Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitcoin tabiatga qarshi: raqamli asr chanqog‘i

Bitcoin tabiatga qarshi: raqamli asr chanqog‘i

Foto: Security Lab

Bitkoin operatsiyalariga juda ko‘p elektr energiyasi sarflanishini ko‘pchilik biladi, ammo xuddi shu maqsadlar uchun juda ko‘p suv ishlatilishidan barchaning ham xabari bo‘lmasa kerak. Bitkoin ekotizimi 2023-yilning o‘zida 2237 gigalitr (1 gigalitr = 1 mln m3) suv sarflaydi, — Digiconomist asoschisi hamda Amsterdam erkin universiteti eksperti Aleks de Vrizning so‘zlarini keltirmoqda The Register.

Ushbu kriptovalyutani undirish uchun AQShda yil davomida 39–120 gigalitr suv ishlatildi, 300 ming xonadon yoki Vashington kattaligidagi shaharning suv sarfi taxminan shunga teng. O‘tgan yili bitkoin arzonlashib, elektr va suv sarfi birmuncha pasaygandi, biroq bu yil yana qimmatlashdi, 2023-yilning martida energiya ishlatilishi rekord darajaga yetdi. Yil yakuniga ko‘ra, bitkoinga elektr sarfi 141,9 TVt/s ni tashkil etib, 2021-yilgidan 33 foiz ko‘p bo‘ladi.

2021-yilda jahon bo‘yicha bitkoinga qariyb 1600 gigalitr — har tranzaksiya uchun 16 ming litrdan suv sarflandi. Bu bank kartalari tranzaksiyalariga sarflanayotganidan 6,2 mln baravar ko‘p!

Manba: Alex de Vries / Cell.com

Ekspertning fikricha, suv va elektr sarfini kamaytirish yo‘llari bor, biroq aftidan bu ish bilan hech kim shug‘ullanmoqchi emas, negaki, bitkoin hamjamiyati anchayin konservativ, ya’ni islohotlarni xushlamaydi. Ethereum kabi samarali mexanizmlarga o‘tilayotganidan dom-darak yo‘q. Boz ustiga bitkoin egalari va maynerlar aynan hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmasligini nisbiy ishonchlilik va barqarorlik kafolati deb bilishadi. Ekspert ta’kidlashicha, atrof-muhitga yetkazilayotgan zarar, ayniqsa, jahonda suv taqchilligi kuzatilayotgan hozirgi sharoitda, jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.

Masalan, Xitoyda ayni faoliyat taqiqlanganidan so‘ng bitkoinlar uchun eng yirik maydonga aylangan Qozog‘istonda suv taqchilligi chinakam inqirozga sabab bo‘ladi. Iqlimiy o‘zgarishlar nuqtai nazaridan, 2030-yilga borib qo‘shni mamlakatda suv taqchilligi 75 gigalitrga yetadi. 2021-yilda Qozog‘istonda bitkoinlar mayningi uchun taxminan 1 ming gigalitr suv sarflandi. Shuning barobarida, ta’kidlaydi ekspert, tashvishli xabarlarga bitkoin hamjamiyati pinagini ham buzayotgani yo‘q. Bitkoinlarga sarflanayotgan suv muammosi fonida neyrotarmoqlarni o‘qitish va ishlatishga ketayotgan suv dengizdan tomchi bo‘lib ko‘rinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring