Qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish nima beradi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning reyestrini tuzish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rgandi.
Qattiq sovuq tufayli joriy yil O‘zbekistonda bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxining sezilarli darajada oshishi bilan boshlandi. Yoqilg‘i-energetika kompleksi, logistika va mahsulotlarni tashish tizimida uzilishlar kuzatildi. Sovuq, ayniqsa piyoz narxiga kuchli ta’sir qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki hafta ichida sariq piyoz narxi uning sifatiga qarab 16,7% dan 66,7% gacha oshgan.
Iqlim o‘zgarishlari oqibati yildan-yilga kuchliroq sezilib, tabiatdagi anomal hodisalar tez-tez ro‘y bermoqda. Bularning barchasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ushbu mahsulotlar bozorini yanada beqaror qilmoqda.
Shuning uchun ayni damda sanoatdagi ishlab chiqarish va marketing zanjirining barcha darajalarida xavf-xatarlarni qanday kamaytirish va jahon bozori kon’yunkturasiga qarab, ishlab chiqarishni muvozanatlashtirish haqida o‘ylash zarur.
Masalani hal etishning choralaridan biri bu sohani raqamlashtirish bo‘lib, u hududlardan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga oid ishonchli statistik ma’lumotlarni to‘plash, shuningdek, turli toifadagi qiziquvchilarning manfaatini inobatga olgan holda, ulardan bemalol foydalanishni nazarda tutadi.
Elektron qishloq xo‘jaligi platformalarini yaratishda alohida mamlakatlar tajribasini ko‘rib chiqamiz.
Ozarbayjon. Elektron qishloq xo‘jaligi axborot tizimini (EKTIS) rivojlantirish 2015-yilda boshlangan. Tizim yer uchastkalarini identifikatsiya qilish, fermer xo‘jaliklari reyestri va subsidiyalar olish jarayonini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan 7 ta kichik moduldan iborat. Ozarbayjon bo‘ylab 500 mingga yaqin fermer EKTIS tizimida ro‘yxatga olingan.
Turkiya. Fermer xo‘jaliklarini hisobga olish bo‘yicha ma’lumotlar tizimi (Farm Accountancy Data Network (FADN)) birinchi marta Turkiyada 2007-yilda ishga tushirilgan. Birinchi bosqichda tizimga tajriba tariqasida tanlab olingan 9 ta provinsiyadagi 350 nafar fermer bilan hayotga tatbiq etildi. 2014-yilda FADN qamrab olgan provinsiyalar soni 54 taga ko‘paytirildi va faqat 2018-yilga kelib, Farm Accountancy Data Network barcha 81 ta provinsiyaga kengaytirildi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va ro‘yxatga olish tizimiga integratsiya qilindi.
Moldova. Respublikada bir qancha axborot tizimlari ishga tushirildi. Jumladan: Qishloq xo‘jaligining raqamli reyestri agrosanoat tarmog‘idagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyati to‘g‘risidagi tezkor ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash va ularga “yagona daricha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini, shu jumladan, onlayn tartibda ko‘rsatishni osonlashtirish; Jonivorlarning davlat reyestri; Qishloq xo‘jaligi va yig‘im-terim ishlari bo‘yicha tezkor ma’lumotlarni kuzatish va to‘plashda foydalaniluvchi AGROMAIA va hokazo.
Xulosa: Bunday platformalarni yaratish juda mashaqqatli va ma’lum bir moliyaviy mablag‘ni talab qiladi, ammo ularning ishlashidan olingan foyda barcha xarajatlarni qoplaydi. Ular mikroiqtisodiy ma’lumotlarning yagona ishonchli manbai bo‘lib, ma’lumotlar asosida qishloq xo‘jaligidagi asosiy tendensiyalarni tahlil qilish, agrotarmoq va oziq-ovqat siyosatiga doir turli choralarning ta’sirini baholash, sohadagi jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni hisoblash va agrar sektorning kelajakdagi rivojlanishini prognoz qilish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter