Sud ishlarini qog‘oz shaklida yuritishdan voz kechiladi

Davlatimiz rahbari tomonidan 27-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirilgan fikrlar, qo‘yilgan vazifalarning bari xalqimiz manfaatlariga qaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jumladan, sud binolarida aholi uchun zarur sharoit yaratish, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida "Raqamli sud" konsepsiyasining amalga oshirilishi xalqimiz ko‘nglidan joy olishiga shubha yo‘q.
Sudlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish uchun ulkan qadam qo‘yilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda sud ishlarini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish va qulayliklarni oshirish bo‘yicha muhim tashabbuslar belgilandi.
Endi sud muhokamasining taxminiy natijasini oldindan bilish va hatto jarimalarni ham onlayn tarzda kuzatish mumkin.
Shuningdek, «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida barcha hujjatlar elektron shaklga o‘tkaziladi, sud ishlari sun’iy intellekt yordamida tezkorlik bilan taqsimlanadi.
Bu tizim fuqarolar va tadbirkorlar uchun adolatni ta’minlashda qulay imkoniyat yaratadi.
Shu maqsadda Oliy sud huzurida "Axborot texnologiyalari markazi" tashkil etiladi. Ushbu markaz sudlarga zarur axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni yaratish, sun’iy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Ushbu markazning tashkil etilishi sudlar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish, huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini sudlar bilan samarali bog‘lashga xizmat qiladi.
Prezident sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasini ta’minlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, masofaviy huquqiy yordam, jarimalarni onlayn kuzatish va to‘lash imkoniyatlari fuqarolar uchun katta qulaylik yaratadi, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qolaversa, sud tizimining raqamlashtirilishi barcha tashkilotlar va fuqarolar o‘rtasida samarali ma’lumot almashishni ta’minlaydi.
Tadbirkorlik, investitsiya va infratuzilma kabi sohalarda ham qonunlar va tartibotlar yanada osonlashtiriladi. Bu esa iqtisodiyotni rivojlantirishga va aholi turmush darajasini yaxshilashga yordam beradi.
Tadbirkorlar va sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi islohotlarning bari sudlarni xalqchil, tezkor va shaffof qilishga qaratilgan.
So‘nggi yillarda sudlar ish faoliyatining raqamlashtirilishi xalqimizning bu tizimga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi.
Sud muhokamalarida videokonferensaloqadan foydalanish orqali fuqarolarning 31 mlrd, sud va ichki ishlar organlarining esa 130 mlrd. so‘m mablag‘lari tejalgan.
Shu o‘rinda 3000 dan ortiq kiber hujumlarning oldi olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda sudga ariza berish, sud ishining holatini kuzatish, sud hujjatlaridan elektron nusxa olish kabi 14 ta xizmat raqamlashgan.
Natijada, shu vaqtgacha 17 millionga yaqin sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilib, 15,5 millionta ish sudyalarga inson omilisiz taqsimlangan.
Bu degani, shuncha odam tanish bilishsiz va pulsiz qonun doirasida o‘z huquqlarini sudda himoya qila olgan.
Xullas, sudlarning raqamlashtirilishi nafaqat faoliyatning samaradorligini oshirish, balki aholiga ko‘proq shaffof va aniq xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Bu hali hammasi emas, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun virtual maslahatchi ham yaratiladi.
Bugungi globallashuv davrida sudlar faoliyatiga sun’iy intellektni joriy qilish orqali ko‘plab yangiliklar qilish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytganda, bunday yangiliklarning joriy qilinishi milliy sud tizimimizni zamonaviy standartlarga moslashtirish, aniq vaqt rejimida ishlarni samarali ko‘rib hal etish, eng muhimi, inson huquqlari ta’minlanadigan, tom ma’nodagi, adolat uyiga aylanishiga zamin yaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter