Yangi ijtimoiy shartnoma va raqamli taraqqiyot: Toshkentda xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Poytaxtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yangi ijtimoiy shartnoma: Yevropa va Markaziy Osiyo kasaba uyushmalari nigohida” mavzusida Xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Anjuman yalpi majlisini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Mazkur tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, turli mamlakatlardan kelgan ekspertlar, kasaba uyushmalari rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida ijtimoiy adolatni ta’minlash, mehnat bozorida barqarorlikni saqlash va xodimlar huquqlarini himoya qilish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, texnologik taraqqiyot va raqamli transformatsiya sharoitida yangi ijtimoiy shartnomalar qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Shu bilan birga, “Texnologik o‘zgarishlarning ta’siri” mavzusida panel munozara tashkil etildi. Panelda Sherzod Shermatov “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ahamiyati va uni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida ma’lumot berdi. Vazir raqamli transformatsiyaning iqtisodiyotga ta’siri va yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali mamlakat rivojlanishiga qanday yordam berishi haqida so‘zladi.
Bu tadbir texnologiyalar va ijtimoiy shartnomalarning jamiyatdagi o‘rni haqida muhim fikrlar bildirishga yordam beradi va mamlakatning raqamli va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladigan yangi tashabbuslar joriy etishga zamin yaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter