Soxta makler qo‘lga olindi

Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 35 yoshli A.I.ning bank kartasidan 1.100.000 so‘m noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirildi.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanida yashovchi 22 yoshli M.D. sodir etganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.D. internet foydalanuvchilariga "Telegram" messenjeri orqali, ijaraga xonadon topib berishini va’da qilgan. Oldindan boshlang‘ich to‘lov sifatida ularning pullarini o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olib, so‘ng yozishmalarni o‘chirib yuboradigan odati bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.D.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter