Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Turkiya IT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda

O‘zbekiston va Turkiya IT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Turkiyaning Istanbul shahriga xizmat safarini amalga oshirmoqda. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasida IT sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qilishni ko‘zda tutadi.

Delegatsiya safar davomida Turkiyaning yirik kompaniyalaridan biri – “Al Bayrak Group” boshqaruv a’zosi Mesut Albayrak bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda kompaniyaning texnik direktori Erdal Nalbant tomonidan taqdimot o‘tkazilib, “Al Bayrak Group” faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT sohasi uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.

Ma’lumot uchun, “Al Bayrak Group” 1952-yilda Turkiyada tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 80 dan ortiq kompaniyaga ega va ko‘chmas mulk, logistika, ommaviy axborot vositalari, sanoat va turizm kabi 20 dan ortiq sohalarda faoliyat olib boradi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning IT Park faoliyati haqida taqdimot o‘tkazilib, “Zero Risk” dasturi taqdim etildi. Shuningdek, Sh. Shermatov O‘zbekistonda IT mutaxassislarining xorijiy tillarni, jumladan, turk va ingliz tillarini yaxshi bilishi va ularning salohiyati haqida alohida ta’kidlab o‘tdi. Muzokaralar natijasida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Al Bayrak Group” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, “Al Bayrak Group” O‘zbekistonda o‘z ishlab chiqarish ofisini ochish va yangi IT-yechimlarni ishlab chiqish uchun mahalliy IT mutaxassislarni yollashni rejalashtirmoqda.

Delegatsiya, shuningdek, Turkiyaning “Teknopalas” va “AsirDX” kabi IT kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashdi. Mazkur kompaniyalarga IT Park faoliyati, dasturlari va imtiyozlari haqida ma’lumot berildi.

“Teknopalas” kompaniyasi 2005-yildan buyon RFID va IoT texnologiyalari sohasida yuqori texnologiyali yechimlar ishlab chiqarib kelmoqda. Uchrashuvda kompaniya vakillari O‘zbekistonda ofis ochish va IT Park rezidenti maqomini olish uchun ariza topshirish rejalari borligini ma’lum qildi.

“AsirDX” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokarada axborot texnologiyalarining jahon iqtisodiyotiga ta’siri, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida texnologik yechimlar eksportini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida kompaniyaning O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini tashkil etish va Osiyo mamlakatlariga eksport hajmini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring