Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Atrof-muhitni aql bilan asraylik

Atrof-muhitni aql bilan asraylik

Foto: multiurok.ru

IT global chiqindi muammosiga yechim bo‘ladimi?

2050-yilga borib, global chiqindilar 4 milliard tonnaga yetishi kutilmoqda, bu 2016-yilga nisbatan ikki baravar ko‘payishini ko‘rsatadi. Bu raqamlarning tez ko‘tarilishi so‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida o‘sib borayotgan shahar aholisi va iste’molchilar talabining ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘rsatkichlarning hech biri tez orada pasaymaydi.

Xo‘sh, barcha sohalarda zamonaviy nou-xaular keng joriy etilayotgan bugungi kunda atrof-muhit va chiqindilarni yig‘ish xizmatlariga yuklanayotgan kuchlanishni kamaytirish, shuningdek, ularni yig‘ish va qayta ishlash jarayonidagi muammolarni hal qilishda aqlli texnologiyalardan foydalanish mumkinmi? Albatta mumkin va bu jarayon rivojlangan davlatlarda allaqachon boshlangan.

Chiqindilarni aqlli boshqarish nima?

Afsuski, Yer yuzida chiqindi muammosi tez orada yo‘qolmaydi va an’anaviy chiqindilarni boshqarish tizimlari o‘sib borayotgan aholi tomonidan ishlab chiqarilgan qo‘shimcha chiqindilar bilan kurashish uchun jihozlanmagan. Bu muammoni bartaraf etishning samarali choralaridan biri tizimda aqlli chiqindilarni boshqarish texnologiyalari qo‘llanilishidir. Chiqindilarni aqlli boshqarish deganda ushbu jarayonni yanada samarali, tejamkor va ekologik toza qilish texnologiyasidan foydalanadigan har qanday tizim tushuniladi. Mazkur tizimlarning aksariyati chiqindilarni yig‘ishni optimallashtirish va ayni vaqtdagi ma’lumotlarni to‘playdigan va kuzatadigan monitoring texnologiyasi, ya’ni internet tarmog‘i bilan jihozlangan bo‘ladi.

Chiqindilarni samarali va barqaror boshqarish tizimlarini yaratish yo‘lidagi birinchi qadam bu bizning hozirgi tizimlarimiz nima uchun ishlamayotganini o‘rganishdir. Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonida qo‘llanilayotgan turli innovatsiyalarni jahon tajribasida ko‘rishimiz mumkin.

Aqlli chiqindi qutilari

Insonlar har doim ham maishiy chiqindilarni tegishli qutilarga saralab tashlashga qunt qilavermaydi va bu chiqindilarni saralash xizmati xodimlari zimmasiga qo‘shimcha vazifa yuklaydi. Ushbu muammoni hal etish maqsadida Polshaning “Bin-e” kompaniyasi qayta ishlanadigan narsalarni avtomatik ravishda alohida bo‘linmalarga saralash uchun obyektni tanib olishda foydalanadigan sun’iy intellektga asoslangan aqlli chiqindi qutilarini ishlab chiqdi. Saralashdan so‘ng mashina chiqindilarni siqadi va har qutilar qanchalik to‘lganligini ham nazorat qiladi. Aqlli chiqindi qutilari inson xatosini dastlabki saralash jarayonidan chiqarib tashlaydi, bu esa qayta ishlash ob’yektlari uchun materialni qayta ishlashni tezlashtiradi va osonlashtiradi. Bu chiqindilarni boshqarish xarajatlarini 80 foizga kamaytirishi va xodimlar ish samaradorligini keskin oshirishi mumkin.

Urnalarga sensor o‘rnatish

O‘zlari uchun belgilangan vaqtda uylar, yo‘l yoqalari, ta’lim muassasalari, korxonalar va barcha jamoat joylaridagi urnalardan chiqindilarni yig‘ish xizmatlari o‘nlab yillar davomida mavjud, ammo ular har doim ham eng samarali variant emas. Bu jarayonda kuchlanishni minimallashtirishga yordam berish uchun kompaniyalar va jamoalar har qanday o‘lchamdagi chiqindi qutilariga chiqindilar darajasini avtomatik aniqlaydigan sensorlarni o‘rnatishlari mumkin. Ushbu qurilmalar to‘ldirish darajasidagi ma’lumotlarni to‘playdi va saqlaydi, bu yig‘ish xizmatlariga qutilarni qanchalik tez-tez bo‘shatish kerakligini taxmin qilish imkonini beradi. Bu, shuningdek, jamoat konteynerlarining to‘lib toshishi va atrof ifloslanishining oldini olishga yordam beradi.

Qayta ishlash robotlari

Qayta ishlash markazlari har yili chiqindixonalar va suv yo‘llaridagi chiqindi miqdorini kamaytirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Biroq, KOVID-19 pandemiyasi davrida ishchi kuchining kamayishi natijasida ko‘plab markazlar talabni qondirish uchun kurash olib bordi. Yaxshiyamki, qayta ishlashda sun’iy tafakkur tomonidan quvvatlanadigan robotlar inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan hududlarda ham ish olib borishda ko‘maklashdi. Ushbu robotlar qayta ishlanadigan materiallarni aniqlash va saralash, samaradorlikni oshirish va inson omiliga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish uchun mo‘ljallangan. Bu nafaqat qayta ishlash markazlari mablag‘ini tejaydi, balki chiqindixonalarga tushadigan zararli materiallarni ham sarashlashda yordam beradi.

Quyosh energiyasi bilan ishlaydigan chiqindi zichlagichlar

“Ecube” laboratoriyasi yig‘ish samaradorligini oshirish va chiqindilarni yig‘ish xarajatlarini kamaytirish maqsadida an’anaviy qutilarga qaraganda besh baravar ko‘proq chiqindi sig‘adigan va quyosh energiyasi bilan ishlaydigan chiqindi zichlagichini yaratdi. Ushbu mashinalar chiqindini yig‘ish hajmini oshirish uchun yig‘ilganda siqib chiqaradi, yig‘ish jarayonini soddalashtirishga yordam beradigan ma’lumotlarni to‘playdi va uzatadi.

“Recycling” ilovalari

Zaharlashi mumkin bo‘lgan va qayta ishlab bo‘lmaydigan chiqindilarni saralash qayta ishlash markazlari uchun eng katta muammolardan biri. Ushbu markazlarga kiradigan qayta ishlanmaydigan materiallarni cheklash maqsadida tashkilotlar jismoniy shaxslar uchun qayta ishlashni osonlashtiradigan qayta ishlash va “iRecycle” kabi dasturlarni ishlab chiqardi. Ushbu ilovalar foydalanuvchilarga qayta ishlash stavkalari va markazlarning joylashuvi haqida ma’lumot beradi va ularning to‘liq materiallar ro‘yxati foydalanuvchilarga qaysi narsalarni qayta ishlash mumkinligini aniqlashga yordam beradi.

Kelajak shaharlari chiqindi muammolari

Dunyo bo‘ylab shaharlar pulni tejash va ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga yordam beradigan chiqindilarni boshqarishning aqlli yechimlarini amalga oshirmoqda. Quyidagi aqlli shaharlar ushbu texnologiyalarning amaldagi yetakchi misollarini taqdim etadi.

San-Fransisko har yili chiqindilarning taxminan 80 foizini qayta ishlash bilan AQShda eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, shahar bunga qisman chiqindilarni yig‘ish bo‘yicha “Recology” kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. “Recology” o‘z inshootlarini yangilash uchun 20 million dollar sarmoya kiritdi va qayta ishlanadigan narsalarni tez va aniq saralash uchun robotlar parkini yaratdi. Ushbu robotlar bir qator vazifalarni, shu jumladan, ifloslantiruvchi moddalarni saralash, an’anaviy saralashlar tomonidan o‘tkazib yuborilgan qayta ishlanadigan materiallarni tiklash va optik saralashlarni amalga oshiradi. Bu nafaqat San-Fransisko materiallarining ko‘proq qayta ishlanishini ta’minlaydi, balki plastik to‘plarning sifati va sotilishini ham oshiradi.

Songdo shahridagi suv yo‘li

Janubiy Koreya birinchilardan bo‘lib yuk mashinasiz chiqindilarni boshqarish tizimini joriy qildi. Bunga chiqindini qayta ishlash korxonasiga olib boradigan bir qator yer osti pnevmatik chiqindi quvurlariga ulangan qutilarni o‘rnatish orqali erishildi. Bu yerda chiqindilar avtomatik ravishda saralanadi va energiya uchun qayta ishlanadi, ko‘miladi yoki yoqiladi. Songdo tizimi birinchi bo‘lib shahardagi har bir binoni yer osti quvurlari tizimiga ulash orqali yig‘ish yuk mashinalariga bo‘lgan ehtiyojni yo‘q qildi. Bu nafaqat uglerod chiqindilarini kamaytiribgina qolmay, balki shahar pullarini ham tejab qoldi. 2014-yilga kelib tizim faqat yetti ishchining ishlashini talab qildi.

Ushbu texnologiyalar global miqyosda amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, ular jamoalarning pullarini tejaydigan va chiqindilarning salbiy oqibatlaridan saqlaydigan kelajak uchun poydevor yaratmoqda. Ushbu xorij tajribasini mamlakatimizga ham olib kelish orqali chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonida bir necha barobar samaraliroq natijalarga erishish mumkin. Bu esa chiqindilarni qayta ishlash tizimiga investitsiyalar kiritilishi zarurligini ko‘rsatadi.

Avvalo, atrof-muhitni va shaharlarni chiqindilarsiz bo‘lishi uchun har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Nima deb o‘ylaysiz, xonadoningizdan kunlik chiqadigan chiqindilarni saralab tashlash qancha vaqtingizni oladi? Qachonki, ekologiyani toza saqlash har birimizning majburiyatimiz ekanini anglab yetmas ekanmiz, chiqindilarning salbiy oqibatlaridan o‘zimiz va kelajak avlodlarimiz zarar ko‘radi, xolos.

Mashhura RAHMONOVA,

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 4-bosqich talabasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring