Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Internet qidiruv tizimlari 5 yildan so‘ng qanday bo‘ladi?

Internet qidiruv tizimlari 5 yildan so‘ng qanday bo‘ladi?

Foto: Youthistaan

So‘nggi o‘ttiz yilda qidiruv tizimlari internet dunyosiga sidqidildan xizmat qilib kelyapti. Biroq 2023-yil yakunlanishi arafasida turibmiz, internetda qidiruv mohiyati tubdan o‘zgarishiga guvoh bo‘lyapmiz: shunchalikki, Google, Bing, Yandex singari qidiruv gigantlari o‘z yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqyapti.

Moskva Axborot texnologiyalari departamenti va merlik sayti SEO-rahbari Yuriy Nikulinning qidiruv tizimlari olamini yaqin besh yilda nimalar kutayotgani, trendga ergashish uchun seo-mutaxassislar qanday moslashishlari kerakligi yoritilgan maqolasi chiqdi. Maqolani o‘zbek va rus tillarida saytimizda ham o‘qishingiz mumkin.

QIDIRUV TIZIMLARI QANDAY PAYDO BO‘LGAN?

Birinchi bosqich: ilk qidiruv tizimining tug‘ilishi

1990-yilda ishga tushirilgan Archie internetdagi qidiruv tizimlari orasida kashshof bo‘lgandi. Oddiy algoritmdan foydalanilgani uchun ochiq saytlarda faqat fayllarni izlash va ularning aniq nomini tushunish imkonini bergan. Biroq Archie o‘z xotirasida fayl tarkibini tashkillashtirish va saqlashni bilmasdi — bu jarayon indekslash deyiladi.

Indekslash — sayt sahifalari haqidagi ma’lumotni qidiruv tizimi bazasida tartibga solish va tizimlashdir, ya’ni har safar ma’lumotlarni izlashda butun internetni kezib chiqmasdan, saqlangan tayoyor nusxaga murojaat qilinadi.

Ikkinchi bosqich: qidiruv tizimi fayl tarkibini indekslaydi

1993-yilda JumpStation qidiruv tizimi paydo bo‘ldi, u fayl ichidagi sarlavha va URLni indekslay olar, ammo to‘liq matnni ocholmasdi. Ushbu qidiruv tizimi asoschisi Jon Henderson “qidiruv roboti”, “qidiruv indeksi” va “qidiruv so‘rovi” tushunchalari muallifidir. 1994-yilda texnologiya takomillashtirilib, yangi chiqqan WebCrawler qidiruv tizimi hujjatlarning to‘liq matnini indekslay oladigan bo‘ldi.

Uchinchi bosqich: qidiruv tizimi faylar tarkibini indekslaydi va tahlil qiladi

BackRub qidiruv tizimi va PageRank algoritmi asosida 1998-yilda Googlening tug‘ilishi internet qidiruv tizimlari dunyosida inqilob yasadi. Algoritm nafaqat sahifalarning ichki tuzilishini tahlil qilar, balki ularga yo‘naltirilgan havola (link)lar sonini ham hisoblay           olardi.

O‘shandan buyon va hozir ham Google raqobatdan tashqarida — Yer aholisining 90 foizi asosiy qidiruv tizimi sifatida undan foydalanmoqda. Qolganlarning ulushi: Bing — 3 foiz, Yandex — 1,8 foiz, Yahoo 1,22 foiz, Baidu — 1 foiz.

QIDIRUV TIZIMLARINING HOZIRGI EVOLYUSIYASI

Qidiruv tizimlari konseptual jihatdan qariyb 20 yil o‘zgarishga uchramadi. Biz hozir yangi o‘zgarishlar ostonasida turibmiz. Berilgan so‘rovga qidiruv tizimi kerakli hujjatlar ro‘yxatini emas, balki tayyor matnli javoblarni shakllantirishga urinmoqda.

Bu yo‘nalishdagi ilk qadamni aynan Google tashlagan: 2001-yilda u oddiygina mashinani o‘qitish algoritmidan qidiruv so‘rovlaridagi imloviy xatolarni topishda foydalanishni boshladi. 2015-yilda kompaniya RankBrain deb nomlangan to‘laqonli qidiruv algoritmiga sun’iy intellektni qo‘shdi.

RankBrain qidiruv tizimida paydo bo‘lgan ilk ahamiyatli sun’iy intellekt sanaladi, chunki u, topshirilgan vazifalarni shunchaki ishlovchi an’anaviy algoritmlardan farqli ravishda, yangi vaziyatlarga moslashish uchun mashinani o‘qitishdan foydalanardi.

An’anaviy qidiruv tizimlari aniq belgilangan ko‘rsatmalardan og‘ishmasdan ishlaydi. Bu masalan, qoidalarga rioya qilib shaxmat o‘ynashga o‘xshaydi. Biroq RankBrain oldingi partiyalari asosida o‘rganayotgan va o‘sayotgan shaxmatchini eslatadi. Nafaqat qat’iy qoidalar doirasida, shuningdek, eski tajribalari asosida oldindan qaysi yurishlarni amalga oshirishi mumkinligini va ular orasidan eng yaxshisini tanlashni biladi.

2022-yilning 30-noyabrida OpenAI kompaniyasi ChatGPT chat-botini taqdim etib, internet qidiruv olamini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi — endi matnli yoki media ma’lumotlarni topishning o‘zi kifoya qilmasdi. Qariyb inson kabi muloqot qilishni uddalaydigan qidiruv tizimlari poygasi o‘z-o‘zidan boshlanib ketdi.

Oradan ikki oy o‘tib Microsoft korporatsiyasi yopiq taqdimotda yangilangan va sun’iy intellektda ishlovchi Bing qidiruv tizimini ko‘rsatdi, unda foydalanuvchi qidiruv tizimi bilan muloqot qila olardi.

Google ham qarab turgan emas — Bard deb nomlangan tizimini shoshilinch ishga tushirdi, biroq shu turishida u Bingning g‘irt nusxasi edi, xolos.

Yandex ham trenddan qolmaslik uchun YandexGPT generativ modelini chiqarib, o‘z loyihalarida tatbiq etdi. Masalan, “Yandex Praktikum”da GPT dars rezyumesini keltirib, tushunarsiz atamalarni tushuntirishi yoki siz dasturlash bo‘yicha o‘qiyotgan bo‘lsangiz, kodning nyuanslarini ko‘rsatib beradi.

SUN’IY INTELLEKT QIDIRUV TIZIMLARI VA INTERNETGA QANDAY TA’SIR KO‘RSATDI?

Foydalanuvchi o‘z so‘roviga javob sifatida ham odatiy suratni — havolalar ro‘yxatini, ham neyrotarmoq ishlab bergan javobni olishi mumkin. Bing va Google shu yo‘ldan ketyapti. Bu quyidagicha ko‘rinishda:

Ikkinchi yangi konsepsiya — qidiruvni assistent (yordamchi) bajaradi. Buning uchun Google kompaniyasi bard.google.com loyihasini ishga tushirdi, Bing esa qidiruv tizimida alohida joy ochdi: foydalanuvchi o‘ziga qulayini — odatiy qidiruv yoki chat-botni tanlaydi. Bu quyidagicha ko‘rinishda:

Dasturchilar yanada uzoqroqqa borishyapti va sun’iy intellektni brauzerning o‘ziga o‘rnatishyapti. Microsoft Edgeda Bing chat-boti va insholar rejimi bor. Bu vositaning nomi — Copilot. Foydalanuvchi istalgan sahifani ochishi va shu oynaning o‘zida chat-botdan ma’lumotni topishni, og‘zaki yoki yozma ko‘rinishda tayyorlab berishni so‘rashi mumkin. Insho rejimida istalgan matnni yozsa bo‘ladi — elektron xatdan tortib saytlar uchun maqolalar va ijtimoiy tarmoqlar uchun postlargacha!

Arc brauzerida esa ChatGPT va CTR+F orqali aqlli qidiruv ishga tushirilgan, endi ma’lumotlar tasodiy aniqlikda emas, balki mazmunan qidiriladi.

Sun’iy intellekt qidiruv mashinalarining rolini o‘zgartirib yuboryapti. Masalan, foydalanuvchilari sonini oshirish va ularning qidiruv rag‘batini qo‘llash maqsadida, Forbes nashri o‘zining generativ qidiruv platformasi — Adelaideni ishga tushirdi. Adelaide saytning so‘nggi 12 oydagi ma’lumotlariga o‘qitilgan, jonsiz qidiruv mashinasidan ko‘ra ko‘proq assistentni eslatadi. Platforma so‘rovlarga javobni inson nutqiga yaqin generatsiyalangan matn ko‘rinishida beradi. Shunday ekan, nafaqat ulkan qidiruv tizimlarining aqli oshadi, qolaversa, ichki qidiruv tizimlari ham yaqin orada gigantlar bilan raqobatga kirishsa hayron qolmaymiz.

2023-yil fevraliga qadar foydalanuvchilar qidiruv orqali nimalar qila olishgan:

  • Asosiy so‘rov bo‘yicha ma’lumotlarni qidirishgan va berilgan javoblarni tadqiq qilishgan.
  • Ta’lim bo‘yicha ma’lumotlar qidirishgan va javoblar (insholar, maqolalar, dasturlash) olish uchun forumlarda muloqotlashishgan.
  • Alohida saytlarda ularning ichki qidiruv mashinalari yordamida ma’lumotlar qidirishgan.

2023-yilning fevralidan keyin foydalanuvchilar nima qila olishmoqda:

  • O‘z savollarini o‘ta aniq generatsiyalab (tayyorlab), kerakli shakldagi javobni olishmoqda.
  • Dasturlash bo‘yicha savollarga lahzada javob olishyapti.
  • Bing qidiruv tizimi chat-boti orqali matnlar yozishyapti. U ba’zida ta’limiy masalalar bo‘yicha muloqot o‘rnini ham bosmoqda.
  • Vaziyatni ifodalovchi so‘rovlarni qidirishmoqda: masalan, film yoki kitoblardan ayrim parcha bo‘yicha.
  • Qidiruv tizimi taqdim etgan javob asosida umumlashtirilgan ma’lumotlarni va generatsiyalangan yagona javobni.

QIDIRUV TIZIMLARINI YAQIN BESH YILDA NIMALAR KUTYAPTI?

Hayotimizning raqamlashtirilishi va axborot iste’moli tobora oshib boryapti. Bozorni o‘zgartirayotgan va o‘nlab yillar trendini belgilab berayotgan global innovatsiyalar, masalan, Google qidiruv tizimi yoki to‘liq sensor ekranli Apple telefonlari (ayfonlar) paydo bo‘lishi — noyob hodisa. Yaqin bir necha yillarga tatigulik xuddi shunaqa innovatsiya tug‘ilib bo‘lgan — bu ChatGPT ko‘rinishidagi generativ model. Bu go‘yoki avval paydo bo‘lgan va keyinchalik muloqotlashish va yozish o‘rganilgan til misoli ixtiro. Texnologiyalar olamida keyingi besh yilda paydo bo‘ladigan narsalarning barchasi bevosita yuqoridagi generativ modellarning takomillashishi hosilasi bo‘ladi:

  1. Bir-ikki yildan so‘ng Google yoki Bing dialogli, sun’iy intellekt funksiyali yangicha qidiruv tizimlarini ishga tushirsa ehtimol. Ma’lumot bilan tanishish formati oddiylashadi: qidiruv tizimi hamma savollaringizga javob bera oluvchi assistentga aylanadi.
  2. Yangi texnologiyalar qidiruv bilan o‘zaro aloqalar mohiyatini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, Apple ko‘zoynagi — Vision Pro bilan hozir internetda qo‘lni ishlatmasa ham bo‘ladi, keladakda bu vosita biz uchun kerakli narsalarni do‘konlarning peshtaxtalaridan yoki real hayotdan izlab topib berishi kutilyapti.
  3. Internetdan desktop qurilmalar (kompyuterlar, noutbuklar)da foydalanish yaqin 7 yilda keskin qisqarib, smartfonlar odamlar internetdan foydalanadigan asosiy vositaga aylanadi. Qidiruv dinamikasi va multifunksionalligi oshadi. Masalan, Google grafik ma’lumotlarni real vaqtda matnli so‘rov bilan birgalikda qidirish imkonini beruvchi Google Lensni takomillashtirish ustida anchadan buyon ishlayapti.

KLASSIK QIDIRUV TIZIMLARI NEGA BUTUNLAY YO‘QOLMAYDI?

Yangi paydo bo‘lgan qidiruv konsepsiyasi noodatiy

Chat-bot ko‘rinishidagi qidiruv eski tizimdagiga nisbatan qulayligini odamlarga isbotlash imkonsiz. Buning zamirida insonga xos tabiiy konservatizm (ko‘nikma) yotibdi — ko‘plab siyosiy va axloqiy aspektlarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Javob sifati qoniqarli emas

Hozirda so‘rovga berilayotgan javob ko‘rinishidagi ma’lumotlarning aniqligi borasida muammolar bor. Biroq algoritmlarning kelgusi optimallashtirilishi hisobiga yaqin yillarda muammo hal bo‘lishi kutilmoqda. Bu chat-botlarning javoblari sifatini maksimal darajada oshiradi.

Tanlov imkoniyatidan mahrumlik

Aqlli qidiruv bir nechta manbalar asosida tayyor javobni beradi va insondagi vaziyatni nazorat qilish hissini o‘ziniki qilib oladi. Bu esa foydalanuvchiga har doim ham yoqmaydi.

Elektron tijorat

Kompaniyalar qidiruv tizimlari orqali o‘z tovarlarini sotish, yanada yuqorida ranjirovka qilinish uchun ko‘p pul tikmoqda. ChatGPT hamda yangilanib borayotgan Google va Bing konsepsiyasi qidiruv taqdim etadigan javoblar ko‘rsatilishini cheklaydi, bu esa biznes va monetizatsiya manfaatlariga zid. Muammoning yechimi — neyrotarmoq generatsiyalagan javob orqali tovarni sotuvchi modelni shaffoflashtirish.

Google 2023-yil iyunida generativ model orqali tovarlar sotish modelini sinovdan o‘tkazdi, biroq kuzga kelib ushbu usul orqali tovarlar paydo bo‘lishi kamaydi. Sabablari hozircha noma’lum.

Yangiliklar formati

Yangi qidiruv modeliga media vakillari qarshilik ko‘rsatishlari mumkin. Neyrotarmoq nashrlarning asl materiallariga asoslanib javobni shakllantirsayu, ularga havola ko‘rsatmasa, demakki, media saytlari trafigi o‘z-o‘zidan tushib ketadi.

Yechimini topmagan yana bir muammo: neyrotarmoq infografikani qay tarzda beradi. Uni muallifsiz ko‘rsatish ilojsiz. Bir paytlar internet telefon kitoblari (spravochniklari)ning boshiga yetgani kabi, vaqti kelib neyrotarmoqlar veb-qidiruvlarga nuqta qo‘yishi mumkin, biroq hozir emas.

TRENDDAN QOLMASLIK UChUN SEO-MUTAXASSISLAR VA KOMPANIYALAR NIMA QILISHI KERAK?

Qidiruv optimizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis qidiruv tizimiga dasturiy va shakliy darajada ta’sir ko‘rsata olmaydi. Qo‘polroq ifodalaganda, siz o‘zingiz qarshi kurashayotgan narsa oldida ojizsiz. Biroq saytlarni optimallashtirib, “raqib”ga qarshi o‘z quroli — generativ model texnologiyasini qo‘llasa bo‘ladi.

Generativ modellar botlarini bloklamaslik kerak

Ayni paytda Bing, Google qidiruv tizimlarining botlari va hatto ChatGPT saytlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanmoqda. ChatGPT oxirgi paytlarda matnni shakllantirish paytida foydalanilgan manbalarga havolalar ko‘rsatishni sinovdan o‘tkazyapti. Botlarni bloklamagan holda siz o‘z saytingizning so‘rovlarga javoblar ro‘yxatidan joy olishiga yo‘l ochasiz, bu esa sizga ko‘proq qidiruv trafigini beradi.

Neyrotarmoqlar yordamida tayyorlangan matnlarni ishlatishda hushyorlik lozim

Google aytadi: matnni neyrotarmoq yordamidami yoki o‘zingiz yaratingizmi, muhimmas, eng muhimi — matnning sifati. Neyrotarmoqlar matnlarni inson ishtirokisiz, muayyan algoritm bo‘yicha tayyorlaydi, promptlardan foydalanilgandagi sifat esa hozircha maqtagulik emas. Qidiruv tizimlari ushbu toifa kontentlarni aniqlay oladi, ammo birinchi o‘rinda turadigan narsa baribir — matn sifati.

Aniq kalit so‘zlarni qidirish

ChatGPTdan kalit so‘zlar  yo‘nalishlarini belgilab berishni so‘rang. Keyin esa Bert neyrotarmog‘i vositasida klasterizatsiyani amalga oshiring, oddiyroq aytganda, o‘zingizning kalit so‘zlaringizni ma’nodosh guruhlarga taqsimlang. Microsoft Edge Copilot yordamida esa ma’lum mavzudagi sahifada eng ko‘p uchraydigan kalit so‘zlarni ko‘rsa bo‘ladi.

Mazmun va faktlarni taqdim etish

Generativ model sizga havolani berishi va sizning kontentingizni sifatli deya baholashi uchun, ma’lumotlarni raqamlar bilan aniq bering. U faktlarga tayanadi. Balki u “suv qo‘shilgan” matn va sizning sifatli materialingiz asosidagi miksni taqdim etar, ammo aniq ma’lumotlar manbasi havola qilinishi ehtimoli katta.

Aralash taqdim etish

Generatsiyalangan matn bilan aralash  taqdim etishda, qidiruv tizimi foydalanuvchi tekshirib ko‘rishi uchun axborot manbasini ko‘rsatadi. Bu holatda asosiy rolni sarlavha o‘ynaydi, chunki axborot qayerdan olinishidan qat’i nazar, saytlar ro‘yxatlar ko‘rinishida aks etadi. Ushbu konsepsiyani generativ modelga qurilgan trendagi yangi qidiruv tizimi — Perplexityda uchratish mumkin.

Kommyuniti yoki assistent yaratish

Foydalanuvchilar qidiruv tizimlariga tobora kamroq murojaat qilishmoqda. Savollar berishni hamjamiyatlarga, jumladan, professionallarga ishonishmoqda. Xaridlar uchun — Amazon, tasvirlar uchun — Pinterest va hokazo. Ichki Adelaide qidiruviga ega Forbes ham bor, bularning hammasi kommyuniti kellajakda biznes-maslahatchiga aylanishi mumkinligiga ham ishora beradi.

QIDIRUV TIZIMLARI EVOLYUSIYASI DAVOM ETADI

Qidiruv tizimlari fayl nomini topuvchi oddiy internet qidiruvchidan sun’iy intellektli murakkab tizimlargacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. An’anaviy qidiruv tizimlari o‘lmaydi, balki evolyusion rivojlanishda davom etadi, foydalanuvchilarga ko‘proq ma’qul keluvchi qidiruv modellari ularning o‘rnini birma-bir egallab boradi.

ChatGPT — barcha qidiruv tizimlari raqobatdan chetga chiqib qolmaslik uchun nusxa olayotgan yangi texnologiya. Yaqin yillarda aksariyat qidiruv tizimlari qidiruv asssistentlariga aylanadi va foydalanuvchilar bilan muloqot asosida nafaqat internetda, balki real hayotda ham ma’lumot izlash bilan shug‘ullanadi.

Generativ modellar texnologiyasi endi-endi qad rostlayotgan bo‘lsa-da, uning optimallashishi uzoq jarayon emas. Yangi qidiruv modeli bilan birga faoliyatning yangi turlari (masalan, bir vaqtlardagi seo-mutaxassislar kabi) paydo bo‘lishi yoki ayrimlari o‘zgarishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring