Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Banklardagi elektron xizmatlar haqida mulohazalar (2-qism)

Banklardagi elektron xizmatlar haqida mulohazalar (2-qism)

Foto: Novostipmr.com

“Bank of America”ning debet kartasi

Mijozga “Bank of America”da hisob raqam ochish bilan birgalikda qulaylik taqdim etish uchun debet kartasi beriladi. Debet to‘lov kartasi magazinlarda mahsulot va tovarlar hamda turli xizmatlar uchun to‘lov terminallari yordamida to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, debet karta yordamida bank bo‘limlari va bank bankomatlari tarmog‘i orqali o‘z mablag‘larini naqdlashtirib olish mumkin.

  • Debet kartasining dizaynini mijoz keng assortiment ichidan tanlab olishi mumkin.
  • Ushbu kartalardan oylik ish haqini olishda ko‘p foydalaniladi.
  • To‘lov kartasi standart elektron mikrochip va ma’lumotni o‘qishga mo‘ljallangan magnit chizig‘i bilan himoyalangan.
  • Mijoz tomonidan kartadan foydalanishi haqida xabarnomalar mijozning mablag‘larini ishonchli himoyalaydi va zarurat bo‘lganda karta bloklanadi.

Omonat hisob raqamlari

“Bank of America”da omonat hisob raqamini ochish uchun 25 AQSh dollari miqdorida minimal to‘lovni amalga oshirish lozim. Bunda har oyda 5 AQSh dollari miqdorida xizmat haqi olinadi. Bank tomonidan xizmat haqi undirilmasligi uchun hisob raqamning har kunlik balansi kamida 300 AQSh dollarini tashkil etishi zarur. Ushbu hisob raqamdan tranzaksiyalar va to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha hisob raqam sifatida foydalansa ham bo‘ladi. Omonat hisob raqamidan, shuningdek, overdraftni rasmiylashtirilishda garov o‘rniga qabul qilish mumkin.

Pul bozorining omonat hisob raqamlari

Ushbu hisobni ochish uchun dastlabki minimal miqdor 25 AQSh dollarini tashkil etadi. Bank xizmat ko‘rsatishi uchun bir oyda 12 AQSh dollari miqdorida komissiya olinadi. Hisobning kunlik balansi 2500 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda saqlanib turilsa komissiya undirilmaydi. Pul bozorining omonat hisob raqami bo‘yicha standart foiz stavkasi 0,03% ni tashkil etadi. Qimmatbaho metallar bo‘yicha yillik foiz stavkalari quyidagicha:

  • Oltin – yillik 0,04%;
  • Platina – yillik 0,05%;
  • Platina (imtiyozli mijozlar uchun) – yillik 0,6%.

Mazkur hisob sug‘urtalangan hisoblanadi va undan overdraft taqdim qilish holatlarda kafolatlangan garov sifatida foydalansa bo‘ladi.

Muddatli omonatlar

Belgilangan muddatli omonat

Belgilangan muddatli omonatni ochish uchun minimal omonat miqdori 10000 AQSh dollarini takshil etadi. Mablag‘larni omonatga 12 oylik muddatga joylashtirishingiz mumkin. Shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida 0,7% belgilangan stavka amal qiladi. Muddatli hisobni to‘ldirib borish ko‘zda tutilmagan. Omonat muddati tugagandan so‘ng shartnoma yangilanishi mumkin.

Standart muddatli omonat
Standart muddatli omonatni ochish uchun minimal omonat miqdori 1000 AQSh dollarini takshil etadi. Ushbu omonat bo‘yicha shartnoma 28 kundan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilishi mumkin, bunda foiz stavkalar 0,03% dan 0,15% gacha bo‘lgan oraliqda tebranib turadi.

Xatarsiz muddatli omonat

Omonatning minimal miqdori 5000 AQSh dollari bo‘lib, yillik
0,01% ga 9 oy muddatga ochiladi.

Pensiya omonati

Ushbu hisobni ochish uchun bank 2000 AQSh dollari miqdoridagi minimal to‘lovni talab etadi. Yillik 0,07% stavka qo‘llaniladi va ushbu mahsulotdagi omonat muddati 12 oy etib belgilangan.

Kursi o‘zgaruvchi omonat (pensiya uchun)

Ushbu omonat minimal miqdori 100 AQSh dollari bo‘lib, 18 oydan 23 oygacha bo‘lgan muddatga joylashtiriladi va omonat muddati davomida hisobni to‘ldirish cheklanmagan. Omonat bo‘yicha foiz stavkasi 0,03% ni tashkil qiladi.

Muddatli omonatlarning barcha turlari xatarlardan sug‘urtalangan.

“Bank of America”ning kredit kartalari

“Bank of America” o‘z mijozlariga ularning ehtiyoji va maqomiga qarab turli kredit kartalarini taklif etadi. Kartalar foiz stavkalari, yillik to‘lovlar, bonuslar olish imkoniyatlari, chegirmalar yoki imtiyozlar taqdim etishi bilan farq qiladi. Mijozlarning ba’zilari bir nechta kredit kartalaridan foydalanadilar, chunki ularning har biri qo‘llaniladigan maxsus sohasida o‘z afzalliklariga ega.

Visa BankAmericardCash Rewards™ kredit kartasi

Ushbu karta «Mukofotli» deb nomlanadi, chunki unda tovarlarni xarid qilish vaqtida sarflangan mablag‘larni qaytarish afzalliklari mavjud. Bunda karta egasi har bir xarid uchun sarflangan mablag‘larining 1% ni qaytarib oladi, mahsulotlarni ulgurji va chakana sotuvchi do‘konlarda xarid qilsa 2% gacha, 3% gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirganda qaytariladi.

Qayd etib o‘tish lozimki, karta faollashtirilgandan so‘ng dastlabki
90 kun davomida uning egasi Internet-magazinlarda 500 AQSh dollaridan yuqori narxda xaridlar amalga oshirsa, u 100 AQSh dollari miqdorida mukofotlanadi. Visa Cash Rewards kartasi egalari uchun kredit bo‘yicha qarzlarni o‘z vaqtida to‘lab borganligi sababli bank tomonidan rag‘batlantirish sifatida qarzning 10 dan 25% gacha bo‘lgan miqdordagi pul mablag‘lari qaytariladi.

Visa BankAmericard Travel Rewards® kredit kartasi

Kredit kartalarining ushbu toifasi sayyohatlar davomida tovarlarni xarid qilishda yoki xizmatlarga haq to‘lashda har bir sarflangan dollarning 1,5 barobari miqdorida bonuslar yig‘ilishini ko‘zda tutadi. Xalqaro parvozlarni amalga oshiruvchi mijozlarga ushbu karta chiptalar, mehmonxonalar va restoranlarda ovqatlanish uchun to‘lov qilishda, ayniqsa, foydali bo‘ladi.

Karta egalari yillik a’zolik badalini to‘lamaydilar. Kartadan foydalanishning dastlabki 12 oyida, xaridlar amalga oshirilib borilganda yillik foiz stavka 0% miqdorida belgilanadi. Keyinchalik 15,24% dan 23,24% gacha bo‘lgan miqdorda o‘zgaruvchan yillik stavka o‘rnatiladi. Kartadan foydalanish davrining ilk 90 kuni davomida qiymati 1000 AQSh dollariga teng bo‘lgan sayyohlik yo‘nalishiga oid tovarlarni xarid qilganda, bank o‘z mijozini 20000 internet-bonus bilan rag‘batlantiradi. Buning natijasida ushbu yig‘ilgan bonus kredit bo‘yicha qarzning 200 AQSh dollari miqdoridagi qismini qoplash uchun ishlatilishi mumkin.

BankAmericard® kredit kartasi

Ushbu kredit karta “Bank of America”ning boshqa kredit kartalariga nisbatan eng past yillik foiz stavkasiga ega, u 11,24% dan 21,24% gachani tashkil qiladi. Dastlabki 18 oy davomida kartadan foydalanganlik uchun karta egasi yillik foiz stavkadan ozod qilinadi.

BankAmericard Better Balance Rewards®kredit karta

Better Balance Rewards kredit kartasida uning egalari uchun hisobni vijdonan yondashib, tartib bilan, ya’ni muddatidan o‘tkazib to‘lash kabi va boshqa qoidabuzarliklarsiz yuritgani uchun bank mukofotlari ko‘zda tutilgan.

Buning uchun karta egasini bank har chorakda 25 AQSh dollari bilan rag‘batlantiradi, tabiiyki, yil davomida mijoz 100 AQSh dollarini to‘plab olishi mumkin.

Online investitsiyalar

Bank xususiy tadbirkor va alohida shaxs bo‘lgan mijozlariga o‘zining sho‘’ba korxonasi bo‘lmish Merrill Edge onlayn brokeri xizmatlaridan foydalanishni taklif etadi. Merrill Edge Internet orqali Bank of Amerika ko‘magida investitsiyalarni o‘tkazish imkoniyatini jismoniy shaxslarga taklif etadi. Bank mijoz mablag‘larining xavfsizligini, hisob raqamlardan erkin foydalanish va tanlangan investitsiya mahsulotlaridan kelib chiqqan holda ishonchli moliyaviy mexanizmlarni kafolatlaydi. Merrill Edge timsolidagi birja brokeri investitsion yechimlarning quyida keltirilgan keng spektrini taklif etishi mumkin:

  • Pensiya investitsiya instrumentlari;
  • Iqtisodiyotning turli sektorlaridagi savdo kompaniyalarining aksiyalariga investitsion qo‘yilmalar;
  • Aktivlarni diversifikatsiya qilish va ehtimolli xatarlarni hisobini chiqarish maqsadida aksiyalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish va saqlash;
  • O‘zaro fondlar asosida diversifikatsiyalash maqsadida investitsiya portfelini shakllantirish;
  • Aksiyalar va omonatga qo‘yilgan mablag‘lar asosida belgilangan investitsiyalar.

Internet-bank

Har qanday mijoz Bank of Amerikaga mijoz bo‘lgan zahoti Internet-bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun bank saytida ro‘yxatdan o‘tish va o‘z shaxsiy ma’lumotlari hamda kirish kodlarini kiritish yetarli bo‘ladi. O‘z hisobiga kirish imkoniyati mavjudligi evaziga hisob raqam egasi o‘z balansini dunyoning istalgan nuqtasidan tekshirishi va to‘lovlar tarixini kuzatishi mumkin. Internet-bank orqali mijozlarning hisob raqamlariga bog‘liq bo‘lgan debet va kredit kartalarning hisob raqamlarini boshqarish ham mumkin. Osonlik bilan investitsion qo‘yilmalarni amalga oshirish va zarur bo‘lgan bank mahsulotlariga buyurtma berish mumkin. Shuningdek onlayn-rejimida doimiy to‘lovlarni o‘tkazish funksiyasini osonlik bilan joylashtirish yoki sarf-xarajatlarni nazorat qilish maqsadida zarur bo‘lgan cheklovlarni o‘rnatish mumkin. Bankning xavfsizlik tizimi mijozlar shaxsiy ma’lumotlari va moliyaviy aktivlarining himoyasini zarur darajada ta’minlaydi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan xorijiy tajribalardan kelib chiqib, respublikamiz banklari faoliyatini yanada rivojlanishga sabab bo‘ladigan takliflarni quyida taqdim etamiz.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha banklarning xizmatlarini qamrab oladigan yagona portalni ishga tushirish. Bu barcha yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, investorlar va iste’molchilar uchun dunyoning istalgan nuqtasidan bank ma’lumotlariga ega bo‘lish imkonini beradi. Jumladan, banklar, ularning faoliyati, ko‘rsatayotgan xizmatlari va imkoniyatlari haqida yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Shuningdek, banklararo raqobat kuchayishini, banklar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, banklar faoliyatida biometrik ma’lumotlardan foydalanish amaliyotini joriy qilish. Bu ham mijozlarni identifikatsiyalash, ham firibgarlikka qarshi kurashishda qulayliklar taqdim qiladi. Ushbu tizim yo‘lga qo‘yilgan bank mijozi pasport yoki boshqa qog‘oz ko‘rinishidagi hujjat taqdim qilish zarurati qolmaydi. O‘z shaxsini tasdiqlash uchun mijoz o‘z smartfonida yuzining biometriyasi yoki barmog‘ining izi yordamida xabarnoma ochishi zarur bo‘ladi. Shuningdek, mijoz yuzini va ovozini mobil ilova orqali tanib olish yordamida o‘z o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin. Shu bilan birga, qalbaki pasportlardan foydalanuvchilardan qo‘shimcha himoya vositasi bo‘lib ham xizmat qiladi.

Uchinchidan, mijozlarga kredit ajratish vaqtida ularning to‘lov qobiliyati haqida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida ular tomonidan to‘lanayotgan soliqlar, suv, gaz, elektr energiyasi va boshqa to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona bazasini yaratish zarur. Ushbu baza Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekenergo va boshqa mutasaddi tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarini birlashtiradi va mijozga kredit berish maqsadga muvofiqligini aniqlab beradi.

To‘rtinchidan, mijozlarning aktivlarini diversifikatsiya qilish va ehtimolli xatarlarni hisobini chiqarish maqsadida aksiyalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish va saqlash maqsadida Online investitsiyalar xizmatini joriy qilish.

Beshinchidan, O‘zbekiston banklarida ham xorijiy tajribadan kelib chiqib, sun’iy intellektdan foydalanish mijozlar uchun katta qulayliklar yaratadi, mablag‘larini samarali boshqarishda keng imkoniyatlar taqdim etadi.

Oltinchidan,mamlakatimizda ilg‘or xorijiy davlatlardagi kabi kriptovalyuta bankini ochish aholi, tadibrkorlar va investorlar uchun tengsiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, aholidan kriptovalyuta ko‘rinishida omonatlar qabul qilish, mijozlarga kreditlarni kriptovalyutada berish va investitsiyalarni kriptovalyutada olib kirish respublikamiz iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi.

Yettinchidan, xorijiy tajriba tahlili, nafaqat qog‘oz ko‘rinishidagi pullardan, balki bank plastik kartalaridan voz kechayotgan ilg‘or davlatlar teri ostiga chip joylashtirish amaliyotini qo‘llab kelayotganini qo‘rsatmoqda. Ushbu to‘lovlarni innovatsion amalga oshirish usulini ham o‘rganib chiqish va ma’qul kelsa joriy etish foydadan holi bo‘lmaydi.

Madina Abdurahmonova,  “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi mas’ul xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring