DevOps muhandislari hamda dasturchilar eng yuqori maoshli kasblar ro‘yxatida — HeadHunter
Onlaynda ish topishga mo‘ljallangan HeadHunter (hh.uz) servisida 2023-yilning birinchi yarmida ish beruvchilar 40 mingdan ziyod ish o‘rinlarini taklif etishdi. Bu 2022-yilning xuddi shu davriga nisbatan 47 foiz ko‘pdir.
Servisda taklif qilingan ish o‘rinlarining 84 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi. Samarqand 4,3 foiz, Buxoro 1,3 foiz ulush bilan yetakchi uchlikka kirdi.
Hisobot davrida servisda taklif qilingan oylik ish haqlari o‘rtacha (soliqqacha) 5,029 mln so‘mni tashkil qildi.
Eng yuqori maoshlar savdo menejerlari, raqamli marketologlar, DevOps muhandislari, Android, Python va Java dasturchilari, shuningdek, moliya direktorlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlarga taklif etildi. Ushbu takliflarning 9 foizida taklif etilgan oylik maosh qiymati 1000 dollardan oshdi.
Servis orqali yanvar–iyun oylarida 120 ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar ish qidirishgan. Bu 2022-yilning ikkinchi yarmidagidan 60,5 foiz, ikkinchi yarmidagidan 110 foiz ko‘pdir. Rezyume va taklif etilayotgan ish o‘rinlari nisbati 2023-yilning dastlabki yarmida 1:3 nisbatni tashkil etdi.
Servis vakillariga ko‘ra, bu kadrlar yetishmasligidan dalolat beradi. Ayniqsa, malakali xodimlar, xususan, texnik sohada o‘rta, o‘rta-maxsus va oliy ta’limga ega mutaxassislar taqchilligi kuzatilmoqda.
Ish qidiruvchilar servis orqali asosan quyidagi yo‘nalishlarda o‘zlariga ish izlashgan:
- sotuvlar bo‘yicha menejer, mijozlar bilan ishlash bo‘yicha menejer;
- ma’mur (administrator);
- dasturchi;
- sotuvchi-konsultant, sotuvchi-kassir;
- hisobchi (buxgalter);
- muhandis-konstruktor, muhandis-loyihachi;
- haydovchi;
- xaridlar bo‘yicha menejer;
- o‘qituvchi, pedagog;
- ofitsiant, barmen, barista.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter