Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyaning milliarder kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishga tayyor

Yaponiyaning milliarder kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishga tayyor

Foto: IT Park

16–22-iyul kunlari IT Park delegatsiyasi Yaponiyaga amaliy tashrif buyurib, xizmat safarini muvaffaqiyatli yakunladi. Safarning asosiy maqsadi O‘zbekistonning IT salohiyatini taqdim etish va yapon tadbirkorlarini IT Park tomonidan taqdim etilayotgan misli ko‘rilmagan dasturlar va imtiyozlar orqali mamlakatda biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishtirishdan iborat edi.

Safar doirasida O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yaponiyaning yetakchi IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish va IT-autsorsing sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolari Yaponiyaning yirik kompaniyalari va tashkilotlari, xususan, SRA.Inc, Kompyuterlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik markazi (Center of the International Cooperation for Computerization (CICC), Astraea Software Co. Ltd, Cal Co. Ltd, Phoenix7.Inc kabi kompaniyalar, shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvlarning asosiy maqsadi Yaponiya kompaniyalarini bosh ofislariga xizmat ko‘rsatish uchun  O‘zbekistonda filiallar va vakolatxonalarni ochishga jalb qilish edi.

Muzokaralar davomida IT-eksport sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, IT-ta’lim va startap ekotizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Yaponiya yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga alohida e’tibor qaratildi. Yaponiya kompaniyalarining bir nechta vakillari, jumladan, CAL CO. LTD va Software Research Associates Inc ofis va filiallarni ochish maqsadida yaqin kelajakda O‘zbekistonga kelish istagini bildirdi. Bunday kompaniyalardan biri Densan Corp bo‘lib, allaqachon xalqaro ofislar, jumladan, Myanmadagi ofis bilan ishlash bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. Korxona rahbari oktyabr oyida O‘zbekistonda filial ochish uchun Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Eslatib o‘tamiz, yuqorida aytib o‘tilgan uchta kompaniyaning umumiy kapitali 1,5 milliard dollarni tashkil qiladi.

Autsorsing sifatida dasturiy mahsulotlar va o‘yinlarni yaratish uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yaponiya kompaniyalari iqtidorli o‘zbekistonlik IT mutaxassislari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

E’tiborli jihati shundaki, ayni vaqtda Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) bilan mamlakatlar o‘rtasida mahalliy mutaxassislar uchun yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beruvchi IT-xizmatlar sohasida eksport salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘zaro hamkorlik memorandumini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, IT Park delegatsiyasi  ProximaOps, StartSoft, Innovate Tech Zone va IT-Bilim kabi rezident-kompaniyalar bilan birgalikda “Japan IT-Week” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib,  ushbu rezidentlar tomonidan ishlab chiqilgan IT-mutaxassislarini o‘qitish bo‘yicha dasturiy yechimlar, mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etib, O‘zbekistonning IT salohiyati va imkoniyatlarini namoyish etdilar.

Ko‘rgazma davomida ishlab chiqilgan yoki ishlab chiqilayotgan turli xil yangi dasturlar namoyish etildi. Eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni O‘zbekiston hududlariga jalb qilish uchun mo‘ljallangan Zero Risk dasturi tashrif buyuruvchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov ushbu dastur haqida batafsil ma’lumot berdi va bu mamlakat hududlarida o‘z ofislarini ochayotgan kompaniyalar uchun qanchalik foydali bo‘lishi haqida misollar keltirdi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududlarida o‘z ofislarini ochayotgan kompaniyalar IT Park tomonidan katta yordam oladi. Qo‘llab-quvvatlashga HR xizmati va ushbu kompaniyalar xodimlari ish haqining 15 foizigacha qismini IT Park tomonidan to‘lanishi kiradi. Bundan tashqari, IT Park ijara haqini qoplaydi va kompaniya uchun zarur jihozlarni sotib olishda yordam beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring