Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kimsasiz "kelajak shahri" yoki Osiyoning inqirozga uchragan eng olamshumul qurilish loyihasi haqida (foto)

Kimsasiz

Foto: IMP Features/Chris White

2002-yilda Seuldan 25 kilometr narida Songdo (SongDo) — "kelajak shahri"ni qurishga kirishildi.

Ma’lumot uchun: o‘sha yili Janubiy Koreya Yaponiya bilan birgalikda futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilgan.

Xullas, hatto eng boy-badavlat poytaxtliklarning ham yetti uxlab tushiga ham kirmagan zamonaviy shaharni qurishga start berildi. Buning uchun Seuldan bir soatlik masofada joylashgan, havosi musaffo, yashillikka burkangan, texnologiya infratuzilmalari yetarli Songdodan yaxshiroq nomzod topilmadi. Songdo chindan ham aholisi haddan ziyod ko‘p, yo‘llari avtomobillar tiqinidan bo‘shamaydigan, havosi buzilgan Seulning g‘irt teskarisi edi.

Oradan shuncha yillar o‘tdi. Xo‘sh, masalan, siz Koreyada shunaqa zo‘r shahar borligini eshitganmisiz?..

300 ming kishi yashashi kutilgan Songdo bugun huvillab yotibdi. Yuqori texnologiyali qurilmalar va ifratuzilmadan birov foydalanmaydi. Bir paytlar va’da qilingan Yerdagi jannat — xaytek-utopiyaga ko‘chib kelganlar Songdoni tashlandiq qamoqxonaga o‘xshatishadi.

Koreyslar “aqlli shahar”ni qurish uchun naq 40 mlrd dollar sarflashgan. Yangi shaharda yashovchilar uchun juda keng ekomuhit — ko‘plab bog‘lar va yashil maydonlar, yayov yurib foydalansa bo‘ladigan do‘konlar, maktab va shifoxonalar, ko‘ngilochar maskanlar barpo etish ko‘zda tutilgandi.

Sarmoyadorlarga ular Koreyaning bo‘lg‘usi ta’lim va biznes poytaxtiga pul tikishayotgani, hademay Songdo Osiyoning yetakchi megapolislariga raqobatchiga aylanishi uqtirib kelingan.

Shahar loyihasi:

Songdo boshqa yirik megapolislarga xos muammolar: chiqindilar, avtomobillarning zaharli tutunlari va hokazolardan butkul xoli bo‘lishi boshdanoq reja qilingan. Buning uchun transportlar sonini keskin kamaytirishni ko‘zda tutishdi — faqat olisga qatnovchi mashinalar uchun yo‘llar quriladi, mahalliy aholi esa velosipedlardan yoki jamoat transportidan foydalanadi.

Songdo reklama suratlarida:

Biroq shuncha sa’y-harakatlar, mehnat va mablag‘ havoga sovurildi: Songdoda deyarli hech narsa ishlamaydi, qurilgan narsalarning ko‘pi — bo‘m-bo‘sh quti, yanada ulkanroq binolar qurish uchun ajratilgan joylar shaharni yanada g‘arib va tashlandiq ko‘rsatadi.

Loyiha mualliflari eng asosiy muammoni — shaharni qanday qilib odam bilan to‘ldirishni hal etolmadilar. Bu imkonsiz ham edi: barcha yirik shaharlar uzoq tarixi davomida asta-sekin aholi bilan gavjumlashib borgan, nuldan qurilgan shaharga shuncha odamni qayerdan olib kelish mumkin?!

Bugungi Songdo:

Bugun huvillab yotgan velosiped yo‘lakchalari aslida kelajak shahrining qon tomirlariga aylanishi kerak edi, pnevmatik quvurlar orqali binolardan to‘plangan chiqindilardan esa, bir joyda saralab, elektr ishlab chiqarishda foydalanish mo‘ljallangandi.

Hatto bugungi kun nuqtai nazaridan ham olis kelajak uchun mo‘ljallab 2002-yilda qurilishi boshlangan ayrim texnologik yechimlar erish tuyuladi: masalan, hozir hech kim videochatga kirish uchun ko‘chadagi kompyuter terminalidan foydalanmaydi, eski yirik shaharlar esa chiqindilarni saralashni o‘rganib olmoqda.

"Kelajak shahri"ga tashrifidan olgan taassurotini bloger Yan Jeyms Korea Expose nashriga shunday tushuntirdi:

“Songdo — o‘xshashi yo‘q shahar: hammayoq sun’iy, qunt bilan loyihlashtirilgan, top-toza va bo‘m-bo‘sh. Bu insoniyat sahrosi”.

Blogerning aytishicha, Songdo kelajak shahrini emas, ko‘proq Chernobilni eslatadi, mahalliy aholi bu yerda taraqqiyot nishonalari — madaniyat, teatr, ko‘ngilochar maskanlar yo‘qligidan shikoyat qilgan.

Shaharda foydalanishga topshirilgan binolar o‘ta qimmat, bu yerga pul tikib qo‘ygan sarmoyadorlar yangi tumanlarni qurishda davom etishyapti, Yevropa, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiyadan ekspatlar (xorijlik ishchilar)ni, tadbirkorlarni jalb etish maqsadida hammayoqqa inglizcha yozuvlar osib tashlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring