Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Inson miyasini chip orqali boshqarish mumkinmi?

Inson miyasini chip orqali boshqarish mumkinmi?

Inson tanasining 2 foizini tashkil etuvchi  hamda barcha tana a’zolarini boshqaruvchi organ — bu inson miyasidir.  Inson miyasi og‘irligi o‘rtacha 1300-1400 grammni tashkil etadi va taxminan 86 milliard neuron deb ataluvchi bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan tolalardan iborat. Miya tuzilishi haqidagi qolgan bilimlarimizni mustahkamlashni hurmatli biologlarimizga qoldiramiz va hozir miyalarni sun’iy boshqarish haqida gaplashamiz.

Inson tanasiga ilk implant tarixi yigirmanchi asrning ikkinchi yarmiga borib taqaladi, aniqrog‘i olimlar Andre Journo va Charlz Eyriyes 1957 yilda birinchi koxlear moslamasi—eshitish qurilmasini ixtiro qilishdi. Ushbu original ixtiro dizayni stimulyasiyani bitta kanal orqali tarqatar edi. Ya’ni, muhitdagi tovush kanallarini bitta kanalga yig‘ib, kuchaytirib berar edi. Keyinroq esa, 1961 yilda kashfiyotchi olimlar Uilyam Xaus, 1964 yilda Simmons va Robertlar ham koxlear implantni ixtiro qildilar. 1969 yil - birinchi ’koxlear implant—eshitish moslamasi inson tanasiga muvaffaqiyatli implantatsiya qilindi. Ushbu moslama tovushni kuchaytirib, neyron implantlarning imkoniyatlarini oshirib berdi. Bu esa o‘z navbatida elektron chip implantatsiyasi uchun dastlabki qadam bo‘ldi. 1997 yili  AQShda Parkinson kasalligini davolash uchun — “Deep Brain Stimulation” (Miyani chuqur stimulyasiya qilish)ga rasman ruxsat berildi.

Hozirga kelib esa bir necha yirik kompaniyalar "brain chip" implant (inson miyasiga chip implantatsiya qilish) bo‘yicha aql bovar qilmas texnologiyalar ustida ishlashmoqda. Ushbu sohaga eng yirik sarmoya kiritgan va hozirda ajoyib natijalarga erishgan kompaniyalardan biri bu "Neuralink"dir.

"Neuralink" bir nechta hayvonlar miyasiga chip implantatsiyasi amalga oshirgan va so‘nggi tajribalari ko‘zlangan maqsadga deyarli erishilganini ma’lum qilishdi. Pajer laqabli maymun miyasiga chip implantatsiya qilingandan so‘ng mustaqil ravishda video o‘yinlar o‘ynagan. Kompaniya asoschisi Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, chip implantatsiyasi Parkinson, Alsgeymer kabi miya faoliyati buzilishi bilan bog‘liq kasalliklarni davolashda o‘ta muhim. Bu borada allaqachon bir qancha muvaffaqiyatli tajribalar o‘tkazilgan.

"Neuralink"dan tashqari yana bir nechta kompaniyalar o‘xshash loyihalar ustida ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Jumladan "Neurable" kompaniyasi 2017 yilda dunyodagi birinchi miya orqali boshqariluvchi virtual reallikdagi o‘yinlari (“the world first brain-controlled virtual reality game”)ni ixtiro qildi. Bunda o‘yin ishtirokchilari kompyuter qarshisida maxsus minigarnitura (ElectroEncephaloGram — EEG headset) kiygan holda faqat o‘y-xayollari va fikr orqali hech qanday fizik harakatsiz monitordagi avtomobilni boshqarishlari mumkin bo‘lgan. Tasavvur qilish oson bo‘lishi uchun misol sifatida kompyuterda avtopoygani hech qanday harakatsiz faqat fikringiz bilan boshqarishni ko‘z oldingizga keltirishingiz mumkin.

"NextMind" kompaniyasi esa Artificial Intellegence algoritmlari yordamida ko‘z qarashingiz yo‘nalishida harakatlanish va soddaroq aytganda qarashlar orqali boshqarish loyihasi ustida ishlar olib bormoqda.

"BitBrain" ham miya bilan bog‘liq texnologiyalar bilan ishlovchi kompaniya. U nevrologiya, Artificial Intellegence va apparat vositalarini birlashtirib, yuqori texnologiyali "EEG" miya sensori qurilmalari va boshqa turlardagi inson monitoringi texnologiyalarini, shuningdek, real hayot ilovalari va tadqiqotlari uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiqaradi. "BitBrain" B2B neyrotexnologiya yechimlari uchun jahon ma’lumotnomasi sifatida tan olingan.

2010-yilda Ispaniyaning Saragosa universiteti tadqiqotchilari tomonidan ishga tushirilgan "BitBrain" ko‘plab zamonaviy qurilmalar va monitoring dasturlarini taklif etadi.

Yuqorida keltirilgan kompaniyalar va loyihalar ustida bugungi kunda ko‘plab olim va ixtirochilar izlanishlar olib bormoqdalar. Ushbu tadqiqotlar yaqin kelajakda insoniyat uchun keng ko‘lamli yangi imkoniyatlarga eshik ochishiga ishonamiz.

Asadulla Ashurov,

PhD

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring