Mobil aloqa signalini kuchaytirib beruvchi repiter qurilmalari: ulardan foydalanish tartibi qanday?

Repiter (retranslyator) qurilmasi mobil aloqa va mobil internet signalini kuchaytirib beruvchi qurilma hisoblanadi. Undan asosan mobil aloqa signali sathi past bo‘lganda, ya’ni ovozli so‘zlashuvda xalaqitlar paydo bo‘lishi yoki uzilib qolish, mobil internet tezligi past bo‘lgan holatlarda foydalaniladi.
Repiter qurilmasi ishlash prinsipiga ko‘ra tashqi antenna orqali mobil aloqa operatorlarining baza stansiyalaridan kelayotgan sathi past bo‘lgan signalni qabul qilib uni kuchaytirgan holda bino ichida o‘rnatilgan ichki antenna orqali tarqatib beradi.
Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, repiterlar mobil operatorlarning uyali tarmoqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki ushbu qurilmalar noto‘g‘ri sozlanganda xalaqit manbalari bo‘lib, boshqa abonentlarga sifatli xizmat ko‘rsatishga xalaqit berishi mumkin.
Misol uchun, repiter qurilmasining chiqish quvvati ruxsat etilgan parametrlardan oshsa, qurilmadan chiqayotgan signal baza stansiyalari signallarini susaytirishga qodir. Shuning uchun ham hozirda mobil operatorlarning repiterlar haqidagi shikoyatlarining 95 foizi ulardan fuqarolar tomonida yirik shaharlarda foydalanishi bilan bog‘liq ekanligi bejizga emas. Repiter qurilmasidan shaharning zich joylarida foydalanilganda ularga alohida e’tibor talab etiladi, chunki qurilma antennasidan tarqalayotgan signal yaqin turgan tayanch (baza) stansiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, shahar tashqarisida (qishloqlarda, dam olish zonalari va boshqalarda) baza stansiyalari abonentlardan ko‘p kilometrlab uzoqlikda joylashganda repiterlar deyarli operator baza stansiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Yana bir asosiy muammolardan biri repiter qurilmalarining ayrim turlari avtomatik quvvat boshqaruvi (AGC-automatic gain control) funksiyasiga ega emasligi va bu qurilmaning doimiy ravishda ortiqcha yuklanish rejimida ishlashiga olib kelishi mumkin. Agar bunday qurilma operator baza stansiyasi yaqinida noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lsa, operator uchun salbiy xalaqitlarni yaratishga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashining 2022-yil 23-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalaridan foydalanish to‘g‘risidagi” 707-son qarori bilan O‘zbekiston hududida mobil aloqa signallarini kuchaytirib beruvchi retranslyator qurilmalaridan quyida keltirilgan texnik shartlar bajarilganda radioelektron vositalardan foydalanish ruxsatnomalarini rasmiylashtirilmagan holda ikkilamchi asosda foydalanishga ruxsat berilgan. Ya’ni:
- boshqa radioelektron vositalar (shu jumladan, mobil aloqa operatorlari tarmoqlari tayanch stansiyalari) ishlashiga salbiy radioxalaqitlar ko‘rsatmasligi va radioxalaqitlardan himoya talab qilmasligi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqilgan (yaratilgan), modernizatsiya qilingan, ishlab chiqarilgan va xorijdan olib kiriladigan (xorijdan xarid qilinadigan) va foydalaniladigan retranslyator qurilmalar respublikada belgilangan tartibda elektromagnit moslashuv normalariga va texnik talablarga muvofiqlik buyicha sertifikatga ega bo‘lishi;
- retranslyator qurilmalarning texnik tavsiflari respublikada radionurlanish parametrlari uchun belgilangan standart va me’yorlarga hamda Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan qabul qilingan norma va tavsiyalarga mos kelishi;
- mobil aloqa operatorlarining tayanch stansiyalarida yuzaga kelayotgan interferension holatlarni kamaytirish maqsadida, qo‘llanilayotgan retranslyator qurilmalari — radiosignallarni kuchaytirish quvvatini avtomatik sozlash/boshqarish funksiyasi/tizimi (AGC-automatic gain control)ga ega tegishli modul bilan jihozlangan bo‘lishi;
- retranslyator qurilmaning chiqish quvvati 500 mVt (27 dVt)dan oshmasligi, kurilma tashqi antenna bilan jihozlangan taqdirda effektiv nurlanish quvvati 1 W (30 dVt) dan oshmasligi;
- retranslyator qurilmalarining ishlashi uchun foydalaniladigan radiochastota polosalari Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashi tomonidan O‘zbekiston hududida mobil aloqa operatorlari tarmoqlari ishlashi uchun ajratilgan diapazonlarga mos kelishi;
- retranslyator qurilmalarning ishlashi vaqtida radiochastota spektrida paydo bo‘ladigan (bitta so‘zlashuv radiokanalida) har qanday polosadan tashqaridagi radiosignallar, so‘zlashuv kanalining asosiy nurlanishiga nisbatan 60 dV gacha kuchsizlanishi kerak.
Hozirgi kunda Elektromagnit moslashuv markazi va O‘zkomnazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan respublikamiz hududlarida olib borilayotgan monitoring ishlari natijasida yuqorida keltirilgan 707-son qaror bilan belgilangan talablarga rioya qilmasdan repiter qurilmalaridan foydalanish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ya’ni sifatsiz repiter qurilmalaridan tarqalayotgan xalaqitlar operatorlarning ko‘plab tayanch (baza) stansiyalariga salbiy tasir ko‘rsatib, oqibatda abonentlarga sifatli mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shuningdek, mazkur qarorda yuqorida keltirilgan texnik shartlarni bajarish hamda mobil aloqa tarmoqlariga xalaqitli ta’sirlar keltirmaslik talablariga majburiy rioya qilgan holda mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytirib beruvchi repiter qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarish, modernizatsiya qilish va o‘rnatish bo‘yicha ishlarni bajarishga (shu jumladan, ularga xizmatlar ko‘rsatishga) faqat faoliyat turi buyicha tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yoki mobil aloqa operatorlari nomidan shartnoma asosida ish yurituvchi yuridik shaxslarga ruxsat etilganligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Yodda tuting! Tegishli qaror bilan belgilangan talablarga rioya qilmasdan sifatsiz repiter qurilmalaridan foydalanish oqibatida boshqa qurilmalar ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 152-moddasi 1-qismi “Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish” bilan ma’muriy chora ko‘rishga sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz.
Mirziyod Agzamov,
O‘zkomnazorat inspeksiyasi
Mobil aloqa tarmoqlarini nazorat qilish
bo‘limi yetakchi mutaxassisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter