Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kim trillioner bo‘lishni xohlaydi?

Kim trillioner bo‘lishni xohlaydi?

Foto: Bloomberg

Dunyo birinchi trillionerni qachon ko‘radi? Oxfam International yaqinda chiqargan hisobotda aytilishicha, bunga oz qoldi — yaqin o‘n yil ichida. Qo‘shimcha qilinishicha, hozir jahondagi besh nafar eng boy odam 2020-yildagidan 114 foiz boyroq.

Trillionerning “tug‘ilishi” uchun o‘n yil kifoyaligiga ishonish qiyin. Trillionga eltuvchi yo‘l — juda murakkab, ham shaxsiy, ham makroiqtisodiy sabablari bor. Agarda giperinflyasiya yuz bermasa, sof trillion dollar boylikka erishishni ko‘zlagan har kimni bu yo‘lda jiddiy to‘siqlar kutib turibdi.

Avvalo inson tabiati. Xuddi bir vaqtlar mashhur “Kim millioner bo‘lishni istaydi?” o‘yin-shousida so‘rashganidek. Yana oltita nol qo‘shing va u ritorik savol bo‘lmay qoladi: ko‘p milliarderlar (ya’ni trillionerlikka potensial nomzodlar — tahr.) asosan vaqtlarini pullarini ko‘paytirishga emas, balki sarflashga zo‘r berishyapti va bu tabiiy.

Masalan, ushbu maqola yozilayotgan paytda jahonning eng boy odamlari ro‘yxatida 177 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘rinni band etib turgan Jeff Bezos. U hozir Amazon kompaniyasini boshqarmayapti, ofisgamas, trenajyor zaliga serqatnov bo‘lib qolgan. Bezosning iste’dodiga shak-shubha bo‘lishi mumkinmas, biroq hatto uning Blue Origin raketa kompaniyasi fazo kengliklarini zabt etgan taqdirda ham u trillioner bo‘lolmaydi.

Oilaviy hayot boylik to‘plashga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Jeff Bezos, Bill Geyts, Ilon Mask va boshqalarning boyligi qisqarishiga ajrashishlar katta ta’sir qilgan. Ulkan imperiya — Walmart esa kompaniya asoschisi Sem Uoltonning ko‘p sonli vorislari o‘rtasida taqsimlab yuborilgan.

Boylik tinmay to‘planmasligi sabablaridan yana biri — xayriya va loyihalar. Saxovatpesha Bill Geyts o‘z boyligining katta qismini Geyts jamg‘armasiga berib yuborganidan ko‘pchiligimiz xabardormiz.

Pullarini qizg‘anmaydigan milliarderlarni shunchaki fidoyilar deb o‘ylash xato. Agar sizning bir necha o‘n milliard dollaringiz bo‘lsayu, ulardan voz kechish evaziga siz qo‘lga kiritayotgan ijtimoiy kapital ko‘pincha berayotganingizdan salmoqliroq bo‘lishi mumkin. Umuman, umr davomida buncha pulni sarflashning o‘zi osonmas, to‘g‘ri sarflashni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘ta boy odamlar pullarining bir qismini xayriya qilib, garchi ularning moliyaviy farovonligi kamaysa ham, o‘z ijtimoiy farovonliklarini oshirish payida bo‘lishadi.

Ba’zida bu loyihalar xayriya yo‘sinida bo‘lmagani bilan, ortida moliyaviy manfaatlar ham yotmagan bo‘lishi mumkin. Dunyoning eng boy kishisi — 222 mlrd dollarga ega Ilon Mask Twitter (hozirgi X) ijtimoiy tarmog‘ini 44 milliard dollarga sotib oldi. Siyosiy va madaniy diskursga ta’sir ko‘rsatish uchun Twitter egasi bo‘lishni xohlagani aniq, o‘ziyam aytgan. Hozir Twitter Mask to‘lagandan ancha arzonlashgan, ya’ni uning trillioner bo‘lish masalasini qiyinlashtiradi.

Trillioner bo‘lishning hech qanday shaxsiy foydasi yo‘qdir, ehtimol. Qaytanga bu odam siyosiy nishonga aylanishi mumkin.

Trillionerlik yo‘lidagi to‘siqlardan yana biri — diversifikatsiyaga intilish. Qo‘lingizda ulkan pul bo‘lsa, uni albatta taqsimlab ishlatasiz. Masalan, Geyts birinchi navbatda o‘z qo‘lidagi Microsoft aksiyalarining salmoqli qismini sotib yuborgan, taxmin qilish mumkinki, u pullarini boshqa joylarga ham tikib, avaylash payida bo‘lgan. O‘z davri uchun bu yaxshi g‘oya edi. Ammo hozir ko‘ryapmizki, Geyts Microsoft aksiyalarini sotmaganida yanayam boyroq bo‘lardi. Hatto ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, trillioner bo‘lishi ham mumkin ekan, albatta buning uchun Microsoft aksiyalari keskin qimmatlashib ketishi lozim bo‘lardi.

Har qanday holatda ham, to‘liq diversifikatsiya hech kimni milliarder qilmaydi. Aksincha, ko‘pchilik milliarderlar bor-budlarini keyinchalik (balki) juda yuqori daromad keltiruvchi kam sonli ixtisoslashgan korxonalarga tikishadi. Ammo bir umr yuqori xavotirli biznes yuritishda ham ma’no yo‘q. Trillioner bo‘lgandan ko‘ra, pullarni naqdlashtirib olib, hayotning gashtini surib qolgan yaxshi emasmi?!

Va nihoyat, makroiqtisodiy omillar. Jahondagi ko‘pgina mamlakatlarning moliyaviy ahvoli qo‘shimcha to‘siqlarni yuzaga keltiradi. Aksariyat boy mamlakatlarda qarz ham, defitsit ham yuqori, aholi esa qarib boryapti. Bu fiskal bosim soliqlarning oshishiga olib kelsa va ayrimlari o‘ta boy insonlarni turtib o‘tsa ajablanmaymiz.

Xullas, yaqin o‘n yilda trillioner bo‘lishi mumkin bironta insonni ko‘rmayapmiz. Agar birinchi trillioner paydo bo‘lgan taqdirda ham, u zo‘raki trillioner bo‘ladi, katta rahmatni esa Federal zaxira tizimiga aytaverasiz (dollarning qadrsizlanishi nazarda tutilyapti).

Manba: telegra.ph

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring