Toshkentda IT mutaxassislari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Bugun 6 may kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida JobFest 2022 festivali bo‘lib o‘tdi. Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistondagi va xorijdagi eng ilg‘or tashkilotlarni, shuningdek, IT yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan barcha oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilari va talabalarini bir joyga jamlash edi.
Tadbirda EPAM, AGMK, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbektelekom”, AKFA group, Huawei, Vivo, Express 24, Check Point Software Technologies, New Max Tech va O‘zbekiston pochtasi kabi qator tashkilotlar hamda mamlakatimizning yetakchi universitetlari vakillari ishtirok etdi.
JobFest 2022 bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi doirasida seminarlar ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, “Itransition” kompaniyasining bosh muhandisi Pavel Lebedev “Texnik suhbatdan qanday o‘tish kerak?” mavzusida seminar o‘tkazdi, EPAMning tizimlar bo‘yicha katta muhandisi Ruslan Salixov esa DevOps va uning ahamiyati haqida taqdimot qildi.
Bundan tashqari, Huawei kompaniyasining Wireless Network Design bo‘yicha muhandisi Xabibullin Javdat “Road to Mobile 2030” mavzusida, IT & Cloud mahsulotlar menejeri Javlon Nurmatov “Intellektual dunyo uchun ma’lumotlar infratuzilmasini yaratish” mavzusida va “World of Warships” loyihasining texnik guruh rahbari Mixail Popov “GameDevda ishlash” mavzusida nutq so‘zladi. Lesta kompaniyasining HR direktori Anna Posajennikova esa “Orzular haqiqatga aylanganda” mavzusidagi seminar mashg‘uloti bilan taqdimotlarga yakun yasadi.
So‘zga chiqqanlarning taqdimotlari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va ular ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish bilan birga foydali maslahatlar olishga ham muvaffaq bo‘ldilar.
Yarmarkada poytaxtimizdagi turli oliy o‘quv yurtlarining 600 dan ortiq talabalari hamda O‘zbekistonning 50 dan ziyod yirik kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter