladi.
Va shu o‘rinda aytib o‘tish muhimki, biz o‘qituvchilarimizni qoralash yoki jamiyatdagi o‘rnini pasaytirish fikrdan mutlaq yiroqmiz. Aslida ular aynan mentor bo‘lib, ya’ni yo‘naltiruvchi va hayotga tayyorlovchi mutaxassis vazifasini bajarishlari zarur, deb hisoblaymiz.
Ikkinchidan, ma’ruzani platforma bilan almashtirish. Bu o‘rinda Astrum IT Academy platformasini misol keltirish mumkin. O‘quvchi barcha ma’ruzalar o‘rniga ushbu platformadan foydalanadi.
Uchinchidan, baholash ma’lum bir vaqtda amalga oshirilishi shart emas. Bu doimiy bo‘lishi va hamisha ta’lim oluvchining natijalarini ko‘rsatishi kerak. Bu ko‘rsatkichlarni va olingan bilim darajasini tahlil qilish uchun ma’lumot bo‘ladi.
To‘rtinchidan, bunday sharoitda o‘quv binosi shunchaki an’ana uchun ekanligini tushuna boshlaysiz. Butun o‘quv jarayoni onlayn tarzda o‘tkazish mumkinligi ayonlashadi.
Misol: Turkiya oxirgi 30-40 yil ichida STEM ta’lim sohasiga katta e’tibor bera boshladi. Natijada jamiyatda birdaniga muhandislik tafakkuri rivojlandi va bu sohani chuqur biladigan mutaxassislar paydo bo‘ldi. Natijalardan biri bu “Bayraktar” dronidir. Bu muhandislik ixtirosi bugungi kunda dunyodagi geosiyosiy muvozanatni tubdan o‘zgartirdi.
Xulosa shuki, ta’lim chetdan qaraganda qandaydir ikkinchi darajali, unchalik muhim emasdek tuyulishi mumkin. Ammo, aslida, har qanday jamiyat taraqqiyotining zamirida ta’lim birinchi o‘rinda bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Uinston Cherchill aytganidek, “Agar bugun maktablarimizga sarmoya kiritmasak, ertaga farzandlarimizni dushmanlarimiz asirligidan qutqarishga pul sarflashga majbur bo‘lamiz”.
Oddiy qilib aytganda, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga yuzaki qaramasak, jamiyat o‘zgaradi. 20 yil ichida maktab tizimi qanday vayron bo‘lganini deyarli hammamiz ko‘rdik va albatta uning “samarasi”ni yana kamida 15 yil his qilamiz. Chunki bugun maktab bitiruvchilarining tayyorgarligini hammamiz ko‘rib turibmiz.
Universitetlar ko‘paysa-da, hech qanday natija yo‘q, chunki poydevor mustahkam emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter