MDH Davlatlararo kosmik kengashining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
“ICT WEEK UZBEKISTAN – 2024” haftaligi doirasidagi nufuzli tadbirlar qatorida 19-sentyabr kuni Kosmik tadqiqotlar va texonolagiyalar agentligi “O‘zbekkosmos” tashabbusi bilan MDH Davlatlararo kosmik kengashining beshinchi yig‘ilishi ham tashkil etildi.
Unda Rossiya Federatsiyasining “Roskosmos” Davlat korporatsiyasi vakillari, Belarus va Tojikiston Respublikalarining milliy fanlar akademiyasi Ayerokosmik faoliyati ekspertlari, Qozog‘iston Respublikasining Ayerokosmik qo‘mitasi rahbariyati va Armaniston Respublikasining kosmik sohadagi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masalalar bu MDHning 2030-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, kosmik mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etish, ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo hamkorlik dasturlarini bajarish, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi dolzarb muammolarni hal qilish uchun yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha axborot almashish, shuningdek, bu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va boshqalardir.
Spikerlar MDH Davlatlarining kosmik yo‘nalishdagi faolligini yanada oshirish, birgalikda izlanish va tadqiqotlar olib borish, “Raqamli yer” dasturi asosida xizmatlarni ishlab chiqish, 2030-yilgacha kosmik mahsulotlar va xizmatlardan foydalanish bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish, yerni masofadan turib zondlash borasidagi faoliyatni standartlashtirish, MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida “Glonass” tizimi signallaridan foydalangan holda yer usti infratuzilmalarini integratsiyalash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish kabi ko‘plab loyihalar bo‘yicha taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.
Qo‘shimcha qilish kerak, MDH Davlatlararo kosmik kengashi fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish bo‘yicha davlatlararo dasturlarni shakllantirish hamda amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
U o‘z faoliyati doirasida sohadagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, davlatlararo dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlash, ekspert-mutaxassislar darajasida xalqaro hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish kabi funksiya va vazifalarni bajaradi.
Bugungi kunda Kengashga Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi a’zodir.
Ta’kidlash lozim, o‘tgan yilgi MDH Davlatlararo kosmik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishiga Tojikiston Respublikasi Raislik qilgan edi. Uchrashuv 2023-yilning 21–22-sentyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan. Bu yilgi yig‘ilish Raisligi esa tomonlar roziligi bilan rasman O‘zbekistonga topshirildi. Bu safargi uchrashuvda ham kosmik soha vakillari belgilangan vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi strategik rejalar xususida muhokama olib borishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter