O‘zbekistonda «Plug and Play» global innovatsion platformasi texnik markazi ochiladi

«Plug and Play» platformasi joriy yil yakuniga qadar Toshkentda o‘z ofisini ochishi haqida xabar berdi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park Uzbekistan hamda «AloqaVentures» bilan kechgan uchrashuvlardan so‘ng «Plug and Play» O‘zbekiston poytaxtida o‘z vakolatxonasini ishga tushirishi haqida rasman e’lon qildi. Dastur doirasidagi hamkorlikning dastlabki bosqichi moliyaviy texnologiyalar, sug‘urta va korporativ texnologiyalar hamda ta’lim yo‘nalishlarini qamrab oladi.
«Plug and Play Tech Center» asoschisi va bosh ijrochi direktori Said Amidi:
«Mintaqadagi eng yosh va jadal rivojlanayotgan ekotizimlardan biri sifatida «Plug and Play» O‘zbekistonning mahalliy korporativ ekotizimiga axborot texnologiyalari va innovatsiya sohasida eng yuqori xalqaro standartlarga erishishda yordam berishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, dastur dunyoning yetakchi strategik bozorlarida o‘ziga xos maydon taqdim etish orqali mahalliy iste’dodlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydi».
Ofis mahalliy korporatsiyalar va agentliklar uchun startaplar bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga, qolaversa, mintaqadagi startap ekotizimini jadallashtirishga xizmat qiladi. «Plug and Play» bilan hamkorlik, shuningdek, startaplarga xalqaro bozorga chiqishga yordam beradi, negaki ular butun dunyo bo‘ylab 40 dan ortiq vakolatxonalardan iborat global tarmoqqa qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov:
«Plug and Play» texnik markazining tashkil etilishi O‘zbekiston startap ekotizimlari uchun ulkan voqeadir. Bizning mahalliy startaplarimiz «Plug and Play» vakolatxonalari joylashgan 35 mamlakatda o‘z loyihalarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, bu o‘zbekistonlik startap tadbirkorlarga xalqaro bozorda sifat va raqobatbardoshlikni oshirishga ko‘mak beribgina qolmay bizning mamlakatimizdan ilk «yakkashox» yaratish yo‘lida jipslashtiradi va ekotizim hamkorlarimiz (venchur fondlari, biznes farishtalari (business angels) o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi».
2-may kuni IT Park direktori Farhod Ibragimov Germaniyaning Shtutgart shahridagi «Plug and Play» ofislaridan biriga tashrif buyurib, u yerda Plug and Play YeMEA hamrahbari Sina Amidi, kompaniyaning Germaniyadagi boshqaruvchi direktori Sasha Karimpur hamda Shtutgartdagi korporativ hamkorlik bo‘yicha menejer Feliks Lammers bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar yangi platforma ochish masalasini muhokama qilishdi. Tez orada rejalar tasdiqlanib, yakuniga yetkazildi va endilikda «Plug and Play» kompaniyasi Toshkentda rasman o‘z vakolatxonasini ochmoqda.
«Plug and Play» istiqbolli korporatsiyalar, davlat idoralari, universitetlar, shuningdek venchur kapitalistlari va startaplar bilan hamkorlik qilishga intiladi. «Plug and Play» ofisining ochilishi hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan O‘zbekistonning innovatsion strategiyasi dasturida muhim bosqich sanaladi, shuningdek, global platforma tarmog‘ida uning yana bir a’zosi paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.
«Plug and Play»
«Plug and Play» – startaplar, korporatsiyalar, venchur kapital firmalari, universitet va davlat idoralarini birlashtiruvchi yetakchi innovatsion platforma. «Plug and Play» kompaniyasi besh qit’ada 40 dan ortiq manzillarda faoliyat yuritadi, bosh ofisi esa Silikon vodiysida joylashgan. Korporativ innovatsion dasturlarni taklif qilgan holda korporativ hamkorlariga innovatsion yo‘nalishlarining har bir bosqichida, ta’limdan tortib to amalda tatbiq etishgacha ko‘mak ko‘rsatadi. Shuningdek, startap-akseleratorlarini ishga tushirish barobarida turli sohalarga innovatsiyalarni tatbiq etish maqsadida o‘z venchur fondini tashkil qilgan. Natijada Dropbox, Guardant Health, Honey, Lending Club, N26, PayPal va Rappi kabi yuzlab muvaffaqiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritishga erishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter