“MWC Barcelona-2025” kongressida Toshkent shahrida “GSMA M360 Eurasia” mintaqaviy tadbiri o‘tkazilishi e’lon qilindi

Ayni kunlarda Ispaniyaning Barselona shahrida “MWC Barcelona-2025” Jahon mobil kongressi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligidan iborat delegatsiya vakillari ham ishtirok etmoqda.
Jahon mobil kongressi – dunyodagi eng yirik AKT sohasidagi, shu jumladan, mobil sanoatidagi ko‘rgazma va kongresslaridan biri bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab mobil aloqa operatorlari, yirik IT-kompaniyalarni va aloqa ma’muriyatlarini birlashtiradi.
Kongress doirasida yetakchi mutaxassislar va bozor ekspertlari AKT sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qiladilar hamda so‘nggi texnologik yutuqlar taqdimotlarini o‘tkazadilar.
Kongress ishtirokchilari orasida yetakchi xalqaro IT-kompaniyalar – texnologik asbob-uskunalar va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari, telekommunikatsiya va mobil aloqa operatorlari, milliy IT-bozorlari vakillari bor.
Mazkur tadbir doirasida dunyo mamlakatlari AKT Vazirlarining dasturi – “Global texnologiyalarni boshqarish” sessiyasi o‘tkazildi.
AKT Vazirlarining dasturi vazirliklar, tartibga solish organlari, xalqaro tashkilotlar va texnologiya kompaniyalari rahbarlarini bir yerda jamlab, yuqori darajali menejerlar o‘rtasida bevosita muloqotni tashkil etish, tajriba almashish va raqamli texnologiyalari sanoatini tartibga solish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mazkur tadbirda Vazir Sh.Shermatov ishtirok etdi hamda joriy yilning 21-22-may kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “GSMA M360 Eurasia 2025” mintaqaviy tadbiri o‘tkazilishini e’lon qilib, barcha xorijiy tashkilotlarni hamda yetakchi IT-kompaniyalarni ushbu tadbirda ishtirok etish va O‘zbekistonning IT salohiyatidan bahramand bo‘lishga chorladi.
Ma’lumot uchun: “MWC Barcelona-2025” tadbiri doirasidagi sessiyalarida AKT sohasidagi so‘ngi texnologiyalar namoyish etilib, yangi mobil aloqa texnologiyalarini ishlab chiqish, mobil aloqaning kelgusidagi strategiyasi, yangi GSM mobil aloqa standartini shakllantirish, 5G/LTE tarmoqlarini joylashtirish va qurish, internet, aloqa va ma’lumotlar xavfsizligi, sun’iy intellekt, aqlli shaharlar, mobil tijorat, mobil ilovalarni ishlab chiqish, ochiq mobil aloqa tizimlarini joriy etish, mobil aloqa xizmatlari va boshqalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Forum doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasining bir qator xorijiy IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi va konferensiyalarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter