Xalqaro investitsiya forumi doirasida “IT Park Uzbekistan: rivojlanishning yangi istiqbollari” mavzusida sessiya tashkil etildi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchinchi Xalqaro investitsiya forumi doirasida “IT Park Uzbekistan: rivojlanishning yangi istiqbollari” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Shuningdek, xorijiy davlatlar yetakchilari, chet el hamda yurtimiz kompaniyalari vakillari, spikerlar qatnashdi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi, bu esa axborot xizmatlari va mahsulotlari eksportini oshirish, mamlakat iqtisodiy istiqbollarini yaxshilash, axborot texnologiyalari sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi.
Bugungi kunda IT-Park rezidentlari soni 1954 ta kompaniya bo‘lib, shundan 666 tasi eksportga yo‘naltirilgan korxonalardir. 2023-yil yakuni bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti hajmi 344 million AQSh dollarini tashkil etdi. Ish o‘rinlari soni esa 13073 taga yetdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muvofiq, mamlakatimizni mintaqaviy IT-xabga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2030- yilgacha raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2030-yilga borib elektron hukumat xalqaro reytingida mamlakatni TOP 30 talikka olib chiqish, IT sohasida 300 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassis tayyorlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
“Biz O‘zbekistonda IT sohasida yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga harakat qilmoqdamiz. Shu bilan bir qatorda, IT kompaniyalar uchun qulay sharoit yaratmoqdamiz. Agar siz kompaniyangizni O‘zbekistonga olib keladigan bo‘lsangiz, siz soliqlardan ozod qilinasiz. Shuningdek, sizning ishchilaringiz ham kam miqdorda soliq to‘laydi. Yana bir muhim jihati – bizda o‘sib kelayotgan talantli yoshlar ko‘p. Ular ham chet tillarini ham IT sohasini o‘rgangan holda ulg‘ayishmoqda. Bu esa sizning kompaniyangiz uchun qulaylik yaratishi shubhasiz”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘z nutqida.
Vazir o‘z nutqi davomida “Zero Risk” dasturi haqida ham to‘xtalib o‘tib, uning qulayliklari, chet el kompaniyalari o‘z autsorsing ofisini O‘zbekistonga olib keladigan bo‘lsa, ular uchun taqdim etiladigan imkoniyatlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter