ITU sobiq bosh kotibi bilan O‘zbekistonning mavjud IT salohiyatidan foydalanib, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xalqaro elektr aloqa ittifoqining (ITU) sobiq bosh kotibi Hamadoun Ture bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida sobiq bosh kotib Hamadoun Ture O‘zbekistonning so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar sohasida erishgan yutuqlarini alohida ta’kidladi va mamlakatning global miqyosda ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, sobiq kotib O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni tarixiy burilish sifatida ta’riflab, mamlakatning raqamli transformatsiyadagi muvaffaqiyatlarini samarali boshqaruv natijasi ekanini bildirdi.
Shuningdek, u O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlarda, xususan, ITU doirasida faoliyatini kengaytirish yo‘lida erishgan yutuqlari, shu jumladan, ITUning so‘nggi yig‘ilishlarida 11 o‘zbekistonlik vakilning yuqori lavozimlarga tayinlanganini e’tirof etdi.
Uchrashuvda telekommunikatsiya sohasida hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. O‘zbekistonningtelekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, raqobatbardosh xizmatlarni taqdim etish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida ITU bilan o‘zaro tajriba almashishning ahamiyati muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellekt (AI) xavfsizligini tartibga solish masalalari ham muhokama qilindi.
AIning kuchi va imkoniyatlari bilan birga, undan noto‘g‘ri maqsadlarda foydalanishning oldini olish muhimligi qayd etildi. Shu sababdan, AIni tartibga solish global miqyosdagi muhim masalalardan biri ekani qo‘shimcha qilindi.
O‘z navbatida, vazir Sherzod Shermatov ITU bilan hamkorlikning O‘zbekiston uchun ahamiyatini ta’kidlab, raqamli texnologiyalar va axborot-kommunikatsiya sohalarini rivojlantirishda xalqaro tajribalarni joriy qilish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, ITU orqali O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasidagi tajribasini boshqalar bilan baham ko‘rish va mamlakatning IT salohiyatini oshirishda hamkorlikni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, ITU doirasida O‘zbekistonning mavjud salohiyatidan foydalanib, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflarga e’tibor qaratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter