«Aytmadi demang...» – O‘zbek ayollari uyda o‘tirib ham ko‘p pul topa oladi! (VIDEO)
Bugungi kunda IT sohasi dunyo bo‘ylab shiddat bilan rivojlanib borar ekan, yurtimizda ham ushbu sohaga bo‘lgan e’tibor tobora ortib bormoqda. Albatta, ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan ayollar talaygina.
Yangi, «Aytmadi demang...» loyihamizga aynan IT sohasida faoliyat yuritib kelayotgan va bu yo‘nalishda birmuncha muvaffaqiyatga erishgan «ayti»chi ayollarimizni taklif qildik va IT sohasini tanlamoqchi bo‘lganlar uchun fundamental ma’lumotlarni berishga harakat qildik. Ekspertlar esa shaxsiy tajribalaridan kelib chiqib, ushbu sohadagi yutuq va kamchiliklar haqida fikr yuritishdi.
«IT sohasini bolalarga juda kichik yoshlardan o‘rgatsa bo‘ladi, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish uchun esa boshlang‘ich darsliklarga shaxmat fanini kiritish lozim. Negaki, aynan shaxmat keyinchalik ITda katta yordam berishi mumkin», – deydi ekspertlardan biri Munira Begmuratova.
«Men esa bog‘cha paytidan o‘rgansa bo‘ladi, deb hisoblayman. Farzandimning besh yoshligida Scratch nomli mobil ilova yozib berganman. O‘yin tarzidagi ilova farzandingizni qiziqtirish uchun va ayniqsa, ITga birinchi qadamni tashlashi uchun juda mos», – deydi Nilufar Mahmudova.
Hozirgi kunda ayollarning IT sohasidagi ulushi tobora ortib borayotganini ta’kidlagan holda, ekspertlarimiz mavjud muammolarga ham to‘xtalib o‘tishdi. Aksariyat holda bu – mahalliy IT kompaniyalarda ish beruvchining ayollarni ishga olishni xohlamasligidir. Bu holda asosiy e’tibor mutaxassisning bilim darajasiga emas, balki oilaviy sharoitiga e’tibor berilishi ta’kidlanmoqda.
«Statistikaga e’tibor beradigan bo‘lsak, IT sohasida o‘qiyotgan qizlarimiz soni 70/30 nisbatni tashkil etadi. Ya’ni, 70 foiz o‘g‘il bolalar, 30 foizi esa qizlar. Ammo o‘qishni tamomlab, ushbu sohada faoliyatini davom ettirgan qizlar soni esa unchalik ko‘p emas» – deydi, Durdona Baxronova.
Qonunchilikda ham bir qancha o‘zgarishlar kuzatilib, mutaxassislar uchun to‘laqonli ish sharoitini tashkil etish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. IT kompaniyalar bir qancha soliqlardan ozod qilindi va davlat tomonidan subsidiyalar ajratilmoqda. Qonunchilikka yana qanday qo‘shimchalar kiritsa bo‘ladi?
Bu loyihani boshlashdan avval xotin-qizlar o‘rtasida kichik bir so‘rovnoma o‘tkazgan edik, ma’lum bo‘ldiki, uy bekalari orasida ham IT sohasiga qiziqqan va uni o‘rganishni istaganlar talaygina, ammo ular bu sohani o‘rganish uchun ko‘p mablag‘ talab etiladi degan fikrda.
«ITni o‘rganish uchun bepul kurslar va dasturlar talaygina. Faqat ishtiyoq yetarli bo‘lishi va tilni bilishingiz kerak. Ulardan biri RS school (Roling scopus school) dasturi va EPAM kompaniyasi doimiy tashkil etadigan treninglar. Ular juda samarali va eng asosiysi mutlaqo bepul», – deydi Nilufar Mahmudova.
Bepul ta’lim bo‘yicha to‘liqroq ma’lumotni video orqali bilib olishingiz mumkin.
Kelgusi dasturlarimizda yana qanday muammoli vaziyatlarga yechim izlashimizni istaysiz? Ushbu videoko‘rsatuv ostida murojaatlaringiz, fikr va mulohazalaringizni kutib qolamiz! Yana Aytmadi demang..!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter